Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446

Ziyorat odoblariga rioya qilaylik

27.03.2018   7250   4 min.
Ziyorat odoblariga rioya qilaylik

Islom dinida dastlab qabrlarni ziyorat qilish man qilingan edi. Negaki, johiliyat davrida arablar musibat yetganida Allohning taqdiridan norozi bo‘lib g‘azablanishar, qabr tepasiga borib ohu-voh qilishardi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarini fitnadan saqlash uchun qabr ziyoratidan qaytargan edilar. Keyinchalik sahobalarning qalblariga iymon chuqur o‘rnashib, e’tiqodlari mustahkam bo‘lgach, ularga qabrlarni ziyorat qilishga ruxsat berdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Endi ularni ziyorat qilinglar”, — dedilar.

Qabrlarni ziyorat qilish odamlarni yomonliklardan uzoq bo‘lishga, diyonatli bo‘lishga, o‘zini isloh qilishga, qilayotgan amallari to‘g‘risida bir kun kelib yaratganning oldida javob berishi haqida o‘ylashga undaydi. Rivoyat qilinishicha Umar roziyallohu anhuning uzuklariga ham “O‘lim va’z nasihat olishga kifoya qiladi, ey Umar”, deb yozilgan ekan.

Har bir ishning o‘ziga xos tartib-qoidalari, odobi bo‘lgani kabi qabr ziyoratida ham o‘ziga xos tartib-qoidalari, odobi mavjud:

  1. Avvalo ziyorat uchun ruhan va jismonan poklanish lozim (imkoni boricha qabristonga tahorat bilan kirish yaxshi). Barcha ishlardagi kabi qabr ziyoratida ham birinchi navbatda inson niyatni to‘g‘ri qilishi kerak. Ziyoratdan faqat Allohni roziligi, ibrat olish va qabrdagi kishining haqiga duo qilishni maqsad qilmoq lozim.
  2. Qabr ziyoratiga kelganda qabr ahliga salom beriladi.
    Qabristonga kirilganda avval: “Assalomu alaykum ya ahlal qubur”, ya’ni: “Sizga salom bo‘lsin ey qabriston ahli”, deb salom beriladi.
  3. Ziyoratga kelgan kishilar dinimizga xos kiyimlarda bo‘lishi lozim. Erkakmi ayolmi avratlarini berkitib ziyorat qilishlari lozim. Ma’lumki, bugungi kunda yoshlarimizning aksariyati dinimizga, milliyligimizga mos kelmaydigan kiyimlarda ziyoratlarga borishmoqda.
  4. Qabriston hududida baland ovozda gaplashish, shovqin solish, hazil mutoyiba va nomaqbul ishlar qilish mumkin emas.
  5. Ziyorat jarayonida qabrda yotgan marhumlardan madad so‘rash, yoki ularga atab jonliq so‘yish aslo mumkin emas.
    Shuni unutmasligimiz kerakki, hech bir ziyoratchi qabrda yotgan kishi avliyo bo‘ladimi yoki oddiy insonmi ulardan hojatini ravo bo‘lishini talab qilmaydi. Agar shunday qilsa bu ulkan gunoh ya’ni shirk amallardan hisoblanadi. Har qanday hojatlarni ravo qiluvchi faqat Allohning o‘zidir.
  6. Qabrlarga yoki ziyoratgohdagi maqbara g‘isht va bezaklariga turli so‘zlar va niyatlarni yozish ham mumkin emas.
  7. Qabrlar ustiga pul sochish, sham yoqish, ularni tavof qilish, bolani kokilini atash, atroflarini aylanish hamda daraxtlariga turli xil latta parchalarini bog‘lash ham dinimizda qattiq qoralangandir.
    Qabr tepasida sham yoqish bid’atdir. Bu ishning nafi yo‘q. Uning qabriga solih amallar, Qur’on tilovati, qilingan sadaqa kabi savobli ishlar nur bo‘ladi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam qabrga chiroq yoqadiganlarni la’natlaganlar. Bilimsiz kishilar qabrlarga sajda qiladilar, tavof qiladilar ostonasini o‘padilar bu ishlar shar’an nojoiz hisoblanadi. Shariatimiz qabrlarni ehtirom qilishda bu kabi yo‘l tutishdan qaytargan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keyinchalik ummatlari shu ishlarga qo‘l urishini bilib bundan qaytarganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etishdan oldingi betobliklarida: “Alloh taolo payg‘ambarlarining qabrlarini sajdagoh qilib olgan yahudiy va nasorolarni la’natladi”, dedilar.

  1. Maqbara oldida jonliq so‘yish, taom pishirish va tanovul qilish, musiqa eshitish, uxlab dam olish mumkin emas.
  2. Ziyorat nihoyasida qabriston yoki ziyoratgohdan ohista chiqiladi.
    Qabrlarga ta’zim qilish, u yerga turli chiqindilarni qoldirib ketish mumkin emas.

Qabristonga ziyoratga kelgan kishi o‘tganlarning haqlariga Allohdan mag‘firat so‘rab duo qilmog‘i lozim. Qabr ichida yotganlarning holati va vaqti kelib o‘zining ham oldida turgan oxirat safari borasida tafakkur qilmog‘i darkor. Alloh taolo o‘tganlarimizni o‘z rahmatiga olsin!

Abdurauf YORBЕKOV,

Xovos tumani «Abu Hanifa»

jome masjidi imom-xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bir xurmoning yarmi

21.05.2025   3164   1 min.
Bir xurmoning yarmi

Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
 

Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
 

Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar