بسم الله الرحمن الرحيم
NAVRO‘Z – UMUMXALQ BAYRAMI
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, dunyodagi har bir mamlakat va har bir xalqning milliy va diniy bayram kunlari bo‘ladi. Shu jumladan, bizning ona yurtimiz va diyorimiz xalqining ham qator bayramlari borki, har yili ularni shodiyona tantanali ravishda o‘tkazib boriladi. Xuddi shunday milliy bayramlarimizdan biri bahor bayrami, ya’ni Navro‘z bayramidir.
Bilib qo‘yishimiz kerakki, biz o‘tkazadigan Navro‘z qish faslidan chiqib, bahor ayyomiga salomat yetganimiz hamda yerga urug‘ qadaydigan fursati yetgani munosabati bilan dehqonlarning ham bahor bayrami sifatida nishonlaydigan mavsumiy tadbiri hisoblanadi. Bu kunni bahorni boshlanish sifatida ramziy nishonlaymiz.
Islom ta’limoti insonning ruhiy tarbiyasiga qanchalik ahamiyat berib, uni kamolot sari undovchi va yo‘llovchi ilohiy ko‘rsatmalarini bildirgan bo‘lsa, inson shu darajada sog‘-salomat, bardam-baquvvat bo‘lishi yo‘lida unga zaruriy dunyo ne’matlarini ato qildi va bularga erishish sabablarini ham ko‘rsatib qo‘ydi. Shunday ilohiy ne’matlardan bo‘lgan ziroat ekinlari, ya’ni bug‘doy, arpa kabi boshoqli don-dunlarni va turli mevali daraxtlarni, bog‘u-poliz mahsulotlarini inson tirikligining asosiy omili qildi va bu ne’matlarga o‘sib-unishi va hosil berib, insoniyat bardavomligini ta’minlash vazifasini yukladi. Alloh taolo O‘z kalomi sharifida bunday xabar berib aytadi:
فَلْيَنْظُرِ الْإِنْسَانُ إِلَى طَعَامِهِ أَنَّا صَبَبْنَا الْمَاءَ صَبًّا ثُمَّ شَقَقْنَا الْأَرْضَ شَقًّا فَأَنْبَتْنَا فِيهَا حَبًّا وَعِنَبًا وَقَضْبًا وَزَيْتُونًا وَنَخْلًا وَحَدَائِقَ غُلْبًا وَفَاكِهَةً وَأَبًّا مَتَاعًا لَكُمْ وَلِأَنْعَامِكُمْ
(سورة عبس/24-32).
ya’ni: “Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan quyidagi ne’matlarimizga bir) boqsin: Biz (osmondan) suvni mo‘l yog‘dirdik. So‘ngra yerni (giyohlar unsin, deb) yordik. So‘ngra Biz unda donlarni undirdik, uzum va ko‘katlarni, zaytun va xurmolarni, qalin daraxtzor bog‘larni, mevayu giyohlarni ham. (Bularni) sizlarning va chorva hayvonlaringizning iste’moli uchun (yaratdik)”.
Albatta, erta bahordan boshlab halol mehnat jabhasiga kirgan mehnatkash bobo dehqonlarimiz tomonidan sepilgan don yoki ekilgan urug‘ning unib-o‘sishini Alloh taboraka va taolo iroda qilsagina, ular rivojlanib, ko‘karib nish uradi.
Muhtaram azizlar! Navro‘z ayyomi xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayramdir. Navro‘z dehqonchilik ishlarining boshlanishi, yangi mavsumga kirish vaqti sanaladi. Navro‘z bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi unib chiqqan ko‘katlardan, bahoriy taomlar: sumalak, halim, ko‘ksomsa, ko‘kchuchvara kabi tansiq taomlar pishirilgan. O‘zbekistonda ham mustaqillikka erishilganidan keyin boshqa qadriyatlar qatori Navro‘z bayrami ham qayta tiklandi. U hozir mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Har yili mamlakatimizdagi barcha shahar va qishloqlarda bayram sayillari, tomoshalar, boshqa bayram tadbirlari o‘tkazilyapti, ayni paytda xayriya tashkilotlari yordamida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz keksalar, nogironlar holidan xabar olinmoqda, ularni bayram bilan qutlab, turli sovg‘alar, xayr-ehsonlar taqdim etilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Navro‘z bayramining din yoki e’tiqodga umuman daxli yo‘q bo‘lib, ushbu kun azal sharq xalqlarida yangilanish, yasharish bayrami, dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yangi hayot pallasi sifatida ko‘rilgan.
Jannatmakon diyorimizning mehnatkash bobo dehqonlari, mirishkor bog‘bonlari, qishloqlarimizdagi tinim bilmas barcha mehnatkashlar kirib kelayotgan bahor mavsumiga jiddiy hozirlik ko‘rishyapti, yerlarni ekish-tikishga o‘z vaqtida tayyorlab, imon-e’tiqod va ixlos bilan yerga qut-baraka urug‘larini tikishni boshlab yubordilar. Ularning Alloh roziligini topish borasidagi halol mehnatlari, kasbu korlari, inshoalloh samarasiz qolmaydi. Zero, janobi Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilib aytganlar:
عَن أَنَسٍ رضي الله عنه قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم:"مَا مِن مُسلِمٍ يَغرِسُ غَرْسًا أَو يَزرَعُ زَرْعًا فَيَأكُلُ مِنهُ طَيرٌ أَو إِنْسَانٌ أَو بَهِيْمَةٌ إِلاَّ كَانَ لَهُ بِهِ صَدقَةٌ"
(رواه الامام النسائي).
ya’ni: “Bir musulmon biron bir daraxtni yoki ekinni eksa, undan biror qush, inson yoki biror hayvon yesa u insonga sadaqa yoziladi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Muhtaram jamoa! Shu o‘rinda Siz azizlarga “Hizbut-Tahrir” oqimi haqida so‘zlab berishni o‘zimizga asosiy vazifa deb bildik.
“Hizbut-Tahrir” fitnasidan ogoh bo‘laylik
Avvalambor, bu xususida marhum ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari o‘z vaqtida ushbu oqimga raddiya berib ketganlar. Mazkur oqim a’zolari o‘zlarning qabih ishlarini barcha islom diniga e’tiqod qiluvchi mamlakatlarda, shu qatorda yurtimizda ham yashirin tarzda olib borishmoqda. Eng xatarlisi, “oqim” a’zolarining asosiy maqsadi yagona xalifalik davlatini qurish kabi da’vo ostida aslida musulmonlarning ichiga fitna solmoqda.
Ular xalifalikni tashkil etish yo‘lida barcha musulmonlarni harakat qilish farz, degan iddaoni ilgarib surish bilan birga musulmon kishi uch kundan ortiq xalifasiz yashashi harom, deb ta’kidlab kelmoqdalar. Vaholanki, “Muhammad” (s.a.v.) “mendan keyin 30 yil xalifalik hukum suradi, so‘ng podshohliklar bo‘ladi” deb aytib o‘tganlar. Ammo e’tiqodi buzuq bo‘lgan kimsalar, esa ushbu fikrni rad etgan holda, o‘z qarashlarini olg‘a surib kelishmoqda.
Aqidaviy masalalar dinning asosi va tayanchi hisoblanishini inobatga olsak, musulmon banda bu borada to‘g‘ri yo‘nalishda bo‘lishi o‘ta muhimdir. “Hizbut-tahrir” rahnamolari esa, islom dinining e’tiqodiy qarashlariga asta-sekinlik bilan o‘z botil fikrlarini kiritishga harakat qilib, islom tarixidagi yomon nom qozongan “mo‘taziliya” va “qadariya” oqimlarining buzuq qoida va fikrlariga tayanadilar.
“Oqim” a’zolarining fiqhiy botil qarashlaridan yana biri, bu qasam ichish, ya’ni “oqim”ga sodiq qolish hisoblanadi. Oqim rahnamolari mazkur holatda ayyorona hiyla ko‘zlab, tarafdorlarni oqimdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy qilishgan. Aslida qasam faqat yaxshilik va ezgu ishlarni qilish yoki yomon va qabih amallarni qilmaslik uchun ichiladi. Umuman olganda, islom ta’limoti bo‘yicha zarurat taqazo qilmagunicha qasam ichishdan saqlanishga buyuriladi.
Shu boisdan muhtaram jamoa mavizamizda qayd qilingan oqim tarafdorlarining yolg‘on iddaolari va qarashlariga aldanib qolmaslik maqsadida hushyorlikni oshirishimiz, mazhabimizga xos bo‘lmagan e’tiqodga ergashib ketmasligimiz lozim bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namozdagi safga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.
- Namozga saf tortganda birinchi erkaklar, keyin yosh bolalar, so‘ngra ayollar turadi. Agar balog‘atga yetmagan yosh bolalar kattalarga barobar bo‘lib qolsalar, hadisga zid bo‘lgani uchun kattalarning namozi makruh bo‘ladi.
- Namozda birinchi oldingi saf to‘ldiriladi. So‘ngra ikkinchi safga turish boshlanadi. Birinchi saf to‘lmasdan turib ikkinchi safga turilmaydi.
- Imom saflarning o‘rtasida chiqib turadi. Imomga bir erkak iqtido qilsa, imomning o‘ng tomonida turadi, orqasida turmaydi. Bunda iqtido qilguvchining oyoqlarini barmoqlari imomning tovoni barobarida turadi.
- Safning eng yaxshi joyi imomning ro‘parasi, so‘ng o‘ng tarafi, so‘ng chap tarafidir.
- Imom bir kishi bilan namoz o‘qiyotganida ikkinchi odam jamoatga kelib qo‘shilsa, imomning yonidagi kishini orqaga tortib, bir safda turadi yoki imom oldinga chiqadi.
- Safda turganlar safni to‘g‘ri tutish bilan birga, oralarida ochiq joy qolmasligi kerak.
- Agar safda bir kishi sig‘adigan miqdorda ochiq joy bo‘lsa, uni orqadagi kishi to‘ldirish kerak bo‘ladi. Boshqa joydagi odam uni to‘ldirsa namozi buziladi.
- Oldingi safda ochiq joy bo‘la turib namoz o‘qish makruh bo‘ladi. Oldingi safdagi ochiq joyni to‘ldirish maqsadida yurish har bir ruknda ikki qadamdan oshmasligi zarur. Yurishda oyoqlar yerga yopishtirilgan holda (sudrab) boriladi.
Alloh taolo yurtimizni tinch, ziroat ishlarida mo‘l-ko‘l hosil olish yo‘lida mehnat qilayotgan dehqonlarimizga barakotlar nozil qilsin! Omin!
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati