Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Sizsizlikka ko‘nikmasin farzandlaringiz

09.03.2018   10775   4 min.
Sizsizlikka ko‘nikmasin farzandlaringiz

Safarni ixtiyor qilib yo‘lga hozirlik ko‘rgan kishini yo‘ldan qaytarmoq keyinchalik o‘sha odamning malomatlariga duch bo‘lmoq demakdir. Zotan, dinimizda ham o‘z makonida ishi yurishmagan kishilarning safarga chiqishi tavsiya etilgan. Bizning vatandoshlarimiz musofirchilikka asosan rizq-nasiba talabida chiqayotir. Ularning ba’zilari  musofirchilik zahmatini tortgani besamar ketmay uch-to‘rt so‘m orttirib kelyapti, ba’zilari esa quruq qo‘l bilan qaytib kelayotir.

“Bismillah” deb yurtidan chiqqan odamning Xudodan boshqa yori yo‘q. Shunday ekan, unday odam Alloh taoloning himoyasida bo‘lishni istasa, avvalo xulqini go‘zal tutmog‘i darkor. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadi:
“Musofirning zodi rohilasi halol, pokiza bo‘lishi, safar mobaynida (yon-atrofdagilarga) shirinsuxanligi, safardoshlariga xushmuomalaligi, yeb-ichish va xarajatlarda qo‘lidan kelganicha ularga yordam berishi ulug‘ inson ekanining alomatidir”.

Ana shu fazilatlari musofirchilikda uni boshqalarning ko‘ziga yaxshi ko‘rsatadi. Albatta, tanimagan-bilmagan joylariga borish kishini bir oz hayajonlantiradi, uyida qolayotgan farzandlaridan xavotir olishiga ham sabab bo‘ladi.

عن عثمان بن عفان، قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : "مَنْ خَرَجَ مِنْ بَيْتِهِ يُرِيدُ سَفَرًا فَقَالَ حِيْنَ يَخْرُجُ: بِسْمِ اللهِ وَ اعْتَصَمْتُ بِاللهِ تَوَكَّلْتُ عَلَى اللهِ لا حَوْلَ وَ لا قُوَّةَ إَلا بِاللهِ رُزِقَ خَيرَ ذَلِكَ المَخرَجِ وَصُرِفَ عَنهُ شَرَّ ذَلِكَ المَخرَجِ".

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollollohu alayhi vasallam:

Kimki safarni iroda qilib uyidan chiqsa va chiqayotgan paytida: “Bismillahi va’tasomtu billahi tavakkaltu alallohi la havla vala quvvata illa billah” (Allohning nomi bilan safar qilishni boshlayman. Allohning yordamiga bog‘landim, Allohga tavakkul qildim va toatga quvvat ham, gunohdan saqlanishga bo‘lgan quvvat ham yolg‘iz Allohdandir) desa, o‘sha chiqishligida yaxshilik bilan rizqlanib, o‘sha chiqishligining yomonligi undan daf’ qilinadi”, dedilar”.

Musofirchilikning to‘rli ko‘rinishlari va shartlari haqida mufassir olimlarimiz ko‘p va xo‘b yozgan. Ularning asarlari bilan ham vaqti bilan tanishtirib boramiz. Hozirgi maqolamizda esa muhojirlikning, zamonaviy ifodada aytganda, migrantlik yoki gastarbayterlikning insonning ruhiyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishiga birgina misol keltirmoqchimiz.

Qo‘lida diplomi bor, ko‘p yillar shifoxonada ishlagan vrach ayol ozgina pul topaylik, uyimizning kam-ko‘stini butlaylik, bolalarni o‘qitaylik, to‘ylar qilaylik degan niyatda Ummon Orti davlatiga ishlagani ketibdi. U yerda bir insofli oilaga uchrab qolibdi. Keksa kampirga qaray boshlabdi. Xonadon egalari unga chiroyli muomala qilar, yaxshigina oylik maosh ham to‘lar ekan. Ko‘p yil ishlabdi. Bu yerdan niyat qilib chiqqanlarining deyarli hammasini hal qilishga o‘sha yoqda ishlagan dastmoyasi asqatibdi.

Nihoyat eng kenja qizini chiqaradigan bo‘lishibdi. Uyning egalaridan ruxsat olib yo‘lga shaylanibdi. Keyin yana buncha joyga borib-kelishga ozgina pul kerakmi, yaxshisi, yana bir yil sabr qilsam, birato‘la keta qolaman, deb o‘ylabdi. Yo‘llariga ko‘z tikib o‘tirgan farzandlariga qo‘ng‘iroq qilib shu qarorini aytibdi. Hammaning hafsalasi pir bo‘libdi. Lekin to‘yni to‘xtatib bo‘lmaydi-ku!

Hosili kalom, yana bir yil ishlab endi qaytmoqchiman deb qo‘ng‘irogq qilsa, eri ham, bolalari ham ishingiz yaxshi bo‘lsa, ishlayverganingiz ma’qulmi, yana bunday yaxshi xonadon topiladimi, yo‘qmi, deyatgan emish...

Bu gaplarni eshitib uning boshidan sovuq suv qo‘ygandek bo‘libdi. Musofirchilikda o‘tgan yillari ko‘z o‘ngida birma-bir o‘taveribdi. Deyarli har kuni bog‘lanib “Sizni sog‘indik, oyijon”, “Qachon qaytasiz, oyijon” deya mo‘ltiragan farzandlari nahotki usiz yashashga o‘rganib qolgan bo‘lsa! Uning o‘zichi? O‘zi erisiz, farzandlarisiz yashashga ko‘nikmadimi?.. Qaytib borganda ularga el bo‘lib ketarmikan!..

Damin JUMAQUL

O‘MI Matbuot xizmati

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   26551   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari