Alloh taolo inson hayotiga zarur bo‘lgan barcha narsalarni, shu jumladan, uning umrini, vaqtini belgilab, hisoblab chegarasi, qadr-qiymati bilan yaratdi. Bu haqda Qur’oni karimda xabar berib shunday deydi: «Uning dargohida har bir narsa o‘lchovlidir» (Ra’d, 8 ).
Shundan kelib chiqqan holda, har birimiz o‘zimizga berilgan vaqtdan unumli foydalanishga intilishimiz lozim ekan. Ulug‘ ajdodlarimiz, buyuk olimlarimiz vaqtlariga juda qizg‘anchiq bo‘lishgan. Zero, ular inson uchun berilgan vaqtni chegarali va qiymati yuqori ekanligini yaxshi bilishgan va shunga muvofiq amal qilishgan. Buyuk olim Hasan Basriy (r.h) aytadilar: «Men bir qavmni ko‘rdim, sizlarga qaraganda o‘z vaqtlariga dirhamu dinorlardan ham ko‘ra muhabbatli edi, ya’ni umr vaqtlarining har bir daqiqasini g‘animat bilishar va umrni foydali amallarga, dunyo obodligiga sarflashardi».
Umar ibn Abdulaziz (r.h) aytadi: «Kecha va kunduz sening jismingda o‘z ishini ko‘rsatyapti, demak, sen ham ularni g‘animat bil va foydalanib qol».
Ba’zi donishmandlar: «Manfurlikning alomati vaqtni zoye qilishdir», deb ta’kidlashgan. Ayrim olimlar esa: «Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang, u seni kesad , ya’ni umring behuda kechadi»- deb ta’kidlashgan.
Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham hayotlari, so‘zlari, amallari, ibodatlari, ummatlariga g‘amxo‘rliklari, mehr-muhabbatlari, bashoratlari orqali vaqt-fursat bebaho ilohiy ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: «Besh narsani besh narsadan oldin g‘animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, betoblikdan oldin salomatlikni, faqirlikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtingni, o‘limingdan oldin tiriklikni g‘animat biling» (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Hadisi sharif ma’no va mazmuniga ko‘ra, har birimiz boylik va salomatlikni yoshlik, o‘spirinlik damlarini, keksalik kelishidan oldin g‘animat bilishimiz juda muhimligi uqtiriladi.
Imom Hasan Basriy (r.h.) o‘z hikmatlarining birida bunday deb marhamat qilganlar: «Har kuni tong yorishganda Alloh tomonidan bir jarchi: «Ey Odam bolasi! Men yangi kunman, sening barcha amalingga guvohman. Mendan yaxshi amallar qilib, foydalanib qol, chunki men to qiyomat kuniga qadar qayta kelmayman», deb jar soladi».
Dinimizning ta’limotlarida ham vaqtning qadr-qiymati yuqori bo‘lgani uchun ham subh vaqtida uyg‘onishga chaqiriladi. Bu haqdagi odob-axloqlarimiz talabiga ko‘ra, ko‘p uxlash xosiyatli emas. Besh soatdan sakkiz soatgacha bo‘lgan uyqu eng afzalidir. Zero, donishmandlar ko‘p gapirish, ko‘p yeyish qatori ko‘p uxlashdan ham qaytarishgan. Xabarlarda kelishicha, «Tongda uxlash rizqni kamaytiradi». G‘ayratli, shijoatli bo‘lishlik, loqaydlik va beparvolikdan uzoqda bo‘lish zarur. Chunki, hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bir hadislarida shunday marhamat qilganlar: «Alloh taolo O‘z bandalari orasida g‘ayratlisini yaxshi ko‘radi» (Tabaroniy rivoyati).
Atayev Muslim
Tarix fanlari nomzodi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.
Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.
Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.
Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.
Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.
Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.
Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.
Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!
Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!