Ichida Hasan Basriydek olim bo‘lgan qavm
qanday qilib zalolatga yuz tutsin?!
(Maslama ibn Abdulmalik)
Suyunchi xabarini keltirgan xabarchi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Ummu Salama roziyallohu anhoga cho‘risi “Hayraning” ko‘zi yorigani va o‘g‘il ko‘rgani haqidagi xushxabarni yetkazdi.
Mo‘minlarning onasi Ummu Salama roziyallohu anhoni bu xushxabardan qalblari sururga to‘ldi. Zudlik bilan Hayraning oilasiga odam yubordilar. Chaqaloq va uning onasi tug‘ruqdan keyingi kunlarini nubuvvat xonadonida o‘tkazishlarini xohladilar. Chunki Hayra Ummu Salama roziyallohu anho uchun nihoyatda qadrli va aziz edi.
Kup o‘tmay, Hayra bolasini ko‘tarib kirib keldi. Ummu Salama roziyallohu anhoning ko‘zlari bolaga tushishi bilan mehrlari jo‘shib ketdi. Go‘dak nihoyatda chiroyli, istarali bo‘lib, ko‘rgan insonni ko‘zlarini quvontirar, qalbini asir etar edi.
So‘ng Ummu Salama roziyallohu anho:
– Unga ism ko‘ydingmi? – deb so‘radilar.
– Yo‘q, ey onajon, unga o‘zingiz istagan ismni qo‘yishingiz uchun bu ishni sizga qoldirdim, – dedi.
Ummu Salama roziyallohu anho:
– Uning ismini Allohdan baraka so‘rab, Hasan qo‘yamiz, – dedilar.
So‘ng, uni qo‘llariga olib haqqiga yaxshi duolar qildilar.
Hasanning tug‘ilishidagi xursandchilik faqat mo‘minlarning onasi Ummu Salama roziyallohu anhoning uylaridagina cheklanib qolmay, balki buyuk sahobiy, vahiy kotibi Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning xonadonini ham qamrab olgan edi. Chunki chaqaloqning otasi Yasor, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning quli edi.
Hasan ibn Yasor (keyinchalik u Hasan Basriy bo‘lib tanildi) nubuvvat xonadonida o‘sib ulg‘aydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Ummu Salama kunyasi bilan ma’ruf bo‘lgan, Hind binti Suhayl roziyallohu anhoning bag‘rilarida tarbiyalandi. Ummu Salama roziyallohu anho arab ayollari ichida eng oqila, muruvvatli va qat’iyatlisi edilar. Shuningdek, Mo‘minlarning onalari ichida eng olimasi ham edilar. Qolaversa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eng ko‘p hadis rivoyat qilganlar. Rivoyat qilgan hadislarining soni uch yuz sakson yettitadan oshiq edi. Bundan tashqari, johiliyat davrida o‘qish-yozishni biladigan juda ozchilikni tashkil qilgan ayollardan biri edilar.
Ko‘pincha Hayra uy yumushlari bilan tashqariga chiqqan vaqtda emizikli chaqalog‘ining qorni ochib yig‘lar edi. Kunlarning birida go‘dak kattiq yig‘lay boshladi. Mo‘minlarning onasi Ummu Salama roziyallohu anho uni bag‘rilariga olib, ovuta boshladilar. Onasi kelgunicha tinchlantirmoqchi bo‘lib ko‘kraklarini uning og‘ziga soldilar. Bolaga mehrlari jo‘shib ketganidan muborak ko‘kraklariga sut kela boshladi. Nasibasi ulug‘ chaqaloq mo‘minlarning onasini to‘yib emgach, tinchlanib uxlab qoldi.
Shu voqea sabab, Ummu Salama roziyallohu anho Hasanga ikki jihatdan ona bo‘ldilar. Biri xar bir mo‘minga ona bo‘lishlari, ikkinchisi unga sut ona bo‘lishlari…
Mo‘minlar onalarining o‘zaro mustahkam aloqalari va uylarining bir-biriga yaqinligi bu iqboli baland bolaga Islomdagi shonli ayollarning uylariga tez – tez borib turish va buyuk murabbiyalarning go‘zal axloqlari bilan xulqlanish imkonini berdi. U o‘zining quvnoq, serg‘ayrat va tetik harakatlari bilan nubuvvat xonadonini baxtu quvonchga to‘ldirar edi.
Hasan nubuvvatning xushbo‘y ifori bilan muattar bo‘lgan, uning yorqin nuri bilan charog‘on xonadonda o‘sib-ulg‘ayar, mo‘minlarning onalarining uylaridagi totli chashmalardan to‘yib – to‘yib suv ichar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridagi buyuk sahobalar qo‘llarida saboq olar edi.
U Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abu Muso Ash’ariy, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Anas ibn Molik, Jobir ibn Abdulloh (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) kabi faqih sahobalardan hadislar rivoyat qildi. Sahobalar ichida mo‘minlarning amiri Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga muhabbati o‘zgacha edi. Chunki u zotdagi dinda qat’iyat va sabot bilan turish, ibodatlarni mukammal tarzda ado etish, dunyo va uning zebu ziynatlaridan voz kechib, taqvodorlikni mahkam tutish kabi xislatlari uni qoyil qoldirgan edi. Qolaversa, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning yorqin so‘zlash latofati, yetuk hikmati, qisqa iboralardagi jamlovchi so‘zlari va qalblarni titratuvchi va’z-nasihatlari uni sehrlagan edi. U Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning taqvodorlik va ibodatda mustaxkam turishlari kabi xulqlarini o‘ziga g‘oya qilib oldi. Shuningdek, u zotning fasohat ila bayon etishlari, notiqlik uslublarini ham o‘zlashtirdi.
Davomi bor...
Manbalar asosida
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi Avazxo‘ja BAHROMOV tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, davlat arbobi, balki o‘z davri ilm ahllari homiysi ham bo‘lgan. U mamlakatni rivojlantirishda ilm-fan va islom olimlarining ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi tushungan. “Saltanatda erishgan barcha muvaffaqiyatim va mustahkam joylarni zabt etishim – bularning barchasi Shayx Shamsuddin Fohuriy duosi, Shayx Zaynuddin Xavofiy himmati va Sayyid Baraka marhamati sharofatlari yordamida bo‘ldi”, deb ta’kidlagan edi[1]. Zar qadrini zargar biladi, deganlaridek, Sohibqiron saroyida taniqli mutafakkirlarni jamlashga harakat qilgan.
Mo‘g‘ullar davridan keyin, Amir Temur davrida islomga davlat dini maqomining qaytarilishi yangi ulamolar tabaqalarining shakllanishiga olib keldi[2].
Temur davlatida Samarqand siyosiy poytaxtgina emas, balki ilmiy markaz ham edi[3]. Bu to‘g‘rida Movarounnarda bo‘lgan yevropalik sayyohlar va o‘sha davrda yashab ijod etgan tarixnavis Sharq olimlari yetarli ma’lumotlar qoldirganlar.
Tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyidu shariflarni o‘ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko‘rar edi. Ularning har birini o‘z martabasiga qo‘yib izzatu ikromini izhor qilar edi”[4]. Natijada saltanat poytaxti Samarqandda o‘z davrining turli sohalari bo‘yicha buyuk allomalar jam bo‘ldiki, bu jamlashni Sohibqirondek ilm-fanni yaxshi tushingan va uni qadriga yetgan hukmdorgina amalga oshirishi mumkin edi.
Bunga quyidagi ikki voqeani keltirish mumkin. Amir Temur Xorazmga kelganida, Malik Muhammad Saraxsiy ibn Malik Mu’iziddin Husayn Kurt o‘z jiyani Pirmuhammad G‘iyosiddin Piralidan Amir Temurdan Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayhni Saraxsga taklif qilishini so‘rashni iltimos qildi. Amir Temur Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayhning ilmdagi fazlini bilib, u zotni Samarqandga taklif qilishni afzal ko‘rdi. Avvaliga Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayh Amir Temurning taklifiga javob bermay turdi, so‘ng Hijozga safar qilish niyati borligini aytib, uzr aytmoqchi ham bo‘ldi. Ammo Amir Temur ikkinchi bor taklif yuborganidan keyin Samarqandga ravona bo‘ldi[5].
“Amir Temur o‘ta ahmiyatli va foydali ishlaridan biri bo‘yicha chopar yubordi. Choparga: “Agar yo‘lda otga hojat tushib qolsa, kimni ko‘rsang ham otini ol, agar o‘g‘lim Shohruh bo‘lsa ham”, dedi. Chopar u amr qilgan tarafga tezlab jo‘nadi. Yo‘lda alloma Taftazoniyga duch keldi. U dam olish uchun bir joyga tushgan, otlari chodirning oldiga bog‘langan ekan. Chopar o‘sha otlardan birini oldi. Alloma Sa’duddin Taftazoniy chodirdan chiqib, uni ushlab oldi. Otni chopardan qaytarib oldi.
Chopar Amir Temurning oldiga qaytib borganida bo‘lgan gapni unga aytdi. Shunda Amir Temur qattiq g‘azablandi. Ammo birozdan so‘ng: ”Agar uning o‘rnida o‘g‘lim bo‘lganida, uni qatl qilardim. Lekin qaysi joyga borsam, kitoblari u yerga mening qilichimdan oldin kirib borgan odamni qanday qilib qatl qilaman”, dedi[6].
Toshkent islom instituti Qur’on ilmlari kafedrasi
o‘qituvchisi Qurbanov Sodiq
[1]Abulabbos Shihobuddin Ahmad ibn Muhammad Dimashqiy. Ajoib al-maqdur fi tarix Taymur. – Bayrut: Muassat ar-risola, 1986. – B. 48. 13
[2] Alimov U. Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi. – T.: Movarounnahr, 2008. – B. 59.
[3]Fernand Brudil. Tarix va madaniyatlar qoidalari / Husayn Sharif tarjimasi. – Qohira. Al-hay’a al-misriyya al-omma li-l-kitob, 1999. – B. 77.
[4]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.7
[5]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.17
[6]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.19.