Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Havas qilingan martaba

04.03.2018   7622   2 min.
Havas qilingan martaba

Muhammad Shofe’ Usmoniy rohimahulloh hikoya qiladilar: Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi yetuk faqih, muhaddis va Allohning do‘sti edi. Alloh taolo u kishiga baland martaba ato qilgan edi. Vafot topganida bir kishi tushida u zotni ko‘rdi va: «Alloh sizga qanday muomala qildi?» deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi «Alloh taolo meni mag‘firat qildi, fazliga olib, ulkan marhamat ko‘rsatdi, lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib bo‘lmadi», dedi. Kishi uyqudan uyg‘ondi, dilida temirchining kimligi va qanday qilib Abdulloh ibn Muborakka berilmagan narsa unga berilganligini o‘ylab qoldi va Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhining mahallasiga bordi. Surishtirib ko‘rsa, haqiqatda u kishining uyining ro‘parasida bir temirchi bo‘lib, u ham vafot topgan ekan. Borib, temirchining xotinidan: «Eringiz nima qilar edi?» deb so‘radi va tushida ko‘rganlarini aytib berdi. Ayol: «Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga  havasi kelib, hasrat qilib, «Biz ham kengchilikda bo‘lganimizda, men ham tuni bilan tahajjud o‘qir edim», der edi. Ikkinchisi – u ishlayotganida qulog‘iga azon tovushi kirsa, mabodo bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa, shuni urib qo‘yayin, demasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini pastga tushirar va «Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi», der edi va masjidga qarab ketar edi», dedi. Tush ko‘rgan kishi: «Abdulloh ibn Muborakdan ham martabasining yuqori bo‘lishiga shu narsa sabab bo‘lgan ekan», dedi. E’tibor bering, temirchi ham halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi darajadagi farz bilan ikkinchi darajadagi farz to‘qnash kelgan edi, birinchi darajadagisini ustun qo‘ydi va Alloh buyuk muhaddislarga bermagan maqomga erishdi.

Manba: https://t.me/hikmatlar

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Oliy ma’hadning 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan tanishtirildi

13.09.2026   3997   1 min.
Oliy ma’hadning 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan tanishtirildi

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.

Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari