Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Bir oyat tafsiri: “Ey Muhammad, sizdan ayollar haqida fatvo so‘raydilar...”

12.03.2018   6125   5 min.
Bir oyat tafsiri: “Ey Muhammad, sizdan ayollar haqida fatvo so‘raydilar...”

«Ey Muhammad, sizdan ayollar haqida fatvo so‘raydilar. Ular to‘g‘risida sizlarga Olloh hamda Qur’onda tilovat qilinadirgan yetim qizlar haqidagi oyatlar fatvo beradi, deb ayting!» (Niso surasi 127-oyat).

Oisha roziyallohu anho ushbu oyati Karimaning nozil bo‘lish sababi haqida shunday deydilar: «Ey Muhammad, sollallohu alayhi vasallam, sizdan ayollar haqida fatvo so‘raydilar. Ular to‘g‘risida sizlarga Olloh («ularga uylanmoqchi bo‘lasizlar» degan so‘zigacha)» degan oyat qaramog‘ida bir yetim qizi bor kishi haqida nozil bo‘lgan erdi. O‘sha kishi qizga valiylik (homiylik) qilar, hatto unga tegishli xurmozor ham uning qo‘lida erdi, shuning uchun u arzongarov qizni o‘z nikohiga olmoqchi bo‘ldi. Qiz o‘zi yoqtirgan va moliga ega bo‘lishiga ham rozi bo‘lgan boshqa kishiga turmushga chiqay desa, qizg‘anib rozi bo‘lmadi va qizga zulm qilib, uni erga bermay ushlab turdi. Mazkur oyat shu haqda nozil bo‘lgan».

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ayollar haqida, ularning noaniq va chigal masalalari, ularning haq huquqlari haqida so‘raldi. Chunki johiliyat davrida ularning huquqlari tamomila poymol etilgan edi. Ayol erkakning qo‘lida bir buyum kabi qadrsiz holga kelgan edi.

Qur’oni Karimda ushbu savolga kifoya qilgudek yetarli darajada javob keldi. Unda ayollarga tegishli barcha hukmlar, ularning huquqlari, zimmalaridagi burch vazifalari bayon etildi. Hususan, ularga yaxshi munosabatda bo‘lish, go‘zal muomala qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Eng avvalo, ayollar – ular onalardir.

واعبدوا الله ولا تشركوا به شيئاً وبالوالدين إحسانا

“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! (Niso surasi 36-oyat)

Yaxshilik qilish yo so‘z bilan bo‘ladi: ularga ehtirom ko‘rsatish, iltifotli bo‘lish, muloyim so‘zlash kabi…

Yoki amalda bo‘ladi: ularning xizmatlarini qilish, biror narsaga ehtiyoj sezsalar, uni ta’minlashda qoim bo‘lish…

Yoki molda bo‘ladi: ularga mollaridan sarf etishlari. Aslo qilgan xizmatlarini minnat qilmasliklari lozim.

Ayollar – ular qizlar yoki singillardir.

قال رسول الله: لا يكون لأحد ثلاث بنات أو ثلاث أخوات أو ابنتان أو أختان فيتقي الله فيهن ويحسن إليهن إلا دخل الجنة

 «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishining uchta qizi yoki singlisi bo‘lsa yoxud ikkita qizi va singlisi bo‘lsa, ular borasida Allohdan qo‘rqib, yaxshilik qilsa, albatta, u jannatga kiradi», dedilar»  (Abu Iyso Muhammad Termiziy. Jome’u-t-Termiziy). 

Qizlar yoki singillarni tarbiya qilish va ularni voyaga yetkazish juda nozik, mashaqqatli va alohida diqqat-e’tiborni va nazokatni talab qiladigan ish. Sabr qilib qiz bolani boqib, kiyintirib, odob-axloqi, taqvosini chiroyli qilib, ibodatda mustahkam qilib voyaga yetkazish juda katta maqomdir.

Ayollar – ular jufti-halol, rafiqalardir.

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

النساء: 19

Va ular ila yaxshilikda yashangiz. Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko‘pgina yaxshiliklarni qilsa.” (Niso surasi 19-oyat)

 

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ» أَوْ قَالَ: «غَيْرَهُ»

رواه مسلم

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min mo‘minaga g‘azab qilmasin, agar uning bir xulqini yoqtirmasa, boshqasini yoqtiradi», dedilar. (Muslim rivoyati)
Ayollar – ular dindosh opa–singillardir. Bu ham ularning haq–huquqlaridan biridir.

وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاء بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ

التوبة: 71-72

 “Mo‘minlar va mo‘minalar bir – birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar” (Tavba surasi 71-oyat).
Zotan, ularning qalblari o‘zaro mehr-oqibat, hayrixohlik va do‘stona munosabatda umumiydir. Haqiqiy mo‘min o‘zining dindosh muslima singlisini hurmat qiladi. Doimo yaxshilikni ravo ko‘radi. Unga nisbatan zulm, xiyonat va huquqlarini poymol qilish kabi yomonlikning barcha ko‘rinishlaridan o‘zini saqlabgina qolmay, balki uni o‘z tug‘ishgan singlisidek himoya qiladi.

Manbalar asosida

Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom-xatibi
Avazxo‘ja BAXROMOV tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   5007   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar