Arablar o‘zlari e’tirof etadi – agar xorazmlik az-Zamaxshariy bo‘lmaganida ular o‘z tilining qonun-qoidalarini to‘liq bilolmagan bo‘lardi
Bizning tarix deganda, ko‘z oldimizda, avvalo, Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk ajdodlarimiz siymosi gavdalanadi. Yana qanchadan-qancha allomalarimiz bo‘lganki, ularni har qancha faxr bilan eslasak, arziydi. Ko‘hna Xorazm zaminida tavallud topgan, jahon fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma Abulqosim az-Zamaxshariy ana shunday ulug‘ zotlardan biri bo‘lgan.
1075 yil 19 martda Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida dunyoga kelgan az-Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlar asosan O‘rta asr arab manbalarida ko‘p keltiriladi. Tarixchilarning alloma haqida bildirgan ma’lumotlariga ko‘ra, yoshligida yuz bergan baxtsiz hodisa tufayli uning bir oyog‘ini kesib tashlashadi va butun umri davomida yog‘och oyoqda yuradi.
O‘zA xabariga ko‘ra, bu iztirobli voqea sababmi yoki o‘z tabiati shunday bo‘lganmi – har holda az-Zamaxshariy bolalikdan ilmga chanqoq edi. Ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tengdoshlari orasida zo‘r iste’dodini namoyon qildi. U madrasada o‘qitiladigan fanlarni puxta egallashga kirishdi. Ayniqsa, arab tilshunosligi va grammatikasiga oid asarlar az-Zamaxshariy faoliyatida muhim o‘rin egallaydi.
Olim besh yil Makkada yashab, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning sheva va urf-odatlarini chuqur o‘rgandi. Ko‘plab asarlar yozdi. Shulardan biri arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal fin-nahv” (1121 yil) asaridir. Bu ish arab tilini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi.
Shuningdek, olimning «Muqaddamat al-adab», “Javohirul-lug‘a”, «Al-Mufassal», «Asos al-balog‘a», “Al-Asmo fil-lug‘a” kabi yirik asarlari dunyo ilm ahli orasida g‘oyat qadrlanadi.
Arablar o‘zlari e’tirof etadi – agar xorazmlik az-Zamaxshariy bo‘lmaganida ular o‘z tilining qonun-qoidalarini to‘liq bilolmagan bo‘lardi. Makkada yashagan davrida az-Zamaxshariy aksar vaqtini Ka’bada o‘tkazgan. O‘shanda u doimo she’riyat ixlosmandlari, tolibi ilm vakillari, muxlis va shogirdlar qurshovida bo‘lgan. Ko‘pchilik undan saboq olgani e’tirof etilgan.
O‘z davrida allomani yaxshi taniganlar hurmat yuzasidan uni “Ustoz ud-dunya” (“Butun dunyoning ustozi”), “Ustoz ul-arab val-ajam” (“Arablar va arab bo‘lmaganlarning ustozi”), “Jorulloh” (“Allohning qo‘shnisi”), “Faxru Xvarazm” (“Xorazm faxri”) deya atashgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 1 sentyabr kuni Hazrati Imom (Hastimom) majmuasiga tashrifi chog‘ida biz haqli ravishda doimo ajdodlarimiz bilan faxrlanib kelishimizni ta’kidlar ekan, ayni paytda o‘zimiz ham ularga munosib bo‘lishimiz kerakligini alohida qayd etdi. Darhaqiqat, daholigu jasurlikda dunyoni lol qoldirgan bobokalonlarimiz biz uchun hamisha faxru g‘urur manbai bo‘lgan. Davlatimiz rahbari aytganidek, ajdodlar merosini o‘qib-o‘rganish, buyuk allomalarga munosib voris bo‘lib, ular singari ma’naviy kamolotga intilish bugungi avlodlar uchun muqaddas burch, demakdir.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati