Ulamolar, «الأمور بمقاصدها» – «Ishlar maqsadlariga bog‘liqdir» degan fiqhiy qoidaning sharhida quyidagilarni keltiradilar. الأمور ning birligi أمر bo‘lib, u fe’llar va so‘zlarni umumlashtiruvchi lafzdir. Qur’oni Karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi.
وإليه يرجع الأمر كله
Barcha ish Ungagina qaytarilur (Hud surasi 123-oyat).
Mazkur qoidaning umumiy ma’nosi: Mukallaflarning aytadigan so‘zlari va qiladigan ish-harakatlari ularning niyatlari va maqsadlariga bog‘liqdir.
Ushbu qoida fiqhiy qoidalar ichida eng muhim qoidalardan biri hisoblanadi. Ulamolar bu qoidaga katta e’tibor qaratganlar. Zero, shar’iy hukmlarning katta qismi ushbu qoida atrofida aylanadi.
قال السيوطي في الأشباه: واتقن الإمام الشافعي وأحمد ابن حنبل وابن المهدي وابن المديني وأبو داود والدار قطني وغيرهم على أن حديث: «إنما الأعمال بالنيات». ثلث العلم. ووجه البيهقي كونه ثلث العلم: «بأن كسب العبد بقلبه ولسانه وجوارحه فالنية والقصد أحد أقسامها الثلاثة؛ لأنها قد تكون عبادة مستقلة وغيرها يحتاج إليها». ومن هنا فقد ورد: «نية المؤمن خير من عمله
Imomi Suyutiy “Al ashboh van nazoir” da aytadilar: “Imom Shofeiy, Ahmad ibn Hanbal, Ibn Mahdiy, Ibn Madiniy, Abu Dovud va Doruqutniy rohimahumullohlar “Albatta amallar niyatga bog‘liqdir” hadisini mukammal darajada o‘rganib, bu hadisni “ilmning uchdan biri” deganlar. Bayhaqiy rahmatullohi alayh bu hadisni ilmning uchdan biri ekanligini shunday asoslaganlar: “Bandaning kasbi (amali) uning qalbi, tili va a’zolari bilan sodir bo‘ladi. Niyat va qasd qilishi ushbu uch qisimning biridir. Zotan niyat mustaqil ibodat bo‘lib, boshqa amallar unga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun hadisi sharifda:
نية المؤمن خير من عمله
“Mo‘minni niyati uning amalidan yaxshidir” deyilgan.
Ushbu fiqhiy qoidaning asli ikki shayx va boshqa muhaddislar Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilingan sahih xadisdir.
عن عمر بن الخطاب – رضي الله عنه – قال: سمعت رسول الله – صلى الله عليه وسلم – يقول: «إنما الأعمال بالنيات وإنما لكل امرئ ما نوى …
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi…””
Ushbu fiqhiy qoidadan quyidagi masalalar chiqarib olinadi.
1) Bir kimsa tarnov tagiga suv to‘plash uchun chelak qo‘ygan. Agar uni boshqa joyga olib borib to‘kish yoki hech qanday sababsiz qo‘ygan bo‘lsa, chelakdagi suv uniki hisoblanmaydi. Agar uni to‘plab, o‘zi yoki hayvonlariga ichirish maqsadida qo‘ygan bo‘lsa, chelakdagi suv uning mulki hisoblanadi.
2) Bir kimsa to‘rni suvga hech maqsadsiz tashlab qo‘ygan bo‘lsa, unga ilingan baliq uniki bo‘lmaydi, agar uni baliq ovlash uchun tashlab qo‘ygan bo‘lsa, ilingan baliq uning mulki hisoblanadi.
3) Yo‘qolgan narsani birov topib olsa-yu egasiga qaytarishni niyat qilsa, uning qo‘lida u omonat hisoblanadi, agar uni o‘zi ishlatish maqsadida olsa, u g‘asb bo‘ladi.
Avazxo‘ja BAHROMOV
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota”
jome masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Ramazon mehr-muruvvat va saxovat oyi ekani O‘zbekistonda yaqqol bilinadi. Yurtingizda muborak Ramazon oyi munosabati bilan o‘tkazilayotgan iftorlik tadbirlari odamlar orasida mehr-oqibat, hamjihatlik va saxovat muhitini yanada mustahkamlayotgani quvonarlidir. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan insonlarga alohida e’tibor qaratilayotgani bu xayrli ishlarga yanada baraka bag‘ishlamoqda.
Xorijlik ustoz sifatida shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, mamlakat rahbariyati tomonidan Ramazon oyida aholini qo‘llab-quvvatlash, xayriya va iftorliklarni keng yo‘lga qo‘yishga qaratilayotgan tashabbuslar yuksak insonparvarlik namunasidir. Joylarda Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘larning o‘z egalariga manzilli yetkazilayotgani, bu borada ochiqlik va adolat tamoyillariga amal qilinayotgani alohida e’tirofga loyiq.
Bunday ezgu ishlar nafaqat ehtiyojmand insonlar qalbiga shodlik ulashmoqda, balki jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, birodarlik va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda. Ramazon oyining asl ruhi ham aynan shunday — ehson qilish, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va savobli amallarda musobaqalashishdir.
Alloh taolo yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga baraka ato etsin, xalqimiz orasidagi mehr-muruvvat va saxovat fazilatlarini yanada ziyoda qilsin.
Doktor Saloh Iso,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi