Tabuk g‘azoti kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat olishga chiqdilar. Rasulimiz tahorat olayotgan paytlarida namoz vaqti kirib qoldi. Shunda, sahobiylar namozga qoim bo‘ldilar, ularga Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu imomlikka o‘tdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat olib bo‘lib, kelib qarasalar namoz boshlangan, shunda jamoatga qo‘shilib bir rakaatga ulgurdilar va qolganini o‘zlari o‘qib oldilar. O‘qib bo‘lgach: nabiy vafot etmasdan turib, solih ummatlaridan birining ortida namoz o‘qidi, dedilar.
Ey, Abdurahmon ibn Avf naqadar baxtli sahobasiz-a?! Siz, nafaqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan namoz o‘qidingiz balki Rasululloh alayhissalom ham sizning ortingizdan namoz o‘qidilar va sizni solih ummatim deb atadilar.
Alloh taolo Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rozi bo‘lsin!
“Sifatus Sofva” kitobidan
Yahyo ABDURAHMANOV
tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Namangan viloyati bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Abdulloh domla Samatov Pop tumanidagi «Yakka tut» hamda Mingbuloq tumanidagi «Gulbog‘» jome masjidlarida bo‘ldi.
Tashrif davomida bosh imom-xatib mazkur masjidlarda namozxonlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qayta qurilayotgan tahoratxonalar holati bilan yaqindan tanishdi.
Qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirilib, barpo etilayotgan zamonaviy tahoratxonalarning sifatli, milliy me’morchilik an’analari va barcha sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan tarzda amalga oshirilishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ushbu xayrli ishlarda fidoyilik ko‘rsatayotgan quruvchilar va hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz haqqiga duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati