Tavba namozi
Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir hadis eshitsam, Alloh menga undan O‘zi xohlaganicha naf’ beradigan odam edim. U zotning sahobalaridan biri menga hadis aytsa, men undan (gapi to‘g‘riligiga) qasam ichishni talab qilar edim. Agar u qasam ichsa (gapini) tasdiq qilar edim. Holat shu bo‘ldiki, menga Abu Bakr bir hadis aytdi. Zotan u sodiqdir: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: qaysi bir odam gunoh qilib qo‘yib, so‘ngra turib, tahorat qilib namoz o‘qisa, keyin Allohga istig‘for aytsa, albatta, Alloh uni mag‘firat qiladi», deganlarini eshitdim. So‘ngra u zot: «Ular qachon fahsh ish qilsalar yoki o‘zlariga zulm qilsalar, Allohni eslarlar va gunohlariga istig‘for ayturlar» oyatini qiroat qildilar», dedi»
Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan.
Aslida tavba namozsiz ham xohlagan paytda bo‘lishi matlub. Lekin namoz ila bo‘lgani kuchli va qabuli osondir. Namoz mo‘minning silohi, deyilgani ham shundan. Mo‘min kishi namoz yordamida har qanday qiyin narsaga ham osonlik bilan erisha oladi. Ojiz banda gunoh ish qilib qo‘ysa, iymoni uni darhol tavbaga chorlashi zarur. Qilib qo‘ygan gunohining afsusida qolgan mo‘min inson darhol tahorat qilib tavba namozi niyati ila ikki rakat namoz o‘qib olishga o‘tmog‘i lozim. U gunohiga nadomat qilib, namozida chin qalbdan tavba qilib, Allohga roz aytib, ikkinchi bu gunohni qayta qilmaslikka qat’iy ahd qilsa, Alloh taolo uning gunohini mag‘firat qiladi.
Avvobiyn namozi
Bu namoz shom namozidan keyin o‘qiladi va olti rakat bo‘ladi. Avval to‘rt, keyin ikki rakat yoki ikki rakatdan qilib o‘qiladi. Alloh taolo Isro surasida «Albatta, U zot avvobiynlarni mag‘firat qiluvchidir», degan (25-oyat).
Imom Tabaroniy Ammor ibn Yosir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Kim shomdan keyin olti rakat o‘qisa, gunohlari mag‘firat qilinur, agar dengizning ko‘pigicha bo‘lsa ham», deyilgan.
“Mo‘minning me’roji” kitobidan olindi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati