Yon qo‘shnimiz batartib odam. Bir qarichgina hovlisini ko‘zi tushgan kishining havasi keladigan suratda chiroyli qilib devor-daraxt bilan o‘ragan. Nimagadir bolakaylar shu devor-daraxtning orasini yorib o‘tishni yoqtiradi. Hovlichaning ichida nima ohanrabosi bor tushunmaymiz. Ming mashaqqat bilan o‘stirgan “devori”ning goh uyog‘i, goh buyog‘i yalpayib qolganini ko‘rgan qo‘shni kunda jig‘ibiyron bo‘ladi. Tartibbuzar shumtakalarga do‘q qilgan kishi bo‘ladi-yu, yana qo‘shnichilik mingyilchilik deya andishaga boradi. Jahlini bosadi. Keyin ”Bu bolalarga nima bo‘lgan o‘zi, ichkarida olma-anor pishib yotgan bo‘lsa ham mayli edi, shu “izgird”ning orasidan tikonli sim tortib, balandligini odam buyi qilib o‘stirib yubormasam bo‘lmaydi chog‘i”, deb o‘rtanadi. Ba’zan esa payhon bo‘lib uzilib yotgan ho‘l novdani qo‘liga olib: “Shugina novdani nimaga uzadi, bu bolaning ota-onasiga borib shikoyat qilmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi”, deya chog‘lanadi. Shunda uning gapi menga nash’a qiladi. “Shikoyat qilmang, bularning ota-onalari ham to‘siq bilmaydiganlardan”, deyman. U hayron bo‘ladi. So‘ng gapimni misollar bilan tushuntiraman:
Quyliq bozorining o‘rtasidan voha-yu vodiyni bog‘lab turuvchi katta yo‘l o‘tgan. Serqatnov transportlardan odamlarni muhofaza qilish maqsadida piyodalar uchun yer osti yo‘li qazilib ishga tushganiga ancha yillar bo‘ldi. Lekin ishonasizmi-yo‘qmi, yer osti yo‘li ishga tushgan kezlarda odamlarni bu yo‘ldan o‘tishga undash uchun militsiya xodimlari navbatchilik qildi. Shunda ham odamlar militsalarning ko‘zini shamg‘alat qilib ko‘chani kesib o‘taverishdi. Keyin ko‘chaning o‘rtasiga beton to‘siq o‘rnatildi. To‘siq bilmaslar undan ham bemalol sakrab o‘taverishdi. Bu ham bo‘lmagach, beton to‘siqning ustidan baland panjara o‘rnatildi. Ahyon-ahyonda kishilarning shu panjaraga osilib o‘tayotgani ham ko‘zga tashlanib qoladi. Siz ham ko‘rgandirsiz, shu voqealarni? Ha, yashang!
Xorijda bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham shunday ajab gaplarni topib keladki, eshitib kulishni ham kuyishni ham bilmaysiz. Ilgariroq Sankt-Peterburgga turmush o‘rtog‘i bilan borib kelgan bir ayol maqtangandi. “Svetaforning qizil chirog‘i yonib qolsa, piyodalar ham to‘xtab turaverar ekan-ay. Men erimni shundog‘ qo‘ltiqladim-u ko‘chaning o‘rtasidan shartta kesib o‘tib ketdim. Hamma bizga qarab hayron qoldi”. (Ana farosatu mana farosat!)
Germaniyaga borib kelgan bir yurtdoshimiz aytadi: ”Mehmonxonada yotib uyqum qochdi. Derazani qiya ochib tungi shaharni tomosha qilib o‘tiribman. Yarim kecha, ko‘chada hech zog‘ yo‘q. Shu choq bir velosipedchi paydo bo‘ldi. U chorrahaga yaqinlashganda svetaforning qizil chirog‘i yondi. Velosipedchi to‘xtadi-da yashil chiroq yonishini kutdi. Yashil yonganidan keyin ko‘chani kesib o‘tib ketdi”.
Yigirma yilcha burun xorij gazetlaridan birida bir hajviya bosilgan edi. Hajviyaning sarlavhasi esimda yo‘g‘-u, unda yoritilgan voqea juda alomat: “Ko‘p qavatli uylardan biriga qayriladigan yo‘lga bolalar o‘ynab to‘g‘ri chiziq tortib qo‘yibdi. So‘ng bolalar boshqa o‘yinga ovunib, kech tushgach, uy-uyiga tarqalib ketgan. Shu uyda yashaydigan odamlar kechqurun ishdan qaytsa, uyning oldiga chiziq tortilgan emish. Bu chiziq nega tortilganini bilmagani uchun hech kim undan hatlab o‘tib uyiga yetib olishga jur’at etmabdi. Voqeadan xabar topgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bir zumda yetib kelibdi. Ular chiziq nima sababdan tortilgani aniqlanmaguncha, kirdi-chiqdini to‘xtatib, navbatchilik posti tashkil etibdi. Hech kim chiziqdan na u yoqqa, na bu yoqqa o‘ta olmas emish...”
Bu bir hajviya endi. Muallif go‘yoki odamlarning go‘lligi, soddaligini hajv qilganday bo‘lsa-da, uning zamirida tartiblilik, intizomlilik, jamiyatdagi mavjud tartib-qoidalarga hurmat ma’nosi ham bor aslida.
Har safar sizning ko‘rib qolishingizdan hadiksirab devor-daraxtning orasini yorib o‘tayotgan bolalarni yoki militsalar ko‘rib qolmasinda ishqilib, degan xavotirda atrofga alanglay-alanglay Quyliqdagi ikki metrdan oshiq baland to‘siqdan oshib o‘tayotgan, boringki, svetaforning qizil chirog‘ida o‘taman deb katta tezlikda kelayotgan mashinalarning oldida jonini hovuchlab chopqillab borayotgan kishilarni ko‘rganda, xorijliklar bunchalar anqov bo‘lmasa, deb qo‘yaman.
Mana, bildingizmi, biznikilarga chiziq degani, sizning yarim metr devor-daraxtingiz nima bo‘libdi. Umuman, bizda taqiqlovchi belgilar va pastak himoya to‘siqlari mutlaqo ortiqcha. O‘tish mumkin emas joylarga birdaniga balandligi kamida uch metr oynaday silliq devor o‘rnatish kerak. Xorijlik anoyilarga bitta chiziq tortib qo‘ysangiz, bas. Ikki chaqirim naridan aylanib yuraveradi. Biz esa ikki metr balandlikdagi devordan ham bemalol oshib ketamiz. Uch metr, bo‘lak gap. Shu yerga kelganda odob-axloqni yodga olamiz, “to‘g‘ri yo‘limizni to‘sgan nobakorlarni” boplab bir so‘kamiz-da, go‘yoki jamoat tartibini saqlagandek bo‘lib to‘siqni aylanib o‘tamiz.
Darvoqe, bu hali yakuniy hisob emas. Bu – bugungi ota-onalar ya’ni katta avlodning ko‘rsatkichi, xolos. Ehtimol, hozirgi ota-onalarning tarbiyasini ko‘rib ulg‘ayotgan, hozirda yarim metr devor-daraxtdan oshib o‘tishni mashq qilayotgan avlod uchun ertaga uch metr balandlik ham hech narsa bo‘lmas. Balki mo‘jiza yuz berib ular ham bir kichkina chiziqchani aylanib o‘tar. Koshkiydi, shunday bo‘lsa-yu, har xil to‘siqlar o‘rnatishdan, bunga ko‘pdan-ko‘p mablag‘u vaqt sarflashdan, eng muhimi, asabbuzarlikdan qutulsak. Ana shunda sizning devor-daraxtingiz ham tishi singan dandonday kemshik bo‘lib turmasdan ko‘rkamlashib qoladi.
Binobarin, Parvardigorimiz O‘z Kalomida: «Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar esa, shak-shubhasiz - Biz (ular kabi) chiroyli amallar qilgan kishilarning ajr-mukofotini zoye qilmasmiz» (Kahf, 30);
«Zotan, Alloh taqvodor bo‘lgan va chiroyli amallar qiluvchi zotlar bilan birgadir» (Nahl, 128), deb marhamat qilganki, ibodatlarimizga monand amallarimiz ham chiroyli bo‘lsa, bir-birimizning ishlarimizga, harakatlanishimizga noqulaylik tug‘dirmasdan, jamiyatimizda mavjud qonun-qoidalarga itoat qilsak, bundan faqat va faqat o‘zimiz foyda ko‘ruvchi bo‘lamiz.
Damin JUMAQUL
O‘MI Matbuot xizmati
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati