Sog‘lom odam kuniga o‘rta hisobda 2 litr suv ichishi durust. Bu shifokorlarning tavsiyasi. Miya hujayralaridan tortib vujudimizdagi barcha a’zolar suv ila hayot. Ko‘p suv ichsak, tanamizning suv yo‘qotishini (degidratsiya) oldini olgan bo‘lamiz.
Kofeinsiz (sharbatlar, choy) hamda tuzga boy bo‘lmagan ichimliklar suv o‘rnini bosishi mumkin.
Kofeinli ichimliklar (achchiq qora choy, qahva) tanada suv yo‘qotilishiga sabab bo‘lgani uchun, ortidan suv ichib yuborilgani ma’qul.
Suvning vujudimizga foydalari:
-Vujuddagi haroratni mo‘tadillashtiradi.
-Jigar va buyraklardagi zaharli moddalarni yuvib ketadi.
- Vujudni jarohatlardan asraydi.
- Hujayra va to‘qimalarning bir-biriga yaqinlashishini ta’minlaydi.
- Teri hujayralarining sog‘lom ko‘rinishiga yordam beradi.
Voyaga yetgan insonning tanasida 40-50 litr suv bo‘ladi. Qonning 83%, to‘qimalarning 75%, miyaning 74%, suyaklar tarkibining 22%i suvdan iborat. Tanadagi suvning 20%i yo‘qotilsa, inson o‘ladi.
Yetarli miqdorda suv ichilmasa:
- Miya sekinlashib, odam dangasalashadi.
- Qon quyuladi.
- Qabziyat yuz beradi.
- Peshob sarg‘ayib ketadi.
O‘MI Matbuot xizmati
24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.
Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.
27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati