Milliy tarixini o'rgangan, undan to'g'ri xulosalar chiqargan avlod ulug' ishlarga qodir bo'ladi. Shu boisdan ham mamlakatimizda yoshlar ta'lim-tarbiyasi, ma'naviyati, ma'rifati davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. Buyuk ajdodlarimiz, xususan, jadid bobolarimiz ilgari surgan umidbaxsh g'oyalar, ularning orzu-intilishlari, shak-shubhasiz, bugun Yangi O'zbekistonimizda o'z aksini topayotgani ayni haqiqatdir.
Davlatimiz rahbari raisligida 2023 yilning 22 dekabrida o'tkazilgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida mamlakatimiz ma'naviy-ma'rifiy hayoti bilan bog'liq yangi istiqbolli tashabbuslar o'rtaga tashlandi. Jumladan, Prezidentimiz ma'naviyat va ma'rifat, ta'lim-tarbiya masalasi bugun suv va havodek zarurligini ta'kidladilar.
Bugun chindan ham murakkab bir davrda yashamoqdamiz. Ijtimoiy tarmoqlar orqali erkimiz, mustaqilligimizga nisbatan aytilayotgan aljirashlar, ma'naviy tahdidlar, axborotlar kurashi, bizdan uyg'oq bo'lishimizni, jasorat ko'rsatishimizni talab etmoqda. Zotan, kim Vatan va xalq kelajagi haqida jur'at bilan so'z aytar ekan, barchasining mohiyatida jadid ma'rifatparvarlari peshvosi Mahmudho'ja Behbudiyning “Haq olinur, lekin berilmas!” degan ulug'vor g'oyasi mujassam.
Albatta, davlatimiz rahbari kuyunchaklik bilan aytgan ushbu so'zlari butun jamiyatimizni, millionlab qalblarni uyg'otib yubordi desak mubolag'a bo'lmaydi. “Tarixdan ma'lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg'oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san'at namoyandalari, ma'naviyat va ma'rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o'z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi G'arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan etuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.
Ha, bugungi kunda bizga ijtimoiy axloq, ma'naviyat, ma'rifat, fidoyilik va yuksak vatanparvarlik har qachongidan ham muhimdir. Zotan, har qanday yuksak iqtisodiy va ma'rifatli jamiyat asosida, avvalo, inson kamoloti, axloqi va tarbiyasi turadi.
Biz bu kabi ma'naviy, ma'rifiy jasoratni jadid bobolarimizning shijoati, ular yozib qoldirgan o'lmas asarlardan, g'oyalardan olishimiz mumkin. Shuning uchun yoshlarimiz jadid adabiyotini, ma'naviyati va ma'rifatini ko'proq o'qishlari, ularda ko'tarilgan g'oya va maqsadlarni o'z hayotlariga dasturilamal qilib olishlari lozim.
Aynan milliy g'oya – ijtimoiy, ma'naviy zarurat, u jamiyatga yangicha ruh, shijoat bag'ishlaydi. Milliy g'oya birdamlik, fidoyilik, vatanparvarlik bilan amalga oshadi.
Demak, bugun nafaqat iqtisodiy, balki tarbiyaviy, ma'naviy-ma'rifiy, mafkuraviy sohalarda ham raqobatga tayyor bo'lishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari: “Azizlarim, tarbiyasi izdan chiqqan nopok kimsalardan ogoh bo'laylik! Farzandalarimizni ularning buzg'unchi ta'siridan asraylik! Kelajagimizni yovuz kuchlar qo'liga berib qo'yishga aslo haqqimiz yo'q. Agar barchamiz birgalikda qat'iy harakat qilsak, jamiyatimizda sog'lom ijtimoiy-ma'naviy muhitni mustahkamlashga, albatta, qodirmiz. Yangi O'zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar bo'lishi shart. Va, albatta, shunday bo'ladi.” Albatta, kishi o'zining sobit fikri, boy dunyoqarashiga ega bo'lsa, uni ezgu yo'ldan adashtirib bo'lmaydi. Jamiyatda sog'lom muhitni qaror toptirish uchun, avvalo, yoshlarimizni har tomonlama yuksak salohiyatli etib tarbiyalamog'imiz lozim.
So'nggi yillarda diniy-ma'rifiy sohada ham katta ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan haj kvotasi yildan-yilga ortib bormoqda. Umra ziyoratiga bo'lgan cheklovlar esa butunlay olib tashlandi. Demak, ulug' ziyoratlarni amalga oshirib kelgan yurtdoshlarimiz ma'naviyat, ma'rifat targ'ibotchisi bo'lishi, odamlarni yaxshilikka, ezgulikka boshlashi kerak. Afsuski, bu haqiqatni hamma ham tushunib etganlaricha yo'q. Ziyorat bahona o'zini ko'z-ko'z qilish, manmanlikka berilish kabi hunuk holatlar ko'zga tashlanmoqda. Bular, albatta, barchamizni o'ylantirishi, tashvishga solishi kerak.
Zotan, umra ibodati sunnat amal bo'lib, ilm olish orqali yurt taraqqiyotiga hissa qo'shishlikni ham anglatadi. Ilm egallash esa muqaddas dinimizda eng ulug' amallardan biri. Bugun Vatanimiz, xalqimiz bizdan, yoshlarimizdan kutayotgan birinchi ilinj ham mukammal, chuqur ilm olishdir.
Muhammadzakiy HOMIDOV,
Quva tumani “Akbarobod” masjidi
imom noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».
Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.
Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.
Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».
Muslim rivoyat qilgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».
Ikki Shayx rivoyat qilgan.
Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.
Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.