Muhammad Shofe’ Usmoniy rohimahulloh hikoya qiladilar: Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi yetuk faqih, muhaddis va Allohning do‘sti edi. Alloh taolo u kishiga baland martaba ato qilgan edi. Vafot topganida bir kishi tushida u zotni ko‘rdi va: «Alloh sizga qanday muomala qildi?» deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi «Alloh taolo meni mag‘firat qildi, fazliga olib, ulkan marhamat ko‘rsatdi, lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib bo‘lmadi», dedi. Kishi uyqudan uyg‘ondi, dilida temirchining kimligi va qanday qilib Abdulloh ibn Muborakka berilmagan narsa unga berilganligini o‘ylab qoldi va Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhining mahallasiga bordi. Surishtirib ko‘rsa, haqiqatda u kishining uyining ro‘parasida bir temirchi bo‘lib, u ham vafot topgan ekan. Borib, temirchining xotinidan: «Eringiz nima qilar edi?» deb so‘radi va tushida ko‘rganlarini aytib berdi. Ayol: «Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga havasi kelib, hasrat qilib, «Biz ham kengchilikda bo‘lganimizda, men ham tuni bilan tahajjud o‘qir edim», der edi. Ikkinchisi – u ishlayotganida qulog‘iga azon tovushi kirsa, mabodo bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa, shuni urib qo‘yayin, demasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini pastga tushirar va «Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi», der edi va masjidga qarab ketar edi», dedi. Tush ko‘rgan kishi: «Abdulloh ibn Muborakdan ham martabasining yuqori bo‘lishiga shu narsa sabab bo‘lgan ekan», dedi. E’tibor bering, temirchi ham halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi darajadagi farz bilan ikkinchi darajadagi farz to‘qnash kelgan edi, birinchi darajadagisini ustun qo‘ydi va Alloh buyuk muhaddislarga bermagan maqomga erishdi.
Manba: https://t.me/hikmatlar
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kurash insonning jismonan kuchli, baquvvat bo‘lishini ta’minlaydigan engmuhim sport turlaridan biri hisoblanadi. Islom dinida kurash tushish va kurash musobaqalarini o‘tkazish doimo qo‘llab quvvatlanadi.
Hadisda rivoyat qilinishicha, bir kuni Yazid ibn Rukona uch yuzta qo‘y yetaklab Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldi va “Ey Muhammad, men bilan kurashasanmi?” dedi. U zot alayhissalom: “Agar seni yiqitsam nima tikasan?” dedilar. U: “Yuzta qo‘y”, dedi. Ular kurash tushishgan edi. Yazid ibn Rukona yiqildi. U: “Yana qayta tushasanmi?” dedi. U zot: “Nima tikasan?” dedilar. U: “Boshqa yuztasini”, dedi. Ular kurash tushishdi. U yana yiqildi. Uchinchisida ham shunday bo‘ldi. Shunda u: “Ey Muhammad, sendan avval biror kishi mening kuragimni yerga tekkizmagan edi”, dedi va Islomni qabul qildi.
Shunda u: “Endi ahlimga nima deyman? Bitta qo‘yimni bo‘ri yedi, biri qochib ketdi, uchinchisini nima deyman?” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Biz seni yiqitib, qo‘ylaringga ega bo‘lish uchun kurash tushmadik. Qo‘ylaringni olib, ketaver”, dedilar.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar quyidagilardir:
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan olindi