Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

16.03.2018 y. Navro‘z – umumxalq bayrami

12.03.2018   10658   8 min.
16.03.2018 y. Navro‘z – umumxalq bayrami

بسم الله الرحمن الرحيم

NAVRO‘Z – UMUMXALQ BAYRAMI

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, dunyodagi har bir mamlakat va har bir xalqning milliy va diniy bayram kunlari bo‘ladi. Shu jumladan, bizning ona yurtimiz va diyorimiz xalqining ham qator bayramlari borki, har yili ularni shodiyona tantanali ravishda o‘tkazib boriladi. Xuddi shunday milliy bayramlarimizdan biri bahor bayrami, ya’ni Navro‘z bayramidir.

Bilib qo‘yishimiz kerakki, biz o‘tkazadigan Navro‘z qish faslidan chiqib, bahor ayyomiga salomat yetganimiz hamda yerga urug‘ qadaydigan fursati yetgani munosabati bilan dehqonlarning ham bahor bayrami sifatida nishonlaydigan mavsumiy tadbiri hisoblanadi. Bu kunni bahorni boshlanish sifatida ramziy nishonlaymiz.

Islom ta’limoti insonning ruhiy tarbiyasiga qanchalik ahamiyat berib, uni kamolot sari undovchi va yo‘llovchi ilohiy ko‘rsatmalarini bildirgan bo‘lsa, inson shu darajada sog‘-salomat, bardam-baquvvat bo‘lishi yo‘lida unga zaruriy dunyo ne’matlarini ato qildi va bularga erishish sabablarini ham ko‘rsatib qo‘ydi. Shunday ilohiy ne’matlardan bo‘lgan ziroat ekinlari, ya’ni bug‘doy, arpa kabi boshoqli don-dunlarni va turli mevali daraxtlarni, bog‘u-poliz mahsulotlarini inson tirikligining asosiy omili qildi va bu ne’matlarga o‘sib-unishi va hosil berib, insoniyat bardavomligini ta’minlash vazifasini yukladi. Alloh taolo O‘z kalomi sharifida bunday xabar berib aytadi:

فَلْيَنْظُرِ الْإِنْسَانُ إِلَى طَعَامِهِ  أَنَّا صَبَبْنَا الْمَاءَ صَبًّا  ثُمَّ شَقَقْنَا الْأَرْضَ شَقًّا  فَأَنْبَتْنَا فِيهَا حَبًّا  وَعِنَبًا وَقَضْبًا  وَزَيْتُونًا وَنَخْلًا  وَحَدَائِقَ غُلْبًا  وَفَاكِهَةً وَأَبًّا  مَتَاعًا لَكُمْ وَلِأَنْعَامِكُمْ

 (سورة عبس/24-32).

ya’ni: “Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan quyidagi ne’matlarimizga bir) boqsin: Biz (osmondan) suvni mo‘l yog‘dirdik. So‘ngra yerni (giyohlar unsin, deb) yordik. So‘ngra Biz unda donlarni undirdik, uzum va ko‘katlarni, zaytun va xurmolarni, qalin daraxtzor bog‘larni, mevayu giyohlarni ham. (Bularni) sizlarning va chorva hayvonlaringizning iste’moli uchun (yaratdik).

Albatta, erta bahordan boshlab halol mehnat jabhasiga kirgan mehnatkash bobo dehqonlarimiz tomonidan sepilgan don yoki ekilgan urug‘ning unib-o‘sishini Alloh taboraka va taolo iroda qilsagina, ular rivojlanib, ko‘karib nish uradi.

Muhtaram azizlar! Navro‘z ayyomi  xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayramdir. Navro‘z dehqonchilik ishlarining boshlanishi, yangi mavsumga kirish vaqti sanaladi. Navro‘z bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi unib chiqqan ko‘katlardan, bahoriy taomlar: sumalak, halim, ko‘ksomsa, ko‘kchuchvara kabi tansiq taomlar pishirilgan. O‘zbekistonda ham mustaqillikka erishilganidan keyin boshqa qadriyatlar qatori Navro‘z bayrami ham qayta tiklandi. U hozir mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Har yili mamlakatimizdagi barcha shahar va qishloqlarda bayram sayillari, tomoshalar, boshqa bayram tadbirlari o‘tkazilyapti, ayni paytda xayriya tashkilotlari yordamida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz keksalar, nogironlar holidan xabar olinmoqda, ularni bayram bilan qutlab, turli sovg‘alar, xayr-ehsonlar taqdim etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Navro‘z bayramining din yoki e’tiqodga  umuman daxli yo‘q bo‘lib, ushbu kun azal sharq xalqlarida yangilanish, yasharish bayrami, dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yangi hayot pallasi sifatida ko‘rilgan.

Jannatmakon diyorimizning mehnatkash bobo dehqonlari, mirishkor bog‘bonlari, qishloqlarimizdagi tinim bilmas barcha mehnatkashlar kirib kelayotgan bahor mavsumiga jiddiy hozirlik ko‘rishyapti, yerlarni ekish-tikishga o‘z vaqtida tayyorlab, imon-e’tiqod va ixlos bilan yerga qut-baraka urug‘larini tikishni boshlab yubordilar. Ularning Alloh roziligini topish borasidagi halol mehnatlari, kasbu korlari, inshoalloh samarasiz qolmaydi. Zero, janobi Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilib aytganlar:

عَن أَنَسٍ رضي الله عنه قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم:"مَا مِن مُسلِمٍ يَغرِسُ غَرْسًا أَو يَزرَعُ زَرْعًا فَيَأكُلُ مِنهُ طَيرٌ أَو إِنْسَانٌ أَو بَهِيْمَةٌ إِلاَّ كَانَ لَهُ بِهِ صَدقَةٌ"

(رواه الامام النسائي).

ya’ni: “Bir musulmon biron bir daraxtni yoki ekinni eksa, undan biror qush, inson yoki biror hayvon yesa u insonga sadaqa yoziladi” (Imom Nasoiy rivoyati).

Muhtaram jamoa! Shu o‘rinda Siz azizlarga “Hizbut-Tahrir” oqimi haqida so‘zlab berishni o‘zimizga asosiy vazifa deb bildik.

“Hizbut-Tahrir” fitnasidan ogoh bo‘laylik

Avvalambor, bu xususida marhum ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari o‘z vaqtida ushbu oqimga raddiya berib ketganlar. Mazkur oqim a’zolari o‘zlarning qabih ishlarini barcha islom diniga e’tiqod qiluvchi mamlakatlarda, shu qatorda yurtimizda ham yashirin tarzda olib borishmoqda. Eng xatarlisi, “oqim” a’zolarining asosiy maqsadi yagona xalifalik davlatini qurish kabi da’vo ostida aslida musulmonlarning ichiga fitna solmoqda.

Ular xalifalikni tashkil etish yo‘lida barcha musulmonlarni harakat qilish farz, degan iddaoni ilgarib surish bilan birga musulmon kishi uch kundan ortiq xalifasiz yashashi harom, deb ta’kidlab kelmoqdalar. Vaholanki, “Muhammad” (s.a.v.) “mendan keyin 30 yil xalifalik hukum suradi, so‘ng podshohliklar bo‘ladi” deb aytib o‘tganlar. Ammo e’tiqodi buzuq bo‘lgan kimsalar, esa ushbu fikrni rad etgan holda, o‘z qarashlarini olg‘a surib kelishmoqda.

Aqidaviy masalalar dinning asosi va tayanchi hisoblanishini inobatga olsak, musulmon banda bu borada to‘g‘ri yo‘nalishda bo‘lishi o‘ta muhimdir. “Hizbut-tahrir” rahnamolari esa, islom dinining e’tiqodiy qarashlariga asta-sekinlik bilan o‘z botil fikrlarini kiritishga harakat qilib, islom tarixidagi yomon nom qozongan “mo‘taziliya” va “qadariya” oqimlarining buzuq qoida va fikrlariga tayanadilar.

“Oqim” a’zolarining fiqhiy botil qarashlaridan yana biri, bu qasam ichish, ya’ni “oqim”ga sodiq qolish hisoblanadi. Oqim rahnamolari mazkur holatda ayyorona hiyla ko‘zlab, tarafdorlarni oqimdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy qilishgan. Aslida qasam faqat yaxshilik va ezgu ishlarni qilish yoki yomon va qabih amallarni qilmaslik uchun ichiladi. Umuman olganda, islom ta’limoti bo‘yicha zarurat taqazo qilmagunicha qasam ichishdan saqlanishga buyuriladi.

Shu boisdan muhtaram jamoa mavizamizda qayd qilingan oqim tarafdorlarining yolg‘on iddaolari va qarashlariga aldanib qolmaslik maqsadida hushyorlikni oshirishimiz, mazhabimizga xos bo‘lmagan e’tiqodga ergashib ketmasligimiz lozim bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namozdagi safga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

- Namozga saf tortganda birinchi erkaklar, keyin yosh bolalar, so‘ngra ayollar turadi. Agar balog‘atga yetmagan yosh bolalar kattalarga barobar bo‘lib qolsalar, hadisga zid bo‘lgani uchun kattalarning namozi makruh bo‘ladi.

- Namozda birinchi oldingi saf to‘ldiriladi. So‘ngra ikkinchi safga turish boshlanadi. Bi­rinchi saf to‘lmasdan turib ikkinchi safga turilmaydi.

- Imom saflarning o‘rtasida chiqib turadi. Imomga bir erkak iqtido qilsa, imomning o‘ng tomonida turadi, orqasida turmaydi. Bunda iqtido qilguvchining oyoq­larini barmoqlari imomning tovoni barobarida turadi.

- Safning eng yaxshi joyi imomning ro‘parasi, so‘ng o‘ng tarafi, so‘ng chap tarafidir.

- Imom bir kishi bilan namoz o‘qiyotganida ikkinchi odam jamoatga kelib qo‘shilsa, imomning yonidagi kishini orqaga tortib, bir safda turadi yoki imom oldinga chiqadi.

- Safda turganlar safni to‘g‘ri tutish bilan birga, oralarida ochiq joy qolmasligi kerak.

- Agar safda bir kishi sig‘adigan miqdorda ochiq joy bo‘lsa, uni orqadagi kishi to‘ldirish kerak bo‘ladi. Boshqa joydagi odam uni to‘ldirsa namozi buziladi.

- Oldingi safda ochiq joy bo‘la turib namoz o‘qish makruh bo‘ladi. Oldingi safdagi ochiq joyni to‘ldirish maqsadida yurish  har bir ruknda ikki qadamdan oshmasligi zarur. Yurishda oyoqlar yerga yopishtirilgan holda (sudrab) boriladi.

Alloh taolo yurtimizni tinch, ziroat ishlarida mo‘l-ko‘l hosil olish yo‘lida mehnat qilayotgan dehqonlarimizga barakotlar nozil qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   8221   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari