Allohning kalomi – Qur’oni karimning nomlaridan biri “Ummul ’ulum”dir (ilmlar onasi). Kalomullohda nafaqat diniy, ayni paytda dunyoviy ilm-fanning sir-asrorlari ham yashiringanki, vaqt va zamonlar o‘tishi bilan tafakkur egalari oyatlarning mazmun-mohiyatini anglab boraveradilar. Natija esa taraqqiyotga, insonning o‘zligini anglashiga, Buyuk Yaratuvchini tanishiga xizmat qiladi.
Qur’oni karim shunday ilohiy kitobki, unda zamonaviy ilm-fanning barcha sohalari mujassam. Har bir oyatni chuqur tadabbur hamda tafakkur bilan o‘qib, uning mazmun-mohiyatini anglashga intilgan kishi bunga qayta va qayta amin bo‘laveradi.
Kalomulloh – ulkan mo‘jiza. Tarix, futurologiya – kelajak haqidagi fan (“U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (Nahl surasi, 8-oyat), tibbiyot, biologiya, zoologiya (“Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur” (Nahl surasi, 69- va boshqa oyatlar), arifmetika, matematika (“kalola” oyati) va hokazo.
Qur’oni karimni o‘qigan adabiyotshunos voqealar rivoji, oyatlarning tuzilishidan, suralarning qisqa, lo‘nda nomlaridan hayratga tushsa, muarrix payg‘ambarlar tarixi, uzoq o‘tmish, buyuk kelajakni kashf qilgandek quvonadi. Matematik esa suralar va oyatlar soni, joylashuvi, ketma-ketligi, voqealar tadrijiyligidan (Abjad hisobini bilsa) xuddi Abu Rayhon Beruniy bobomiz ummon ortida quruqlik borligini kashf etganidek yangi-yangi ixtirolar qilishiga shubha yo‘q. Geografiya fani bilan shug‘ulanuvchi olim esa Qur’ondagi joy nomlarini o‘qib, Kapitan Kusto kabi imon halovatini tuyadi.
Xullas, Alloh taoloning kalomi azaliy va abadiydir. Unda yashiringan hikmatlar, siru asrorlar to qiyomatgacha bashariyatni hidoyatga, ilmu irfonga, ma’rifatga chorlayveradi.
Qur’oni karimda joy nomlari
MAKKA-BAKKA-UMMUL QURO
«U (Alloh) Makkaning ichkarisida (kechgan jangda) ularning (Makka mushriklarining) ustidan sizlarni g‘alaba qildirganidan keyin ularning qo‘llarini sizlardan, sizlarning qo‘llaringizni ulardan to‘sgan (jangni to‘xtatgan) zotdir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turuvchidir» (Fath surasi, 24-oyat).
«Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy – Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lmish (Ka’ba)dir» (Oli Imron surasi, 96-oyat).
«(Barcha) shaharlar onasi (Makka ahlini) va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun va shubhasi yo‘q «to‘planish kuni» (qiyomat kuni)dan ogohlantirishingiz uchun Biz Sizga mana shunday arab tilidagi Qur’onni vahiy qildik. (U kunda) bir guruh jannatda bo‘lsa, bir guruh do‘zaxdadir» (Sho‘ro surasi, 7-oyat).
MADINA
«Tevaragingizdagi a’robiylar va Madina aholisi ichida munofiqlar bor. (Ular) nifoqda bardavomdirlar» (Tavba surasi, 101-oyat).
«Madina aholisi va ularning tevaragidagi a’robiylar uchun Allohning Rasulidan qolishlari va undan kechib, o‘zlari bilan mashg‘ul bo‘lishlari joiz emas edi» (Tavba surasi, 120-oyat).
RUM
« Rum (qo‘shini Fors qo‘shinidan) mag‘lub bo‘ldi » (Rum surasi, 2-oyat).
TUVO VODIYSI
«(Ey Muso!) Men sening Rabbingdirman. Bas, oyoq kiyimingni yechgin. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidadirsan» (Toho surasi, 12-oyat).
MADYAN
«Madyan (qabilasi)ga birodarlari Shuaybni (elchi qilib yubordik)» (A’rof surasi, 85-oyat).
TUR VA SIYNO
«Biz unga Tur (tog‘i)ning o‘ng tomonidan nido qildik va uni munojot qilgan holida (O‘zimizga) yaqin etdik.» (Maryam surasi, 52-oyat).
«Qasamyod etaman Tur (tog‘i) bilan» (Tur surasi, 1-oyat).
«Yana (Biz sizlar uchun) Turi Sayno (tog‘i)dan chiqadigan yog‘ va yeguvchilar uchun nonxurush holda o‘sadigan bir daraxtni (zaytunni yaratdik)» (Mu’minun surasi, 20-oyat). (“Turi Sayno”, “Turi Sino” yoki “Turi Sinin” deb ataladigan tog‘ Misr bilan Ayla shahri o‘rtasidagi muborak tog‘ bo‘lib, u Muso (alayhissalom) Alloh bilan gaplashgan joydir).
ARAFOT VA MASH’ARUL HAROM (MUZDALIFA)
«(Haj mavsumida tijorat bilan) Rabbingizdan fazl tilashingizda sizlarga (hech qanday) gunoh yo‘qdir. Arafotdan tushganingizda, Mash’ari Haromda (Muzdalifada) Allohni (talbiya, tahlil, takbir, sano bilan) zikr eting! U sizlarni garchi ilgari adashganlardan bo‘lsangiz-da, haq yo‘lga hidoyat qilgani kabi, sizlar ham Uni yod etingiz! So‘ngra odamlar tushgan yerdan (Arafotdan) tushingiz va Allohdan mag‘firat so‘rangiz. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir» (Baqara surasi, 198–199-oyatlar).
SAFO VA MARVA
«Albatta, Safo va Marva (tepaliklari) Allohning shiorlaridandir» (Baqara surasi, 158-oyat).
SABA’
«So‘ngra uzoq (vaqt) qolmay (hudhud kelib) dedi: «Men sen ogoh bo‘lmagan narsalardan ogoh bo‘ldim va senga Saba’ (shahri)dan ishonchli xabar keltirdim» (Naml surasi, 22-oyat).
(Yaman diyoridagi Bilqis malikalik qilgan mamlakatning nomi arab tilida “Saba’”, deyiladi. O‘zbek tilida va adabiyotlarda “Sabo” deb ataladi).
JUDIY
«(So‘ngra) aytildi: «Ey Yer! Suvingni yutgin! Ey osmon! O‘zingni tutgin (yog‘ishni bas qil!)» Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (tog‘i) uzra qo‘ndi hamda «Zolimlar qavmiga – halokat!» – deyildi» (Hud surasi, 44-oyat).
BOBIL
«Sulaymon kofir bo‘lmadi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o‘rgatadigan shaytonlar kofir bo‘ldilar» (Baqara surasi, 102-oyat).
MISR
«Muso va uning birodariga vahiy orqali: «Qavmingiz uchun Misrda uylar hozirlangiz va uylaringizni qibla (namozgoh) etib, namozni barkamol o‘qingiz va mo‘minlarga esa (g‘alaba haqida) xushxabar bering!» – deb aytdik» (Yunus surasi, 87-oyat).
HUNAYN
«Alloh sizlarni ko‘p joylarda va (xususan) Hunayn kunida g‘olib etdi. O‘shanda (son jihatdan) ko‘pligingiz sizlarni mag‘rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi va o‘zining (shuncha) kengligi bilan yer (sizlarga) tanglik qilib qoldi. So‘ngra ortingizga chekindingiz» (Tavba surasi, 25-oyat).
BADR
«Badr (jangi)da (harbiy) kuchingiz oz bo‘lsa-da, Alloh sizlarni g‘olib qildi-ku! Bas, Allohdan qo‘rqib, zora shukr qilsangiz» (Oli Imron surasi, 123-oyat).
Tolib NIZOM
O‘MI Matbuot xizmati
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.