Solih Murriy hikoya qiladi: “Bir kuni oldimga Molik ibn Dinor keldi va: “Ey Solih, bizni Abu Jahiyrning oldiga olib boring, haqqimizga duo qilsinlar!” dedi. Men unga: “Quyosh chiqib bo‘ldi, Abu Jahiyr uylariga kirib ketsalar, kelgan birorta odamning oldiga chiqmaydilar” dedim. U kishining uylari Basradagi eng uzoq uy edi. Sahro esa u kishining qo‘shnisi edi. Hovlilari oldida quduq, chelak, toshlar va masjid bor edi. Molikka: “Ertaga bomdodni o‘qiboq, erta tongda yo‘lga tushamiz. Uylariga kirib ketishlaridan oldin masjidda o‘tirganlarida yetib boramiz” dedim.
Ertasi kuni bomdodni o‘qib bo‘lganimda, Muhammad ibn Vose’ kelib qoldi. Salom berdi va o‘tirdi. Undan: “Sizni bu yerga qanday maqsad keltirdi?” deb so‘radim. U: “Ey Abu Abdulloh, men bilan Abu Jahiyrning oldilariga borasizmi, haqqimizga duo qilardilar?” dedi. “Molik ibn Dinorga va’da berib qo‘ygandim. Hozir keladi, birga boramiz” dedim. Gapimni tugatmasimdan Sobit Bunoniy kelib qoldi. Salom berdi va o‘tirdi. Undan: “Ey Abu Muhammad, sizni bu yerga qanday maqsad keltirdi?” deb so‘radim. U: “Meni Abu Jahiyrning oldilariga olib borasizmi, haqqimizga duo qilardilar?” dedi. Men unga: “Bu ikkovlari ham (ya’ni Habib Ajamiy ham o‘sha yerda ekan va Muhammad ibn Vose’) siznikidek maqsadda bu yerga kelishgan. Molikka va’da berib qo‘ygandim. Hozir kelsa, turib, birga boramiz” dedim. Gapimni tugatmasimdan turib Molik keldi.
Beshovlon (Molik ibn Dinor, Muhammad ibn Vose’, Habiyb Ajamiy, Sobit Bunoniy va Solih Murriy) o‘rnimizdan turib, yo‘lga tushdik. O‘sha paytlarda Basrada ulardan ko‘ra afzalroq kishi yo‘q edi. Sahro tarafga yo‘l oldik. Har gal ko‘kalamzor bog‘lar yonidan o‘tganimizda Molik: “Ey Abu Muhammad, shu yerlarda namoz o‘qigin. Toki namoz o‘qigan joylaring ertaga sening foydangga guvohlik bersin” dedi. Shu tarzda yo‘lda namoz o‘qib bordik. Zuho payti ham keldi. Havo issiq edi. Yo‘l esa uzoq.
Biz Abu Jahiyrning manziliga yetib keldik. Kelsak, uylariga kirib ketgan ekanlar. Kirishga izn so‘radik. Devor ortidan bir ayol bizga javob qildi. Biz ayolning yuzini ko‘rmadik. Ayol bizdan: “Nima xohlaysizlar?” deb so‘radi. “Shayxni” dedik. Shunda ayol: “U kishini peshinga chiqqanlarida topasizlar insha Alloh” dedi. Bir-birimizga: “Qayerga boramiz? Peshingacha qayerda turamiz?” dedik-da, u kishining masjidlariga bordik.
Bittamiz namoz o‘qishga, bittamiz Qur’on o‘qishga, bittamiz Alloh taoloni zikr qilishga kirishdik. Vanihoyat peshin vaqti ham bo‘ldi. Masjid oldidagi quduq yoniga chiqdik. Suvidan ichdik, tahorat oldik va yana masjidga kirdik. Namoz o‘qidik. Shu payt masjidga Abu Jahiyr kirib keldilar. Ko‘zlari ojiz, yuzlaridan nur taralib turgan bir kishi. Namozga azon aytildi. U kishi mehrobga kelib turdilar. Sakkiz rakat namoz o‘qidilar. O‘ndan ortiq qo‘shnilari ham masjidga kirib kelishdi. Keyin biz bilan peshinni o‘qidilar. Namozdan so‘ng bir soat Alloh taoloni zikr qilib o‘tirdilar. Keyin turib sakkiz rakat namoz o‘qidilar. So‘ngra bizga yuzlandilar.
Muhammad ibn Vose’ turib borib, u kishiga salom berdi. U zot uni qutladilar va salomiga alik oldilar. Keyin undan: “Alloh senga rahm qilsin, kimsan?” deb so‘radilar. “Men Muhammad ibn Vose’man” dedi. “Basra ahli “Eng obid inson” deb biladigan kishi senmisan? Alloh taolodan yaxshiligingni satr qilishini so‘ramaysanmi?” dedilar. Muhammad sukut qildi va o‘tirdi.
Keyin Sobit Bunoniy turib borib, u kishiga salom berdi. U zot uning salomiga alik oldilar. Keyin undan: “Alloh senga rahm qilsin, kimsan?” deb so‘radilar. “Men Sobitman” dedi. “Abu Muhammadmi?” deb so‘radilar. U “Ha” dedi. U zot uni qutladilar va “Basra ahli “Eng ko‘p namoz o‘qiydigan inson” deb biladigan kishi senmisan? Alloh taolodan yaxshiligingni satr qilishini so‘ramaysanmi?” dedilar. Sobit sukut qildi va o‘tirdi.
Keyin Habib Abu Muhammad turib borib, u kishiga salom berdi. U zot uning salomiga alik oldilar. Keyin undan: “Alloh senga rahm qilsin, kimsan?” deb so‘radilar. “Men Habibman” dedi. “Abu Muhammadmi?” deb so‘radilar. U “Ha” dedi. U zot uni qutladilar va “Basra ahli “Duosi ijobat bo‘ladigan inson” deb biladigan kishi senmisan? Alloh taolodan yaxshiligingni satr qilishini so‘ramaysanmi?” dedilar. Sobit sukut qildi va o‘tirdi.
Keyin Molik turib borib, u kishiga salom berdi. U zot uning salomiga alik oldilar. Keyin undan: “Alloh senga rahm qilsin, kimsan?” deb so‘radilar. “Men Molikman” dedi. “Abu Yahyomi?” deb so‘radilar. U “Ha” dedi. U zot “Bay, bay! Basra ahli “Eng zohid inson” deb biladigan kishi senmisan? Alloh taolodan yaxshiligingni satr qilishini so‘ramaysanmi?” dedilar. Molik sukut qildi va o‘tirdi.
Keyin men turib borib, u kishiga salom berdim. Salomimga alik oldilar. “Alloh senga rahm qilsin, kimsan?” deb so‘radilar. “Men Solihman” dedim. “Qorimi?” dedilar. Men: “Ha” dedim. Shunda u zot qo‘llarini ko‘tarib: “Mening oldimga sizlarni jam qilgan Allohga hamd bo‘lsin! Men Alloh taolodan sizlarni oldimga jam qilishini so‘rardim. Ey Solih, albatta, men sening qiroatingga mushtoqman” dedilar.
Muhammad ibn Vose’ u kishiga: “Ey Abu Jahiyr, biz sizning oldingizga haqqimizga duo qilsangiz deb kelgan edik” dedi. U kishi qo‘llarini ko‘tardilar, biz ham ko‘tardik. Bizning haqqimizga uzoq duo qildilar.
Keyin “Ey Solih, o‘qi!” dedilar. O‘qishni boshladim. Alloh taolo menga oldin o‘zimda sezmagan bir ovozni ato etdi. Unday ovozni o‘zimdan boshqadan eshitmagan edim.
أَصْحَابُ الْجَنَّةِ يَوْمَئِذٍ خَيْرٌ مُّسْتَقَرّاً وَأَحْسَنُ مَقِيلاً
“O‘sha kunda jannat egalarining qarorgohlari va oromgohlar g‘oyat yaxshidir”.
وَيَوْمَ تَشَقَّقُ السَّمَاء بِالْغَمَامِ وَنُزِّلَ الْمَلَائِكَةُ تَنزِيلاً
“U kunda bulutli osmon yorilib, farishtalar bo‘lak-bo‘lak tushurilurlar”.
الْمُلْكُ يَوْمَئِذٍ الْحَقُّ لِلرَّحْمَنِ
“U kunda hukmronlik Rohmanga haq bo‘lur” (Furqon surasi, 24-26-oyatlar).
Oyat shu yerga yetganda, u kishi juda ham baland ovozda baqirdilar. O‘zlarini yerga urib, hushlaridan ketdilar. Biz u kishini o‘lib qoldilar deb o‘ylab, qimirlatib ko‘rdik va ustlaridan suv quydik. U zot hushlariga keldilar. Ko‘rinishlaridan xuddi vafot etgan odamdek qimir etmasdilar. Biroz o‘tib, menga: “Ey Solih, o‘qi! Men sening qiroatingga to‘ymadim” dedilar. Men:
وَقَدِمْنَا إِلَى مَا عَمِلُوا مِنْ عَمَلٍ فَجَعَلْنَاهُ هَبَاء مَّنثُوراً
“Va qilgan amaliga kelib, ularni to‘zon kabi sochib yuborurmiz”. (Kofirlarning bu dunyoda qilgan ba’zi bir yaxshi amalaridan umidlari bo‘lishi mumkin. Ammo iymon bo‘lmaganidan keyin u ishlar hech foyda bera olmaydi. Qiyomat kuni Alloh taolo u amallarni ham to‘zon kabi sochib yuboradi.) (Furqon surasi, 23-oyat) oyatini o‘qidim.
Allohga qasamki, oyatni tugatmasimdan turib, u kishi vafot etdilar. Alloh rahmatiga olsin! Biz u kishini oldingidek hushlaridan ketdilar deb o‘ylab, qimirlatib ko‘rdik. Qarasak, jonlari uzilib bo‘lgan ekan.
Uylaridagi ayolning oldiga borib: “Ey ayol!” dedik. “Nima istaysizlar?” deb so‘radi. Biz: “Albatta, Abu Jahiyr rahimahullohga Qur’on o‘qib berildi. U zot uni tinglab turib, vafot etdilar” dedik. Ayol: “Bu hayron bo‘ladigan narsa emas. Lekin menga aytinglarchi, orangizda Solih qori bormi?” deb so‘radi. “Uni taniysanmi?” dedik. “Uni hech ko‘rmaganman” dedi ayol. “Unda nega so‘rayapsan?” dedik. Ayol: “Abu Jahiyr rahimahulloh: “Albatta, men Solih Murriyning qiroatiga mushtoqman. Hoy ayol, sen bilib qo‘ygingki, agar men uning qiroatini tinglasam, vafot etaman” deganlarini ko‘p eshitganman.
Sizlar kelib: “U kishi Qur’onni tinglab, vafot etdilar” deganingizda, men o‘yladimki, “Agar u kishi Qur’onni tinglab, vafot etgan bo‘lsalar, aynan, Solihning qiroatini eshitib, vafoti etgan bo‘lsalar kerak” deb o‘yladim” deya javob berdi.
Keyin ayol: “U kishining duolarini ijobat qilgan, so‘raganlarini bergan Allohga hamd bo‘lsin! Hoy sizlar! Albatta, Abu Jahiyr “Ey Robbim! Ishimni odamlardan yashir!” deb ko‘p duo qilardilar. Mana bu u kishini yuviladigan so‘ri, kafanlari, paxtalari, suvga qo‘shiladigan xushbo‘yliklar, yog‘, idish, ko‘mir – barchasi tayyorlab qo‘yilgan. U zot ularni har kuni yangilab qo‘yardilar. Bu narsalarni sotib olishinglar shart emas. Mana bular esa qabr kavlash uchun zanbil, belkurak va bolg‘a. Bizning atrofimizdagi uylarda qo‘shnilarimiz bir kishi-ikki kishi bo‘lib yashashadi. Ularga xabar beringlar, kelishsin. Ustozning qabrlarini shu hovlilarida qazishadi. Sizlar u kishini yuvishga kirishasizlar. Keyin qabrga qo‘yasizlar” dedi.
Biz bu ishlarning hammasini qildik. yuvdik, so‘riga yotqizdik. Yigirma kishi atrofidagi qo‘shnilari to‘planishdi. Ustozning hovlilarida qabr qazishdi. Ustozni yuvib bo‘lganimizdan so‘ng kafanlarini keltirdik, kafanga o‘radik, yana so‘riga yotqizib qo‘ydik. Qabrlarini ham qazib bo‘lingan edi. Uylaridan hovliga olib chiqdik. Muhammad ibn Vose’ janozada imomlik qildi. Keyin ustozni dafn etdik. Haligi ayolning yuzini aslo ko‘rmadik, yig‘laganini eshitmadik, mahzunlikni ifoda qiladigan birorta alomat, sezgini his qilmadik. Dafn qilib bo‘lgach, barchamiz tarqaldik.
Shu voqeadan keyin qachon Muhammad ibn Sulaymon Hoshimiyga yo‘liqib qolsam, u menga: “Ey Solih, menga Abu Jahiyr haqlarida gapirib ber” der edi. Men gapirib berardim, u esa soqoli nam bo‘lguncha yig‘lardi”.
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli
asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM