Shar’iy musofirning zimmasiga Jum’a farz bo‘lmasdan, boshqa kunlardagidek, Peshin namozini o‘qish farzdir. Shuning uchun musofir biror shaharda o‘n besh kun turishni niyat qilmagan bo‘lsa, Jum’a farz bo‘lmaydi. Lekin Jum’a namozida imomlik qilayotgan odamga iqtido qilsa, zimmasiga farz bo‘lgan Peshin namozi soqit bo‘ladi. Agar o‘n besh kundan ko‘p turishni niyat qilgan bo‘lsa, unga xuddi shaharliklarga farz bo‘lganidek, Jum’ani o‘qish farzdir.
Yuqorida «Musofirga Jum’a farz bo‘lmaydi. Lekin Jum’a namozini o‘qiyotgan imomga iqtido qilsa, zimmasiga farz bo‘lgan Peshin namozi soqit bo‘ladi», degan edik. Agar musofir Jum’a namozida imom bo‘lishi kerak bo‘lib qolsa, iqtidosi joiz bo‘lganidek, imomligi ham joizdir.
أَنَّ الْمُسَافِرَ لَمَّا الْتَزَمَ الْجُمُعَةَ صَارَتْ وَاجِبَةً عَلَيْهِ، وَلِذَا صَحَّتْ إمَامَتُهُ فِيهَا.
«Musofir jum’a (namozi)ni o‘qishni lozim tutsa, jum’a uni zimmasiga vojibga aylanadi va uni imomati sahih bo‘ladi» (Raddul muxtor).
Agar musofirlar Jum’a joiz bo‘lmagan joylarda «Jum’a qasr bilan barobar», deb o‘ylab, Jum’a o‘qishsa, qaytadan peshin namozini o‘qiydilar.
قُلْتُ أَرَأَيْتَ مُسَافِرًا صَلَّى بِقَوْمٍ مُسَافِرِيْنِ وَنَوَى الْجُمُعَةَ وَنَوَى الْقَوْمُ ذَلِكَ قَاَل لا تُجْزِيهِمْ وَعَلَيْهِمْ أَن يُصَلُّوا الظُّهْرَ قُلْتُ لم قال لأَنَّهُمْ لَمْ يَنْوُوا الظّهْرَ وَ إِنَّمَا نَوَوا الْجُمُعَةَ فَلا تُجْزِيهِمْ مِنَ الْجُمُعَة لأَنَّهُمْ مَعَ غَيْرِ إِمَامٍ فِي غَيْرِ مِصْرَ.
«Musofir musofir qavmga imom bo‘lib, jum’ani niyat qilsa, qavm ham o‘shani niyat qilsa, nima bo‘ladi» dedim. «Joiz bo‘lmaydi va peshin namozini o‘qishlari lozim bo‘ladi» dedi. «Nimga» dedim. «Chunki, peshinni niyat qilmay jum’ani niyat qildilar va shu bilan bir qatorda misrdan tashqarida va imom bilan birga emaslar» dedi» (Mabsut)
Biror sabab bilan Jum’a namoziga iqtido qilgan musofirning namozi fosid bo‘lsa, qayta qo‘shilishga ulgursa, «Jum’a» deb qo‘shiladi, ulgurmasa, peshin namozini qasr qilib o‘qiydi.
Shu holat muqim kishida voqe’ bo‘lsa, aytaylik, musofir tushgan joyida peshinni o‘qib, masjidga kelsa, jum’a o‘qilayotgan ekan, buning hukmi ikkitadir:
Namoz botil bo‘lgan holatlarda o‘sha namozni qayta o‘qish zarur bo‘lib, avvalgi namozi naflga aylanadi.
Musofir odam jum’a kuni peshinni masjidlarda jamoat jum’ani o‘qib bo‘lganidan keyin o‘qishi mustahab, oldin o‘qishi esa makruhi tanzihiydir.
إنْ أَدَّى الظُّهْرَ ثُمَّ سَعَى إلَى الْجُمُعَةِ فَأَدْرَكَهَا مَعَ الْإِمَامِ بَطَلَ ظُهْرُهُ سَوَاءٌ كَانَ مَعْذُورًا كَالْمُسَافِرِ وَالْمَرِيضِ وَالْعَبْدِ أَوْ غَيْرِهِ وَإِنْ لَمْ يُدْرِكْهَا فَإِنْ خَرَجَ مِنْ بَيْتِهِ وَالْإِمَامُ فَرَغَ مِنْهَا لَا يَبْطُلُ إجْمَاعًا وَإِنْ خَرَجَ مِنْ بَيْتِهِ وَالْإِمَامُ فِيهَا فَقَبْلَ أَنْ يَصِلَ إلَيْهِ فَرَغَ مِنْهَا بَطَلَ ظُهْرُهُ عِنْدَ أَبِي حَنِيفَةَ - رَحِمَهُ اللَّهُ تَعَالَى - خِلَافًا لَهُمَا وَإِنْ خَرَجَ لَا يُرِيدُ الْجُمُعَةَ لَا يَبْطُلُ إجْمَاعًا، كَذَا فِي الْكَافِي.وَإِنْ سَعَى إلَى الْجُمُعَةِ وَكَانَ سَعْيُهُ مُقَارِنًا لِفَرَاغِهِ لَا يَبْطُلُ هَكَذَا فِي التَّبْيِينِ
«Peshinni o‘qib, jum’aga otlansa va imom bilan u (jum’a)ni o‘qisa, musofir, kasal, qul va shu kabilar singari uzurli bo‘lsa ham (o‘qigan) peshin namozi botil bo‘ladi. Agar yetib kelmasa, ya’ni (hisoblab qarasa) uyidan chiqqanida imom jum’ani o‘qib bo‘lgan bo‘lsa, ijmoan (o‘qigan peshin namozi) botil bo‘lmaydi. Agar uydan chiqqanida imom un (jum’a namozi)da bo‘lsa va (imomga) yetib kelishidan oldin (imom) u (jum’a)ni tugatsa, ikkalalariga xilof o‘laroq Abu Hanifa rahmatulloh nazdilarida (o‘qigan) peshn (namoz)i botil bo‘ladi. Agar uydan jum’ani niyat qilmay chiqsa, ijmoan o‘qigan peshini botil bo‘lmaydi. «Kofiy»da shunday deyilgan. Jum’aga otlanayotgan vaqtda (imom jum’ani) tugatsa, o‘qigan peshini botil bo‘lmaydi. «Tabyiyn»da shunday deyilgan» (Mabsut).
Jum’a o‘qiladigan joylarda jum’a kuni peshinni jamoat bo‘lib o‘qish esa musofir uchun makruhi tahrimiydir.
(وَكُرِهَ) تَحْرِيْمًا (لِمَعْذُورٍ وَمَسْجُونٍ) وَمُسَافِرٍ (أَدَاءُ ظُهْرٍ بِجَمَاعَةٍ فِي مِصْرٍ) قَبْلَ الْجُمُعَةِ وَبَعْدَهَا.
«Musofir, mahkum va uzurli kishilar jum’adan oldin yoki keyin shaharda jamoat bilan peshin o‘qishlari makruhi tahrimiydir» (Raddul muxtor).
Manba: Fiqh.uz
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Oqil xato qilsa – afsuslanadi, ahmoq xato qilsa – safsata sotadi.
Bu ikki misra inson tabiati, uning ma’naviy darajasi va hayotga munosabatini juda teran ifoda etadi. Xato – inson zotiga xos. Ammo uni qanday qabul qilish va undan qanday xulosa chiqarish – har kimning aqli va qalbiga bog‘liq.
Islom ta’limotida ham xato qilish ayb emas, balki undan tavba qilmaslik va saboq olmaslik ayb ekani ta’kidlanadi. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Bu oyatda insonning xatodan qaytishi, afsuslanib, o‘zini tuzatishi Alloh nazdida qadrli ekani ochiq bayon etilgan. Demak, oqil inson xato qilganda uni tan oladi, qalbida nadomat tug‘iladi va to‘g‘ri yo‘lga qaytishga harakat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Barcha odam bolasi xato qiluvchidir. Xato qiluvchilarning eng yaxshilari – tavba qiluvchilaridir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadis insonning komilligi xatosizlikda emas, balki xatodan keyingi holatida ekanini ko‘rsatadi. Oqil kishi o‘z aybini tan olib, uni tuzatishga intilsa, ahmoq esa o‘z xatosini oqlash, hatto uni haqiqat deb ko‘rsatishga urinadi.
Xalqimizda shunday maqol bor: “Aybini bilgan – donishmand, aybini yashirgan – nodon”. Bu hikmatli so‘zlar yuqoridagi fikrlarning xalqona ifodasidir. Chunki aybini tan olgan inson o‘zini tarbiya qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aybini inkor etgan esa o‘z kamchiligi bilan yashashda davom etadi. Yana bir hikmatda aytiladi: “Nodonning tili uzun, aqllining esa yo‘li uzun”. Ahmoq inson ko‘p gapiradi, bahona topadi, safsata sotadi. Ammo oqil inson ortiqcha so‘zdan qochib, amal bilan o‘zini isbotlaydi.
Xato bu – yiqilish emas, balki turish uchun berilgan imkoniyatdir. Oqil inson har bir xatosini o‘qituvchi deb biladi. U o‘zini tahlil qiladi, kamchiliklarini anglaydi va yanada mukammal bo‘lishga intiladi. Ahmoq esa xatosini tan olmasdan, boshqalarni ayblash bilan ovora bo‘ladi. Shu bois, har birimiz o‘z nafsimizni so‘roqqa tutishni o‘rganishimiz lozim. Chunki haqiqiy kamolot – o‘z xatolarini tan olish va ulardan saboq chiqarishdadir. Hayot yo‘lida adashmaslik uchun insonga aql, vijdon va tavba eshigi berilgan. Bu eshikni ocha bilgan inson – baxtli inson.
Xulosa qilib aytganda, oqillik – xatosizlikda emas, balki xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarishdadir. Ahmoqlik esa – xatoni tan olmaslik va uni safsata bilan berkitishdir. Insonni ulug‘laydigan narsa – uning tavozesi va o‘zini isloh qilishga bo‘lgan intilishidir.
Ja’farxon SUFIYEV,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.