Hozir Amerikada uch yuz ming nafarga yaqin o‘zbek yashaydi. Dastlab, o‘tgan asrning 60–70-yillari o‘n mingga yaqin o‘zbek oilalari bu o‘lkada qo‘nim topishdi. Bir necha ming nafar o‘zbeklar 80-yillarda Turkiya va Afg‘oniston orqali o‘tishgan. O‘zbekiston mustaqilligidan keyin har yili salkam ikki ming fuqaro AQSH hukumati taqdim etayotgan «Yashil chipta» sohibiga aylanyapti.
Ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan va o‘qishni davom ettirish uchun kelgan yoshlar yuqori malakali mutaxassis bo‘lib, Vatanga qaytib, tanlagan sohalarida ishni davom ettirish uchun aniq maqsad sari intilishyapti.
Bugun ular faqat ishchi emas, balki tadbirkor, o‘qituvchi, professor, advokat, uchuvchi va hatto huquqshunos bo‘lib davlat tashkilotlarida ishlashyapti. Davlat mutaxassislari kuzatuvlariga ko‘ra, Amerikada turmush kechirayotgan millatlar orasida o‘zbeklar o‘zining qonunga itoatliligi, mehnatsevarligi, insonparvarligi va mehmondo‘stligi bilan alohida ajralib turarkan.
Vatandoshlarimiz nafaqat AQSH jamiyatining bir qismi, balki o‘zbek milliy madaniyati, qadriyatlari va urf-odatlarining muhim bo‘g‘ini sifatida ham mazmunli hayot kechirishmoqda. Bunda, albatta, millatimiz, xalqimiz ravnaqi, madaniyatimiz targ‘ibotiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan turli tadbirlarning ahamiyati katta. Har yili O‘zbekistonning Amerikadagi elchixonasi yurtimiz mustaqilligi, Navro‘z va hayit bayramlariga bag‘ishlab vatandoshlarni tadbirga taklif qiladi va shodiyonalar keng nishonlanadi.
Yurtdoshlarimiz tashkil etgan «Turkiston-Amerika» uyushmasi va «O‘zbek Amerika» jamiyati u yerdagi o‘zbeklarni birlashtirib turadi. Vatandoshlarimiz Pensilvaniya, Filadelfiya, Texas, Chikago va yanada uzoq shtatlarda umrguzaronlik qilmasinlar, ularning holidan xabar olib turishadi. Jamiyat milliy qadriyatlarimizni saqlab qolish va yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida turli anjumanlar o‘tkazadi. Ularga osh, halim va sumalak kabi milliy taomlar tortiq qilinadi. Bundan tashqari, uyushma o‘n yildan beri muntazam Ramazon oyida O‘zbekistondan murattab qorilarni taklif qilyapti. Qorilarimiz u yerdagi jome masjidlarida xatmga o‘tib, ma’ruzalar qilishadi va ularning savollariga javob berishadi.
Amerikada bir guruh o‘zbekistonlik tashabbuskor yoshlar yetakchi mutaxassislar bilan hamkorlikda ingliz tilida «The Uzbek Times» jurnali va o‘zbek tilida «Vatandosh» gazetasini chop etishyapti. Jurnal va gazeta, avvalo, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodi, o‘zbek milliy an’analari, vatandoshlarimiz yutuq va muammolari, turmush tarzi haqida ma’lumot beradi. Gazeta oyda, jurnal esa har faslda bir marta chop etiladi.
Amerikalik o‘zbeklarning ham orzusi kindik qoni to‘kilgan ona yurtga qaytishdir. Albatta, ko‘chada millatdoshini ko‘rib, Vatanni eslaganida, ona zaminning muqaddas tuprog‘i qay darajada o‘ziga tortishini faqat hijronda yashayotgan odamgina his etishi mumkin.
Azizxon HAKIMOV
tayyorladi.
Vengriyaning “Hello Magyar” portalida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyevning “Yangi O‘zbekistonda inson qadri va diniy bag‘rikenglik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Muallifning ta’kidlashicha, mamlakatdagi islohotlar inson qadrini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan.
Iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar ilm-fan hamda ta’limni rivojlantirish, vijdon erkinligini mustahkamlash va diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qilish bilan chambarchas bog‘liq holda olib borilmoqda.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilinib, keyinchalik yangilangan bo‘lsa, bugungi kunda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkamlangan.
Maqolaning katta qismi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va Bahouddin Naqshbandning ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi rekonstruksiya qilingan Imom Buxoriy majmuasi ushbu merosni o‘rganish hamda targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Sodiq Toshboyev yoshlarni ilm-ma’rifat, vatanparvarlik va ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularni buzg‘unchi g‘oyalardan, jumladan, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan bir sharoitda himoya qilish muhimligini alohida qayd etgan.
Maqolada O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari istiqomat qilayotgani qayd etilgan. Bag‘rikenglikning amaliy ifodasi sifatida har yili o‘tkaziladigan Bag‘rikenglik haftaligi, 2023 yilda ta’sis etilgan “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni (500 dan ortiq kishi taqdirlangani), Ramazon va Qurbon hayitlarining nishonlanishi, mehr-oqibat va hamjihatlik maktabi sifatida mahalla e’tirof etilgan.
Xulosa o‘rnida muallif bag‘rikenglik nafaqat qonunlar bilan, balki insonlar ongida ham qaror topishi kerakligini ta’kidlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati