Bir kuni xalifa Umar yo‘lda borayotib, bir to‘p bolalar o‘ynab turganini ko‘ribdi. Xalifani ko‘rib, bolalar har tomonga qochib ketibdilar. Faqat bir bola qochmay turaveribdi.
– Nimaga sen qochib ketmading? – deb so‘rabdi xalifa undan.
Bolakay javob beribdi:
– Ey, mo‘minlar amiri, nima uchun qochaman? Axir siz zolim emassiz, men o‘g‘ri emasman-ku. Aybi yo‘q odam qochib nima qiladi.
Xalifa Umar bolaning ziyrakligiga qoyil qolibdi va uni o‘z tarbiyatiga olibdi. Bu bola keyinchalik mashhur lashkarboshi bo‘lib yetishgan Abdulloh ibn Zubayr ekan.
Hakim Abdulmajid Majdud binni Odam Sanoiyning
“Hadoyiq ul-haqoyiq” asaridan
O‘MI Matbuot xizmati
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi «Zomin» jome masjidida diniy soha xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman va shahar bosh imom-xatiblari, hudud masjidlari imomlari, otinoyilar, «Haj» ziyoratchilari hamda MFY raislari qatnashdi.
Uchrashuvda yurt tinchligini asrash, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda noxush holatlarning oldini olish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida amaliy sa’y-harakatlar ham olib borildi:
Imom-xatiblar va otinoyilar mahallalardagi ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Jarayonda jami 112 ta xonadon (imom-xatiblar tomonidan 83 ta, otinoyilar tomonidan 29 ta oila) holidan xabar olinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
Fuqarolarga ma’naviy-ma’rifiy dalda berilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘MI Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati