Oila va farzand tarbiyasi mas’uliyatli vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada ulamolarimiz nasihatlari, ajdodlarimiz o‘gitlari, ayniqsa, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning nasihatlari katta ahamiyat kasb etadi. Zero, Ul zotning oila va farzand tarbiyasi masalasida aytgan so‘zlari va qilgan ishlari har birimiz uchun suv va havodek zarur. Chunki bugungi kunda farzand tarbiyasi, oila masalalarida aholi orasida ko‘proq tushuntirish ishlari olib borish lozim bo‘lib turibdi.
Tarbiya masalasi azaldan nihoyatda muhim omil hisoblanib kelgan. Islom shariatida ham farzand tarbiyasi masalasiga alohida e’tibor qaratilgan, xususan, qizlar tarbiyasiga. Chunki qiz va o‘g‘il bolalarni tarbiya qilish ilk damlardanoq alohida e’tibor, o‘ta ehtiyotkorlikni talab qiladi. Bu borada yo‘l qo‘yilgan kichik bir xato ham vaqti kelib juda katta afsus-nadomatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bandalarining halol va pok yashashini ko‘zlab, ular foydasiga “Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o‘g‘illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi…” deb Alloh taolo Nahl surasining 72-oyatida marhamat qilgan.
Bashariyat hidoyatchisi, insoniyat muallimi, ulug‘ murabbiy, namunali oila boshlig‘i, ummatning haq yo‘lda barqaror bo‘lishida beqiyos hissa qo‘shgan habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi”, deb ota-ona uchun farzand tarbiyasi qanchalik muhimligini bayon qilganlar. Farzand tarbiyasida hikoyalarning o‘rni beqiyos. Qissa bolani uzoq vaqt o‘ziga jalb qiladi, uning aqli va tafakkurini charxlaydi. Hikoyada bolaga rohat va lazzat bo‘lgani uchun bolaning ongiga ta’sir qiluvchi uslublarning avvalgisi hisoblanadi. Nabaviy qissalarda bolalar uchun muhim bo‘lgan ko‘plab foydalarni topamiz. Bu hikoyalarni Nabiy alayhissalom o‘zining huzuridagi katta-yu kichik sahobalariga so‘zlab berardilar. Nabiy alayhissalom o‘tgan zamonlarda bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlab bergan paytlarida, sahobalar u zotning so‘zlariga e’tibor bilan quloq solardilar. Chunki qissalarda ular va qiyomatga qadar keladigan kishilarning barchasi uchun pand-nasihat bor edi.
Shu o‘rinda muhim bir mulohaza bor. Albatta, Nabiy alayhissalomning qissalari o‘tgan zamonlarda bo‘lib o‘tgan, ishonchli haqiqatga suyanadi. Bu qissalar cho‘pchak va afsonalardan yiroqdir. Bu tarixiy qissalar bolaning ruhiga, oldinga intilish va shijoatni ziyoda qilish kabi ishonchni hosil qiladi. Bolada manbai qurimaydigan, doimo oqib turadigan, islom shiorlarini va bema’ni bo‘lmagan chuqur hissiyotlarni paydo qiladi.
Albatta, dunyoning buyuk olimlari va mashhur solih kishilar qissalar bolaning nafsida fazilatlarni paydo qiladigan eng yaxshi vositadir deya zikr qilganlar. Ular bolani mashaqqatlarni ko‘tarishga, vayronkor g‘oyalardan nafratlanishga va buyuk maqsadlarga undaydi.
Ba’zi ulamolar: “Hikoyalar Allohning qo‘shinlaridan bo‘lgan bir qo‘shindir. Alloh bu qo‘shin bilan avliyolarining qalblarini mustahkamlab qo‘yadi”, deganlar. Bu gapni Allohning kitobidagi quyidagi oyat tasdiqlaydi. Alloh taolo Hud surasining 120-oyatida aytadi: “Biz qalbingni sabotli qilish uchun senga Payg‘ambarlar xabarining hammasini qissa qilib aytmoqdamiz. Bunda (sura) senga haq va mo‘minlarga mav’iza hamda eslatma keldi”.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Menga ko‘p fiqhdan ko‘ra ulamolar va ularning yaxshi amallari haqidagi hikoyalar suyukliroqdir. Chunki bu hikoyalar qavmlarning odoblaridir”, deganlar. Bu gapni Alloh taoloning kitobidagi quyidagi oyat tasdiqlaydi. Alloh taolo Yusuf surasining 111-oyatida shunday deb marhamat qiladi:
“Batahqiq, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bor edi”
Ha, hayotda ro‘y bergan bu kabi ibratli qissalar bola qalbidan chuqur o‘rin egallaydi. Inson tabiatida kimgadir ergashish va taqlid qilish sifati bor. Agar unga solih insonlar haqida aytib berilsa, kelajakda albatta ularga o‘xshashga harakat qiladi. O‘z navbatida ota-ona ham farzandiga bunday uslubda tarbiya berishi uchun ilm-u ma’rifatli bo‘lishi kerak.
Muhammad MIRMAHAMATOV
O‘MI Matbuot xizmati
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.