Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Nubuvvat xonadonida tarbiya topgan tobein

12.03.2018   7293   5 min.
Nubuvvat xonadonida tarbiya topgan tobein

Ichida Hasan Basriydek olim bo‘lgan qavm

qanday qilib zalolatga yuz tutsin?! 

(Maslama ibn Abdulmalik) 

Suyunchi xabarini keltirgan xabarchi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Ummu Salama roziyallohu anhoga cho‘risi “Hayraning” ko‘zi yorigani va o‘g‘il ko‘rgani haqidagi xushxabarni yetkazdi.

Mo‘minlarning onasi Ummu Salama roziyallohu anhoni bu xushxabardan qalblari sururga to‘ldi. Zudlik bilan Hayraning oilasiga odam yubordilar. Chaqaloq va uning onasi tug‘ruqdan keyingi kunlarini nubuvvat xonadonida o‘tkazishlarini xohladilar. Chunki Hayra Ummu Salama roziyallohu anho uchun nihoyatda qadrli va aziz edi.

Kup o‘tmay, Hayra bolasini ko‘tarib kirib keldi. Ummu Salama roziyallohu anhoning ko‘zlari bolaga tushishi bilan mehrlari jo‘shib ketdi. Go‘dak nihoyatda chiroyli, istarali bo‘lib, ko‘rgan insonni ko‘zlarini quvontirar, qalbini asir etar edi.

So‘ng Ummu Salama roziyallohu anho:

– Unga ism ko‘ydingmi? – deb so‘radilar.

– Yo‘q, ey onajon, unga o‘zingiz istagan ismni qo‘yishingiz uchun bu ishni sizga qoldirdim, – dedi.

Ummu Salama roziyallohu anho:

– Uning ismini Allohdan baraka so‘rab, Hasan qo‘yamiz, – dedilar.

So‘ng, uni qo‘llariga olib haqqiga yaxshi duolar qildilar.

Hasanning tug‘ilishidagi xursandchilik faqat mo‘minlarning onasi Ummu Salama roziyallohu anhoning uylaridagina cheklanib qolmay, balki buyuk sahobiy, vahiy kotibi Zayd ibn Sobit  roziyallohu anhuning xonadonini ham qamrab olgan edi. Chunki chaqaloqning otasi Yasor, Zayd ibn Sobit  roziyallohu anhuning quli edi.

Hasan ibn Yasor (keyinchalik u Hasan Basriy bo‘lib tanildi) nubuvvat xonadonida o‘sib ulg‘aydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Ummu Salama kunyasi bilan ma’ruf bo‘lgan, Hind binti Suhayl roziyallohu anhoning bag‘rilarida tarbiyalandi. Ummu Salama roziyallohu anho arab ayollari ichida eng oqila, muruvvatli va qat’iyatlisi edilar. Shuningdek, Mo‘minlarning onalari ichida eng olimasi ham edilar. Qolaversa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eng ko‘p hadis rivoyat qilganlar. Rivoyat qilgan hadislarining soni uch yuz sakson yettitadan oshiq edi. Bundan tashqari, johiliyat davrida o‘qish-yozishni biladigan juda ozchilikni tashkil qilgan ayollardan biri edilar.

Ko‘pincha Hayra uy yumushlari bilan tashqariga chiqqan vaqtda emizikli chaqalog‘ining qorni ochib yig‘lar edi. Kunlarning birida go‘dak kattiq yig‘lay boshladi. Mo‘minlarning onasi Ummu Salama roziyallohu anho uni bag‘rilariga olib, ovuta boshladilar. Onasi kelgunicha  tinchlantirmoqchi bo‘lib ko‘kraklarini uning og‘ziga soldilar. Bolaga mehrlari jo‘shib ketganidan muborak ko‘kraklariga sut kela boshladi. Nasibasi ulug‘ chaqaloq mo‘minlarning onasini to‘yib emgach, tinchlanib uxlab qoldi.

Shu voqea sabab, Ummu Salama roziyallohu anho Hasanga ikki jihatdan ona bo‘ldilar. Biri xar bir mo‘minga ona bo‘lishlari, ikkinchisi unga sut ona bo‘lishlari…

Mo‘minlar onalarining o‘zaro mustahkam aloqalari va uylarining bir-biriga yaqinligi bu iqboli baland bolaga Islomdagi shonli ayollarning uylariga tez – tez borib turish va buyuk murabbiyalarning go‘zal axloqlari bilan xulqlanish imkonini berdi. U o‘zining quvnoq, serg‘ayrat va tetik harakatlari bilan nubuvvat xonadonini baxtu quvonchga to‘ldirar edi.

Hasan nubuvvatning xushbo‘y ifori bilan muattar bo‘lgan, uning yorqin nuri bilan charog‘on xonadonda o‘sib-ulg‘ayar, mo‘minlarning onalarining uylaridagi totli chashmalardan to‘yib – to‘yib suv ichar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridagi buyuk sahobalar qo‘llarida saboq olar edi.

U Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abu Muso Ash’ariy, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Anas ibn Molik, Jobir ibn Abdulloh (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) kabi faqih sahobalardan hadislar rivoyat qildi. Sahobalar ichida mo‘minlarning amiri Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga muhabbati o‘zgacha edi. Chunki u zotdagi dinda  qat’iyat va sabot bilan turish, ibodatlarni mukammal tarzda ado etish, dunyo va uning zebu ziynatlaridan voz kechib, taqvodorlikni mahkam tutish kabi xislatlari uni qoyil qoldirgan edi. Qolaversa, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning yorqin so‘zlash latofati, yetuk hikmati, qisqa iboralardagi jamlovchi so‘zlari va qalblarni titratuvchi va’z-nasihatlari uni sehrlagan edi. U Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning taqvodorlik va ibodatda mustaxkam turishlari kabi xulqlarini o‘ziga g‘oya qilib oldi. Shuningdek, u zotning fasohat ila bayon etishlari, notiqlik uslublarini ham o‘zlashtirdi.

 

Davomi bor... 

Manbalar asosida

Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi

imom-xatibi Avazxo‘ja BAHROMOV tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi

02.06.2025   22658   2 min.
O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi

Bugun, 1 iyun kuni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia taklifiga binoan Jidda shahrida tashkil etilgan 49-haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi vazirlar, muftiylar, ulamolar va haj xizmatiga aloqador turli sohalar yetakchilari bilan birga ishtirok etdi. 
 

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy va bir qator soha mutasaddilari qatnashdi.  


Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan anjumanni mamlakat Haj va umra ishlari vaziri kirish so‘zi bilan ochib, martabali mehmonlarni Makkai mukarramaga tashriflari va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida so‘zladi. 


Xalqaro anjuman doirasida haj ibodatini yengillashtirish, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish, joriy haj mavsumi yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelayotgani, hojilar salomatliklariga e’tibor qilishlari, Arafot hududidagi Rahmat tog‘iga chiqishdan saqlanishlari, shuningdek, haj xizmatidagi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim mavzular muhokama qilindi. 


Xalqaro anjumanda Saudiya Arabistoni Podshohligining ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirayotgan ko‘lamli ishlari haqida so‘z yuritildi. Musulmonlarga xizmat qilish uchun Ikki Muqaddas Masjiddagi eng muhim loyiha va katta o‘zgarishlar taqdimot qilindi. Shuningdek, haj amalini ado etishda qonuniy ruxsatnomalarga va amaldagi qoidalarga rioya qilish alohida ta’kidlab o‘tildi. 


Ma’lumot o‘rnida, ushbu simpozium 1970 yildan buyon har yili o‘tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 50 dan ortiq davlatdan 500 dan ziyod olim va mutafakkirlar mavzu yuzasidan muhim masalalarni muhokama qildilar.  


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro haj simpoziumida qatnashdi