Islom dinida dastlab qabrlarni ziyorat qilish man qilingan edi. Negaki, johiliyat davrida arablar musibat yetganida Allohning taqdiridan norozi bo‘lib g‘azablanishar, qabr tepasiga borib ohu-voh qilishardi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarini fitnadan saqlash uchun qabr ziyoratidan qaytargan edilar. Keyinchalik sahobalarning qalblariga iymon chuqur o‘rnashib, e’tiqodlari mustahkam bo‘lgach, ularga qabrlarni ziyorat qilishga ruxsat berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Endi ularni ziyorat qilinglar”, — dedilar.
Qabrlarni ziyorat qilish odamlarni yomonliklardan uzoq bo‘lishga, diyonatli bo‘lishga, o‘zini isloh qilishga, qilayotgan amallari to‘g‘risida bir kun kelib yaratganning oldida javob berishi haqida o‘ylashga undaydi. Rivoyat qilinishicha Umar roziyallohu anhuning uzuklariga ham “O‘lim va’z nasihat olishga kifoya qiladi, ey Umar”, deb yozilgan ekan.
Har bir ishning o‘ziga xos tartib-qoidalari, odobi bo‘lgani kabi qabr ziyoratida ham o‘ziga xos tartib-qoidalari, odobi mavjud:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etishdan oldingi betobliklarida: “Alloh taolo payg‘ambarlarining qabrlarini sajdagoh qilib olgan yahudiy va nasorolarni la’natladi”, dedilar.
Qabristonga ziyoratga kelgan kishi o‘tganlarning haqlariga Allohdan mag‘firat so‘rab duo qilmog‘i lozim. Qabr ichida yotganlarning holati va vaqti kelib o‘zining ham oldida turgan oxirat safari borasida tafakkur qilmog‘i darkor. Alloh taolo o‘tganlarimizni o‘z rahmatiga olsin!
Abdurauf YORBЕKOV,
Xovos tumani «Abu Hanifa»
jome masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Mishariy Xarroz rahimahulloh aytadilar:
“Noliyapsanmi?
Hovli-joying torlik qilyaptimi?
Yoki yashashing va turmushingdagi mushkulotlar ko‘pmi?
Yoki uyingdagi ehtiyojlaring tez tugab qolyaptimi?
Yoki oilang, ro‘zg‘oringda yetishmovchilik bo‘lyaptimi?
U holda senga Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘qigan quyidagi duolarini dalolat qilaman. Uni tajriba qilib ko‘rib, shaxsiy hayotimda ajib ta’sirini ko‘rganman: “Allohummag‘firliy zanbiy, va vassi’ liy fiy dariy, va barik liy fiy rizqiy!” (Robbim, gunohlarimni kechir. Hovlimni keng qil va rizqimga baraka ber).
Bunga rioya qilarkansan, tez orada uyingdagi holatni o‘zgarishini ko‘rasan, inshaalloh!”.