بسم الله الرحمن الرحيم
FOLBINLARGA ISHONMANG
Muhtaram birodarlar! Jamiyatimizdagi ba’zi kishilar ruju qo‘ygan, e’tiqodga zid bo‘lgan amal fol ochtirish, folbinlik bilan shug‘ullanishdir. Dinimizda folbinlarga ishonishdan qattiq qaytarilgan va buni shirkka tenglashtirilgan. Chunki, folbin g‘aybni bilishini da’vo qiladi, folbinga borgan esa, bunga ishonadi va oqibatda ikkisi ham og‘ir gunohkor bo‘ladi. Alloh asrasin, hatto bu holatda imondan chiqishi ham mumkin. Zero, Payg‘ambarimiz s.a.v. marhamat qilganlar:
عَنْ أَبِيْ هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ أَتَى عَرَّافًا أَوْ كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أَنْزَلَ عَلَى مُحَمَّدٍ
(رواه الامام الترمذي)
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim folbinga borsa va uning aytgan gapiga ishonsa Muhammad s.a.v.ga nozil bo‘lgan narsaga kofir bo‘libdi” (Imom Termiziy rivoyati). G‘aybni bilish va insonlarning taqdiri borasidagi ilmlar faqatgina Alloh taologa xosdir. “A’rof” surasining 188-oyatida shunday deyilgan:
قُلْ لَا أَمْلِكُ لِنَفْسِي نَفْعًا وَلَا ضَرًّا إِلَّا مَا شَاءَ اللَّهُ وَلَوْ كُنْتُ أَعْلَمُ الْغَيْبَ لَاسْتَكْثَرْتُ مِنَ الْخَيْرِ وَمَا مَسَّنِيَ السُّوءُ إِنْ أَنَا إِلَّا نَذِيرٌ وَبَشِيرٌ لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ
ya’ni: “Ayting: “Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo‘lur edi. Men faqat imon keltiradigan qavm uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman”, deyilgan.
Musulmon kishi folbinlarning gapiga ishonishi, uni tasdiqlashi sof islom aqidasiga zid ekanligini bilib olmog‘i lozim. Zero, ahli sunna val jamoa aqidasini yoritish borasida mashhur bo‘lgan Imom Abu Ja’far At-Tahoviyning “Aqidatut Tahoviya” kitobida shunday jumlalar bor:
وَلَا نُصَدِّقُ كَاهِناً وَلَا عَرَّافاً وَلَا مَنْ يَدَّعِيْ شَيْئاً يُخَالِفُ الْكِتَابَ وَالسُّنَّةَ وَإِجْمَاعَ الْأُمَّةِ
ya’ni: “Folbin va topqirlarning shuningdek, Qur’on, sunnat va ijmoi ummatga xilof narsani da’vo qilguvchilarning gapini tasdiqlamaymiz”. Bunga dalil quyidagi hadisdur:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ علَيْهِ وَسَلَّمَ عَنِ الْكُهَّانِ؟ فَقَالَ: لَيْسُوا بِشَيْءٍ فَقَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّهُمْ يُحَدِّثُونَ أَحْيَاناً بِالشَّيْءِ يَكُونُ حَقًّا؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: تِلْكَ الْكَلِمَةُ مِنَ الْحَقِّ يَخْطَفُهَا الْجِنِّيُّ فَيُقِرُّهَا فِي أُذُنِ وَلِيِّهِ، فَيُخْلِطُونَ فِيْهَا أَكْثَرَ مِنْ مِائَةِ كَذِبَةٍ
(رواه الامام البخاري)
ya’ni: Oisha r.a. rivoyat qilib aytadilar: Rasululloh s.a.v.dan folbinlar haqida so‘rashdi. Shunda U zot: “Ular hech kim emas”, dedilar. Yo Rasululloh! Ularning aytgan gaplari gohida to‘g‘ri chiqadi? – deyishdi. Rasululloh: “Jinlar rost gapni o‘g‘irlab olib, folbinlarning qulog‘iga quyadi. Folbin esa, unga yuzta yolg‘onni qo‘shib gapiradi”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Muhtaram azizlar! Payg‘ambarimiz s.a.v.dan folbinlarga borish va ularga ishonishdan qaytarishga oid ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Quyida shulardan ba’zilarini keltiramiz. Rasululloh s.a.v.ning ayollaridan biri rivoyat qiladilar:
مَنْ أَتَى عَرَّافاً فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ لَمْ تُقْبَلْ لَهُ صَلَاةٌ أَرْبَعِيْنَ يَوْماً
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim folbinga borsa va uning aytgan gapini tasdiqlasa qirq kunlik namozi qabul bo‘lmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
عَنْ مُعَاوِيَةَ بْنِ الْحَكَمِ السَّلْمِيْ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنِّي حَدِيْثُ عَهْدٍ بِجَاهِلِيَّةٍ، وَقَدْ جَاءَ اللهُ بِالْإِسْلاَمِ وَإِنَّ مِنَّا رِجَالاً يَأْتُونَ الْكُهَّانَ، قَالَ: فَلاَ تَأْتِهِمْ
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: Muoviya ibn al-Hakam as-Salamiy r.a. rivoyat qilib aytadilar: Yo Rasululloh! Men johiliyatdan endigina chiqdim. Alloh taolo bizga islom dinini keltirdi. Bizdagi ba’zi kishilar folbinlarning oldiga boradilar, dedim. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Ularga ayting, bormasinlar”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ma’lumki, dinimizda folbinlikni qoralanishining boisi, uning jamiyat uchun bir qancha moddiy, ma’naviy, axloqiy, e’tiqodiy zararlari borli uchundir. Zero, folbinlik orqali topilgan mol harom, folbinga berilgan pul isrofdir. Quyidagi hadis bunga dalil bo‘ladi:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ لِأَبِي بَكْرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ غُلاَمٌ يُخَرِّجُ لَهُ الْخَرَاجَ فَكَانَ أَبُو بَكْرٍ يَأْكُلُ مِنْ خَرَاجِهِ فَجَاءَ يَوْمًا بِشَيْءٍ أَكَلَ مِنْهُ أَبُو بَكْرٍ فَقَالَ لَهُ الْغُلاَمُ: تَدْرِيْ مَا هَذَا؟ فَقَالَ أَبُو بَكْرٍ: وَمَا هُوَ؟ قَالَ: كُنْتُ تَكَهَّنْتُ لِإِنْسَانٍ فِي الْجَاهِلِيَّةِ وَمَا أُحْسِنُ الْكَهَانَةَ إِلَّا أَنِّي خَدَعْتُهُ فَلَقِيَنِي فَأَعْطَانِيْ بِذَلِكَ فَهَذَا الَّذِيْ أَكَلْتَ مِنْهُ قَالَتْ: فَأَدْخَلَ أَبُو بَكْرٍ يَدَهُ فَقَاءَ كُلَّ شَيْءٍ فِي بَطْنِهِ
(رواه الامام البخاري)
ya’ni: Oisha r.a. aytadilar: Abu Bakr r.a.ning unga xaroj ishlab beradigan quli bor edi. Abu Bakr uning bergan xarojidan yer edilar. Bir kuni u bir narsa olib keldi va Abu Bakr undan yedilar. Shunda qul: Buni nima ekanligini bilasizmi? – dedi. Abu Bakr: Bu nima edi? – deb so‘radilar. Qul: Men johiliyat vaqtida bir odamga fol ochgan edim. O‘zim folbinlikni bilmayman, ammo uni aldagan edim. Hozir kelib menga o‘shaning haqini berib ketdi. Yeganingiz o‘shandan edi, dedi. Shunda Abu bakr qo‘lini og‘ziga tiqib, qornidagi hamma narsani qayt qilib tashladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Folbinlarning yolg‘on ma’lumotlariga ishonish natijasida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketayapti, aka-uka, quda-andalar o‘rtasiga sovuqlik tushayapti. Jamiyatdagi kishilarning bir-birlaridan badgumon bo‘lishi kabi noxush holatlar ham ana shu folbinlarning shum xabarlari natijasida vujudga kelayapti.
Alloh taolo barchamizga O‘zi insofu tavfiq berib, bunday shariatimiz man etgan ishlardan yiroq bo‘lmog‘imizga muyassar aylasin. Omin!
Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida qazo namoziga oid ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati