Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

30.03.2018 y. Folbinlarga ishonmang

26.03.2018   9442   8 min.
30.03.2018 y. Folbinlarga ishonmang

بسم الله الرحمن الرحيم

FOLBINLARGA ISHONMANG

Muhtaram birodarlar! Jamiyatimizdagi ba’zi kishilar ruju qo‘ygan, e’tiqodga zid bo‘lgan amal fol ochtirish, folbinlik bilan shug‘ullanishdir. Dinimizda folbinlarga ishonishdan qattiq qaytarilgan va buni shirkka tenglashtirilgan. Chunki, folbin g‘aybni bilishini da’vo qiladi, folbinga borgan esa, bunga ishonadi va oqibatda ikkisi ham og‘ir gunohkor bo‘ladi. Alloh asrasin, hatto bu holatda imondan chiqishi ham mumkin. Zero, Payg‘ambarimiz s.a.v. marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِيْ هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ أَتَى عَرَّافًا أَوْ كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أَنْزَلَ عَلَى مُحَمَّدٍ

(رواه الامام الترمذي)

ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim folbinga borsa va uning aytgan gapiga ishonsa Muhammad s.a.v.ga nozil bo‘lgan narsaga kofir bo‘libdi” (Imom Termiziy rivoyati). G‘aybni bilish va insonlarning taqdiri borasidagi ilmlar faqatgina Alloh taologa xosdir. “A’rof” surasining 188-oyatida shunday deyilgan:

 قُلْ لَا أَمْلِكُ لِنَفْسِي نَفْعًا وَلَا ضَرًّا إِلَّا مَا شَاءَ اللَّهُ وَلَوْ كُنْتُ أَعْلَمُ الْغَيْبَ لَاسْتَكْثَرْتُ مِنَ الْخَيْرِ وَمَا مَسَّنِيَ السُّوءُ إِنْ أَنَا إِلَّا نَذِيرٌ وَبَشِيرٌ لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ

ya’ni: “Ayting: “Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo‘lur edi. Men faqat imon keltiradigan qavm uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman”, deyilgan.

         Musulmon kishi folbinlarning gapiga ishonishi, uni tasdiqlashi sof islom aqidasiga zid ekanligini bilib olmog‘i lozim. Zero, ahli sunna val jamoa aqidasini yoritish borasida mashhur bo‘lgan Imom Abu Ja’far At-Tahoviyning “Aqidatut Tahoviya” kitobida shunday jumlalar bor:

وَلَا نُصَدِّقُ كَاهِناً وَلَا عَرَّافاً وَلَا مَنْ يَدَّعِيْ شَيْئاً يُخَالِفُ الْكِتَابَ وَالسُّنَّةَ وَإِجْمَاعَ الْأُمَّةِ

ya’ni: “Folbin va topqirlarning shuningdek, Qur’on, sunnat va ijmoi ummatga xilof narsani da’vo qilguvchilarning gapini tasdiqlamaymiz”. Bunga dalil quyidagi hadisdur:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ علَيْهِ وَسَلَّمَ عَنِ الْكُهَّانِ؟ فَقَالَ: لَيْسُوا بِشَيْءٍ فَقَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّهُمْ يُحَدِّثُونَ أَحْيَاناً بِالشَّيْءِ يَكُونُ حَقًّا؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: تِلْكَ الْكَلِمَةُ مِنَ الْحَقِّ يَخْطَفُهَا الْجِنِّيُّ فَيُقِرُّهَا فِي أُذُنِ وَلِيِّهِ، فَيُخْلِطُونَ فِيْهَا أَكْثَرَ مِنْ مِائَةِ كَذِبَةٍ 

(رواه الامام البخاري)

ya’ni: Oisha r.a. rivoyat qilib aytadilar: Rasululloh s.a.v.dan folbinlar haqida so‘rashdi. Shunda U zot: “Ular hech kim emas”, dedilar. Yo Rasululloh! Ularning aytgan gaplari gohida to‘g‘ri chiqadi? – deyishdi. Rasululloh: “Jinlar rost gapni o‘g‘irlab olib, folbinlarning qulog‘iga quyadi. Folbin esa, unga yuzta yolg‘onni qo‘shib gapiradi”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

         Muhtaram azizlar! Payg‘ambarimiz s.a.v.dan folbinlarga borish va ularga ishonishdan qaytarishga oid ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Quyida shulardan ba’zilarini keltiramiz. Rasululloh s.a.v.ning ayollaridan biri rivoyat qiladilar:

مَنْ أَتَى عَرَّافاً فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ لَمْ تُقْبَلْ لَهُ صَلَاةٌ أَرْبَعِيْنَ يَوْماً

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim folbinga borsa va uning aytgan gapini tasdiqlasa qirq kunlik namozi qabul bo‘lmaydi” (Imom Muslim rivoyati).

عَنْ مُعَاوِيَةَ بْنِ الْحَكَمِ السَّلْمِيْ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنِّي حَدِيْثُ عَهْدٍ بِجَاهِلِيَّةٍ، وَقَدْ جَاءَ اللهُ بِالْإِسْلاَمِ وَإِنَّ مِنَّا رِجَالاً يَأْتُونَ الْكُهَّانَ، قَالَ: فَلاَ تَأْتِهِمْ

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: Muoviya ibn al-Hakam as-Salamiy r.a. rivoyat qilib aytadilar: Yo Rasululloh! Men johiliyatdan endigina chiqdim. Alloh taolo bizga islom dinini keltirdi. Bizdagi ba’zi kishilar folbinlarning oldiga boradilar, dedim. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Ularga ayting, bormasinlar”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

         Ma’lumki, dinimizda folbinlikni qoralanishining boisi, uning jamiyat uchun bir qancha moddiy, ma’naviy, axloqiy, e’tiqodiy zararlari borli uchundir. Zero, folbinlik orqali topilgan mol harom, folbinga berilgan pul isrofdir. Quyidagi hadis bunga dalil bo‘ladi:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ لِأَبِي بَكْرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ غُلاَمٌ يُخَرِّجُ لَهُ الْخَرَاجَ فَكَانَ أَبُو بَكْرٍ يَأْكُلُ مِنْ خَرَاجِهِ فَجَاءَ يَوْمًا بِشَيْءٍ أَكَلَ مِنْهُ أَبُو بَكْرٍ فَقَالَ لَهُ الْغُلاَمُ: تَدْرِيْ مَا هَذَا؟ فَقَالَ أَبُو بَكْرٍ: وَمَا هُوَ؟ قَالَ: كُنْتُ تَكَهَّنْتُ لِإِنْسَانٍ فِي الْجَاهِلِيَّةِ وَمَا أُحْسِنُ الْكَهَانَةَ إِلَّا أَنِّي خَدَعْتُهُ فَلَقِيَنِي فَأَعْطَانِيْ بِذَلِكَ فَهَذَا الَّذِيْ أَكَلْتَ مِنْهُ  قَالَتْ: فَأَدْخَلَ أَبُو بَكْرٍ يَدَهُ فَقَاءَ كُلَّ شَيْءٍ فِي بَطْنِهِ

 (رواه الامام البخاري)

 ya’ni: Oisha r.a. aytadilar: Abu Bakr r.a.ning unga xaroj ishlab beradigan quli bor edi. Abu Bakr uning bergan xarojidan yer edilar. Bir kuni u bir narsa olib keldi va Abu Bakr undan yedilar. Shunda qul: Buni nima ekanligini bilasizmi? – dedi. Abu Bakr: Bu nima edi? – deb so‘radilar. Qul: Men johiliyat vaqtida bir odamga fol ochgan edim. O‘zim folbinlikni bilmayman, ammo uni aldagan edim. Hozir kelib menga o‘shaning haqini berib ketdi. Yeganingiz o‘shandan edi, dedi. Shunda Abu bakr qo‘lini og‘ziga tiqib, qornidagi hamma narsani qayt qilib tashladi (Imom Buxoriy rivoyati).

Folbinlarning yolg‘on ma’lumotlariga ishonish natijasida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketayapti, aka-uka, quda-andalar o‘rtasiga sovuqlik tushayapti. Jamiyatdagi kishilarning bir-birlaridan badgumon bo‘lishi kabi noxush holatlar ham ana shu folbinlarning shum xabarlari natijasida vujudga kelayapti.

Alloh taolo barchamizga O‘zi insofu tavfiq berib, bunday shariatimiz man etgan ishlardan yiroq bo‘lmog‘imizga muyassar aylasin. Omin!

Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida qazo namoziga oid ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

  • Kishi uxlab qolib yoki unitib biror namozni qazo qilib qo‘ygan bo‘lsa, uyqudan uyg‘onishi yoki esiga tushishi bilan kechiktirmay uni o‘qib olishi lozim;
  • Qazo namozi ham xuddi vaqtida o‘qiladigan namoz kabi azon va iqomat aytib o‘qiladi. Bir nechta qazo namozlarni o‘qimoqchi bo‘lgan kishi boshida azon va iqomat aytib, qolganlarini iqomatni o‘zi bilan o‘qisa ham bo‘ladi;
  • Qazo namozlarning faqat farzlari va xuftonning vitri o‘qiladi, sunnatlari qazo qilinmaydi. Bugungi bomdod namozining qazosini zavol vaqtigacha o‘qiydigan kishi sunnatini ham birga qazo qilib o‘qiydi, zavoldan keyinga qolsa faqat farzi o‘qiladi;
  • Qazo bo‘lgan namozga quyidagicha niyat qilinadi: (Masalan, bomdod namozining niyati) “Niyat qildim qazo bo‘lgan bomdod namozining farzini o‘qishni, yuzimni qiblaga qaratgan holda, xolisan lillohi taolo allohu akbar”.
  • Musofirlikda qazo bo‘lgan namozni qazosini muqimlikda bo‘lsa ham qasr qilib o‘qiydi. Muqimlikda qazo bo‘lgan namozlarning qazosini musofirlikda bo‘lsa ham to‘liq qilib o‘qiydi;
  • Qazo namozlarni kunning uch mahalida ya’ni, quyosh chiqayotgan, qiyomga (tikkaga) kelgan va botayotgan vaqtlardan boshqa barcha vaqtlarda o‘qisa bo‘ladi.
Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   40554   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari