frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ayolning ota-onasi kuyovining uyiga qancha muddatda mehmonga kelishi mumkin?

08.03.2018   5364   3 min.
Ayolning ota-onasi kuyovining uyiga qancha muddatda mehmonga kelishi mumkin?

Islam-Today saytiga quyidagicha savol yo‘llangan: “Men rafiqam bilan alohida yashayman. Biroq uning ota-onasi biznikiga juda ko‘p keladi. Mening qaynonam bilan aloqalarim yaxshi emas. Shu sababli ularning har bir tashrifi kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladi. So‘ramoqchi bo‘lganim, ular uyimizga qay darajada tez-tez kelishi mumkin va qancha muddat biznikida qolishi o‘rinli?”

Javob: Fiqhga ko‘ra, erkakning ham, ayolning ham ota-onasi hurmatga loyiq. Buni bizdan islomiy tarbiya talab qiladi. O‘z navbatida hech qanday majburiyat chegarasiz emas. Bu shuningdek er-xotin bir-birining ota-onasiga hurmat bajo keltirish masalasiga ham tegishli.

Mazkur hurmatning saqlanib qolishi uchun fiqhda bu tashriflarning vaqti va davomiyligi belgilab qo‘yilgan. Agar ayolning ota-onasi qizi va kuyovidan uzoq bo‘lmagan joyda yashaydigan bo‘lsa, ular haftada bir marta uning uyiga borib, ertalabdan kechgacha u yerda bo‘lishi mumkin. Yoki qizini o‘z uyiga taklif qilishi ham mumkin. Shunday ekan, ular yoki kuyovning uyiga ertalab borib, kechgacha o‘tirishi, yoki qizini uyga taklif qilib, kechki payt qaytarib olib kelishi joiz. Bu holatda ayolning ota-onasi o‘z qizi bilan ko‘rishib turadi va shu bilan bir qatorda kuyovi bilan yaxshi hamda hurmatga yo‘g‘rilgan aloqalarni saqlab qoladi.

Agar ayolning ota-onasi uzoq joyda yashaydigan bo‘lsa, ularning tashrifi haftasiga bir martadan, yiliga bir martagacha qisqarib ketadi. Ular oldindan keladigan vaqtini aytgan holda, qizining oldida qanchadir muddat bo‘lishi va shundan keyin o‘z uyiga qaytib ketishi mumkin.

Bu singari tashriflar ota-onalarning farzandlari bilan aloqada bo‘lishlari yo‘lidagi huquqlaridir. Shu sababli, bundan og‘rinmaslik kerak.

Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul g‘ofiliyn” asarida keltirilganidek, mehmonning huquqi ham chegaralangan va u uch kundan oshmasligi kerak. Aniqroq qilib aytsak, uy egalari uch kun davomida mehmon uchun qayg‘urishi lozim. Uch kun o‘tganidan keyin esa, ular bunday qilishga majbur emas. O‘z navbatida mehmonlar uy egasi tomonidan belgilangan qoidalarga amal qilishi va unga hurmat bilan yondashishi, bu vaqt davomida o‘zining odatlarini unutishi zarur.

Shunga ko‘ra, mehmondorchilik muddati uch kunga teng. Bu muddat o‘tganidan so‘ng uy egasi mehmonlarga boshpana berishdan bosh tortishi mumkin va u bunga to‘la ma’noda haqli.

Azon.uz izohi: “Roddul muxtor” kitobida keltirilishicha, bunday holatda o‘sha joydagi mavjud urfga qarash o‘rinli. Ba’zi holatlar bo‘ladiki, ayol kasal bo‘lib qolishi mumkin. Bunday vaziyatda ayolning ota-onasi tez-tez farzandini ko‘rgani kelishi joizdir. Yoki aksincha, ayol ota-onasidan birining betobligi sababli ularni ko‘rgani tez-tez borishi hollari ham kuzatiladi. Bularning hammasi erning roziligi bilan amalga oshishi shart. Mazkur hollarda erkak kishi vaziyatga to‘g‘ri baho bergan holda qaror chiqarishi zarur.

Manba: https://azon.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Vafot etgan ota-onamga qanday yaxshilik qilishim mumkin?

30.06.2025   1690   3 min.
Vafot etgan ota-onamga qanday yaxshilik qilishim mumkin?

Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.

Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.

Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.

Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda  “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.

Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).

Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.

Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.

 

Ilyosxon AHMЕDOV