frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’on bilan davolanining

25.03.2018   26541   5 min.
Qur’on bilan davolanining

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam 3 xil usulda davolanganlar:

  1. Tabiiy usul – dorivoru giyohlar bilan.
  2. Ruhiy usul – Qur’on va duolar bilan.
  3. Qo‘shimcha usul. Ushbu 2 usulni uyg‘unlashtirgan holatda – ham dorivor giyohlar ham ilohiy so‘zlar bilan. Masalan, suv va asaldan foydalanish – bu tabiiy davolash usuli. Agar bunga Qur’on oyatlaridan o‘qilsa – bu uyg‘unlashgan usul hisoblanadi.

Hozirgi kunda esa davolash 2 xil usulda:

  1. Shifokor ko‘rigi va shu asosda buyurilgan davolash. Avval shifokor bemorni ko‘rigdan o‘tkazadi, unga tashxis qo‘yadi va davolaydi. Bunga amal qilgan bemor sog‘ayadi. Ushbu usul arab tilida “Tibbul-jismani” deyiladi.
  2. Qur’on o‘qish ya’ni Allohning ilohiy so‘zlari va uning Rasulidan bizgacha yetib kelgan duolar bilan. Ushbu usul arab tilida “Tibbur-ruhani” deyiladi. Biz ushbu 2-usulni ko‘rib chiqamiz.

Eslatma:

Buni albatta yodda tutingki, ayniqsa ayollar davolanish maqsadida turli xil folbin, sehrgar, “ochib beruvchi” odamlarga borish ularning so‘zlariga ishonish va amal qilish dinimizda qat’iyan mumkin emas. Ular qurbonlik qilish, qora hayvonlarni so‘yish va qonini badanga surtish kerakligini aytib insonlarni aldashadi.

Inson o‘zining ruhiy kasalliklarini davolashda Qur’oni karimni yod olgan uni yaxshi o‘qiy oladigan va ushbu ishni yaxshi tushunadigan mutaxassisga  murojaat qilishi lozim.

  Qur’onning ta’siri:

Agar davolanish Qur’on, duolar bilan olib borilsa bemorda quyidagi belgilar paydo bo‘ladi:

  1. Aniq belgilar – yig‘lash, ovozni ushlay olmaslik, baqirish, jazavaga tushish va hokazo. Biz bu belgilarni bemorda yaqqol ko‘rishimiz va eshitishimiz mumkin.
  2. Yashirin belgilar: Qur’on o‘quvchi yuqoridagi belgilarni bemorda ko‘rmasligi mumkin, ammo bemor buni o‘zida his qiladi. Bunga bosh og‘rig‘i, nafas qisishi, bezovtalik, ko‘ngil aynishi va hokazolar kiradi.

Agar namozga va islom ahkomlariga rioya qiluvchi inson, ushbu aniq va yashirin belgilarni o‘zida sezmasa, Qur’on bilan davolanishi ixtiyoriy bo‘ladi va albatta bemor tajribali mutaxassis shifokorga murojaat qilishi lozim.

   Ammo namozni vaqtida ado etmaydigan, Allohning buyruqlariga beparvo bo‘lgan inson Qur’on bilan davolanish uchun bir necha bor borishi kerak. Ammo ushbu holatda ham bemorning ahvoli yaxshilanmasa, bu bemor ham mutaxassis shifokorga murojaat qilishi lozim. Kasallikni to‘g‘ri aniqlash va tashxis qo‘yish bemorni yaxshi davolash demakdir. Inson davolanishdan avval, uni nima bezovta qilayotgani, unga qanday shifokor kerak ekanligini aniqlab olishi va davolanishi kerak.

  Agar shifokor tashxis qo‘yishda qiynalsa yoki tibbiy muolajalarning foydasi bo‘lmasa bemorni Qur’on va hadislar orqali ruhiy holatni davolash talab etiladi.

 Davolanishda talab etiladigan qoidalar:

Olimlarning ta’kidlashicha, insonning ruhiy holatini davolash uchun 3 qoidasi bor:

  1. Qur’on o‘quvchi imonli Allohni taniydigan, uning kalomini, sifatlarini tushunuvchi bo‘lishi lozim.
  2. Shu bilan bir qatorda arab tilida yoki bemor tushunadigan tilda so‘zlashishi kerak.
  3. O‘quvchi va eshituvchi har qanday holatda ham, har qaysi kasallikni davosi faqat Yaratganning yordami bilan bo‘lishiga iqror bo‘lishi lozim. Ularning ko‘nglida davo faqat Allohning izni ila bo‘lishiga va boshqa hech qanday kuch ta’sir eta olmasligiga ishonch bo‘lishi shart.

Qur’on bilan davolovchi quyidagilarni yodda tutish kerak:

  • Iymonli, sog‘lom fikr yurita oladigan, kamchiliklardan holi, pok noqis bo‘lishi. Ushbu inson boshqa dinga ishonmasligi va boshqa diniy xulqqa ega bo‘lmasligi kerak. Aks holda bunday insonlarga davolanish uchun borish mumkin emas.
  • Jin, shayton va boshqalardan davolanish faqat Allohning so‘zlari, Qur’on bilan amalga oshiriladi. 
  • O‘quvchi jinlarning insonga ta’siri, ularning kelib chiqishi haqida tushunchaga ega bo‘lishi.
  • Nikoh qurgan, oilali bo‘lishi.
  • Pok, gunohdan yiroq bo‘lishi.
  • Allohning zikrida bo‘lishi va har doim pok, tahoratli holatda bo‘lishi.
  • O‘z ishini chin ko‘ngildan bajaruvchi Alloh yo‘lida insonlarga yordam beruvchi inson bo‘lishi.
  • Allohdan boshqa hech kimdan va hech narsadan qo‘rqmaydigan, o‘ziga ishonuvchan bo‘lishi.
  • Odamlarning ayb nuqsonlari, kamchiliklarini berkituvchi.
  • Har bir ishini Alloh roziligi uchun qiluvchi inson bo‘lishi lozim.

 

Nigina BOTIROVA

 tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni anglagan avlod — kelajakni bunyod etadi

17.09.2026   44962   4 min.
Tarixni anglagan avlod — kelajakni bunyod etadi

Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.

Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.

Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.

Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.

Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.

Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.

Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.

Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.

Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.

Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.

“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.

Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.

Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.

Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari