Yahyo ibn Ayub aytadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yaxshi ko‘radigan bir yigit bor edi. Bir kuni kechqurun o‘sha yigit xufton namozini o‘qimasdan qayoqqadir ketdi. Yo‘lda bir ayol unga ro‘para keldi. Ayol o‘zini unga taklif qildi. Yigit ayolga mahliyo bo‘lib, uning ortidan ergashdi. Ikkovlari ayolning eshigi oldiga yetib borishganda, yigit to‘xtab, o‘ylay boshladi. Xayoliga
إِنَّ الَّذِينَ اتَّقَواْ إِذَا مَسَّهُمْ طَائِفٌ مِّنَ الشَّيْطَانِ تَذَكَّرُواْ فَإِذَا هُم مُّبْصِرُونَ
“Taqvo qiluvchilar, agar ularga shaytondan bir sharpa yetsa, zikr qilarlar, bas, ko‘ribsanki, ular (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ruvchi bo‘lib turibdilar”. (Shaytondan biror bir sharpa (vasvasa, ig‘vo va g‘azab) yetishi jaholat, ko‘rlik va nodonlikka boshlaydi. Allohning zikri esa, ilm-ma’rifat, ko‘zi ochiqlik va oqillik manbaidir.) (A’rof, 201) oyati keldi. Yigit shu oyatni tilovat qildi-da, hushidan ketdi. Buni ko‘rgan ayol qichqirib yubordi.
Yigitning keksa otasi bor edi, darhol unga xabar qilindi. Otasi yetib kelgach, o‘g‘lini ko‘tarib, hovliga olib kirdi va to o‘ziga kelgunicha muolaja qildi. Yigit hushiga kelgach, otasi undan: “Senga nima bo‘ldi, o‘g‘lim?” deb so‘radi. O‘g‘il: “Otajon, so‘ramang!” dedi. Ota qo‘yarda-qo‘ymay o‘g‘lidan so‘rayverdi. Noiloj o‘g‘il otasiga bo‘lgan voqeani gapirib berdi va yuqoridagi oyatni tilovat qildi. Oyatni o‘qib bo‘lishi bilan baland ovozda baqirdi-da, joni uzildi.
Otasi o‘g‘lini dafn qilib bo‘lib, bo‘lib o‘tgan ishlarni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga aytib berdi. Hazrati Umar roziyallohu anhu yigitning qabri tepasiga kelib turdilar va ismini aytib chaqirdilar. Keyin “Ey falonchi, Alloh taolo: “Robbisi huzurida turishdan qo‘rqqanlar uchun ikki jannat bor”. (Qiyomat kuni olam Parvardigorining huzurida savollarga javob berishdan, hisob-kitob maqomidan qo‘rqib, tirikligidayoq tayyorgarlik ko‘rib, yaxshilik bilan kun kechirganlarga ikki jannat bor ekan. “Ikkin jannat”ning bir necha sharhlari bor, jumladan, insga alohida jannat, jinga alohida jannat yoki ikkovlaridan har birlariga ikkitadan jannat, gunohkorlar jahannam bilan o‘ta qaynoq suv o‘rtasida aylansalar, taqvodorlar birinchi jannatlari, ya’ni, bog‘lari bilan ikkinchi jannatlari - bog‘lari orasida sayr qiladilar.)” degan deb nido qildilar. Shunda qabr ichidan: “Darhaqiqat, Robbim menga o‘sha ikki jannatni berdi, ey Umar!” degan nido keldi”.
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli
asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati