«Ey Muhammad, sizdan ayollar haqida fatvo so‘raydilar. Ular to‘g‘risida sizlarga Olloh hamda Qur’onda tilovat qilinadirgan yetim qizlar haqidagi oyatlar fatvo beradi, deb ayting!» (Niso surasi 127-oyat).
Oisha roziyallohu anho ushbu oyati Karimaning nozil bo‘lish sababi haqida shunday deydilar: «Ey Muhammad, sollallohu alayhi vasallam, sizdan ayollar haqida fatvo so‘raydilar. Ular to‘g‘risida sizlarga Olloh («ularga uylanmoqchi bo‘lasizlar» degan so‘zigacha)» degan oyat qaramog‘ida bir yetim qizi bor kishi haqida nozil bo‘lgan erdi. O‘sha kishi qizga valiylik (homiylik) qilar, hatto unga tegishli xurmozor ham uning qo‘lida erdi, shuning uchun u arzongarov qizni o‘z nikohiga olmoqchi bo‘ldi. Qiz o‘zi yoqtirgan va moliga ega bo‘lishiga ham rozi bo‘lgan boshqa kishiga turmushga chiqay desa, qizg‘anib rozi bo‘lmadi va qizga zulm qilib, uni erga bermay ushlab turdi. Mazkur oyat shu haqda nozil bo‘lgan».
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ayollar haqida, ularning noaniq va chigal masalalari, ularning haq huquqlari haqida so‘raldi. Chunki johiliyat davrida ularning huquqlari tamomila poymol etilgan edi. Ayol erkakning qo‘lida bir buyum kabi qadrsiz holga kelgan edi.
Qur’oni Karimda ushbu savolga kifoya qilgudek yetarli darajada javob keldi. Unda ayollarga tegishli barcha hukmlar, ularning huquqlari, zimmalaridagi burch vazifalari bayon etildi. Hususan, ularga yaxshi munosabatda bo‘lish, go‘zal muomala qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Eng avvalo, ayollar – ular onalardir.
واعبدوا الله ولا تشركوا به شيئاً وبالوالدين إحسانا
“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! (Niso surasi 36-oyat)
Yaxshilik qilish yo so‘z bilan bo‘ladi: ularga ehtirom ko‘rsatish, iltifotli bo‘lish, muloyim so‘zlash kabi…
Yoki amalda bo‘ladi: ularning xizmatlarini qilish, biror narsaga ehtiyoj sezsalar, uni ta’minlashda qoim bo‘lish…
Yoki molda bo‘ladi: ularga mollaridan sarf etishlari. Aslo qilgan xizmatlarini minnat qilmasliklari lozim.
Ayollar – ular qizlar yoki singillardir.
قال رسول الله: لا يكون لأحد ثلاث بنات أو ثلاث أخوات أو ابنتان أو أختان فيتقي الله فيهن ويحسن إليهن إلا دخل الجنة
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishining uchta qizi yoki singlisi bo‘lsa yoxud ikkita qizi va singlisi bo‘lsa, ular borasida Allohdan qo‘rqib, yaxshilik qilsa, albatta, u jannatga kiradi», dedilar» (Abu Iyso Muhammad Termiziy. Jome’u-t-Termiziy).
Qizlar yoki singillarni tarbiya qilish va ularni voyaga yetkazish juda nozik, mashaqqatli va alohida diqqat-e’tiborni va nazokatni talab qiladigan ish. Sabr qilib qiz bolani boqib, kiyintirib, odob-axloqi, taqvosini chiroyli qilib, ibodatda mustahkam qilib voyaga yetkazish juda katta maqomdir.
Ayollar – ular jufti-halol, rafiqalardir.
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
النساء: 19
Va ular ila yaxshilikda yashangiz. Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko‘pgina yaxshiliklarni qilsa.” (Niso surasi 19-oyat)
عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ» أَوْ قَالَ: «غَيْرَهُ»
رواه مسلم
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min mo‘minaga g‘azab qilmasin, agar uning bir xulqini yoqtirmasa, boshqasini yoqtiradi», dedilar. (Muslim rivoyati)
Ayollar – ular dindosh opa–singillardir. Bu ham ularning haq–huquqlaridan biridir.
وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاء بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ
التوبة: 71-72
“Mo‘minlar va mo‘minalar bir – birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar” (Tavba surasi 71-oyat).
Zotan, ularning qalblari o‘zaro mehr-oqibat, hayrixohlik va do‘stona munosabatda umumiydir. Haqiqiy mo‘min o‘zining dindosh muslima singlisini hurmat qiladi. Doimo yaxshilikni ravo ko‘radi. Unga nisbatan zulm, xiyonat va huquqlarini poymol qilish kabi yomonlikning barcha ko‘rinishlaridan o‘zini saqlabgina qolmay, balki uni o‘z tug‘ishgan singlisidek himoya qiladi.
Manbalar asosida
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom-xatibi
Avazxo‘ja BAXROMOV tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.
Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.
Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?!
Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.
Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:
Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!
Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:
1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.
2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.
3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.
Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.
Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2] Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.