Safarni ixtiyor qilib yo‘lga hozirlik ko‘rgan kishini yo‘ldan qaytarmoq keyinchalik o‘sha odamning malomatlariga duch bo‘lmoq demakdir. Zotan, dinimizda ham o‘z makonida ishi yurishmagan kishilarning safarga chiqishi tavsiya etilgan. Bizning vatandoshlarimiz musofirchilikka asosan rizq-nasiba talabida chiqayotir. Ularning ba’zilari musofirchilik zahmatini tortgani besamar ketmay uch-to‘rt so‘m orttirib kelyapti, ba’zilari esa quruq qo‘l bilan qaytib kelayotir.
“Bismillah” deb yurtidan chiqqan odamning Xudodan boshqa yori yo‘q. Shunday ekan, unday odam Alloh taoloning himoyasida bo‘lishni istasa, avvalo xulqini go‘zal tutmog‘i darkor. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadi:
“Musofirning zodi rohilasi halol, pokiza bo‘lishi, safar mobaynida (yon-atrofdagilarga) shirinsuxanligi, safardoshlariga xushmuomalaligi, yeb-ichish va xarajatlarda qo‘lidan kelganicha ularga yordam berishi ulug‘ inson ekanining alomatidir”.
Ana shu fazilatlari musofirchilikda uni boshqalarning ko‘ziga yaxshi ko‘rsatadi. Albatta, tanimagan-bilmagan joylariga borish kishini bir oz hayajonlantiradi, uyida qolayotgan farzandlaridan xavotir olishiga ham sabab bo‘ladi.
عن عثمان بن عفان، قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : "مَنْ خَرَجَ مِنْ بَيْتِهِ يُرِيدُ سَفَرًا فَقَالَ حِيْنَ يَخْرُجُ: بِسْمِ اللهِ وَ اعْتَصَمْتُ بِاللهِ تَوَكَّلْتُ عَلَى اللهِ لا حَوْلَ وَ لا قُوَّةَ إَلا بِاللهِ رُزِقَ خَيرَ ذَلِكَ المَخرَجِ وَصُرِفَ عَنهُ شَرَّ ذَلِكَ المَخرَجِ".
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollollohu alayhi vasallam:
“Kimki safarni iroda qilib uyidan chiqsa va chiqayotgan paytida: “Bismillahi va’tasomtu billahi tavakkaltu alallohi la havla vala quvvata illa billah” (Allohning nomi bilan safar qilishni boshlayman. Allohning yordamiga bog‘landim, Allohga tavakkul qildim va toatga quvvat ham, gunohdan saqlanishga bo‘lgan quvvat ham yolg‘iz Allohdandir) desa, o‘sha chiqishligida yaxshilik bilan rizqlanib, o‘sha chiqishligining yomonligi undan daf’ qilinadi”, dedilar”.
Musofirchilikning to‘rli ko‘rinishlari va shartlari haqida mufassir olimlarimiz ko‘p va xo‘b yozgan. Ularning asarlari bilan ham vaqti bilan tanishtirib boramiz. Hozirgi maqolamizda esa muhojirlikning, zamonaviy ifodada aytganda, migrantlik yoki gastarbayterlikning insonning ruhiyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishiga birgina misol keltirmoqchimiz.
Qo‘lida diplomi bor, ko‘p yillar shifoxonada ishlagan vrach ayol ozgina pul topaylik, uyimizning kam-ko‘stini butlaylik, bolalarni o‘qitaylik, to‘ylar qilaylik degan niyatda Ummon Orti davlatiga ishlagani ketibdi. U yerda bir insofli oilaga uchrab qolibdi. Keksa kampirga qaray boshlabdi. Xonadon egalari unga chiroyli muomala qilar, yaxshigina oylik maosh ham to‘lar ekan. Ko‘p yil ishlabdi. Bu yerdan niyat qilib chiqqanlarining deyarli hammasini hal qilishga o‘sha yoqda ishlagan dastmoyasi asqatibdi.
Nihoyat eng kenja qizini chiqaradigan bo‘lishibdi. Uyning egalaridan ruxsat olib yo‘lga shaylanibdi. Keyin yana buncha joyga borib-kelishga ozgina pul kerakmi, yaxshisi, yana bir yil sabr qilsam, birato‘la keta qolaman, deb o‘ylabdi. Yo‘llariga ko‘z tikib o‘tirgan farzandlariga qo‘ng‘iroq qilib shu qarorini aytibdi. Hammaning hafsalasi pir bo‘libdi. Lekin to‘yni to‘xtatib bo‘lmaydi-ku!
Hosili kalom, yana bir yil ishlab endi qaytmoqchiman deb qo‘ng‘irogq qilsa, eri ham, bolalari ham ishingiz yaxshi bo‘lsa, ishlayverganingiz ma’qulmi, yana bunday yaxshi xonadon topiladimi, yo‘qmi, deyatgan emish...
Bu gaplarni eshitib uning boshidan sovuq suv qo‘ygandek bo‘libdi. Musofirchilikda o‘tgan yillari ko‘z o‘ngida birma-bir o‘taveribdi. Deyarli har kuni bog‘lanib “Sizni sog‘indik, oyijon”, “Qachon qaytasiz, oyijon” deya mo‘ltiragan farzandlari nahotki usiz yashashga o‘rganib qolgan bo‘lsa! Uning o‘zichi? O‘zi erisiz, farzandlarisiz yashashga ko‘nikmadimi?.. Qaytib borganda ularga el bo‘lib ketarmikan!..
Damin JUMAQUL
O‘MI Matbuot xizmati
Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.
“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.
Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.
“Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.
“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati