Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

09.03.2018 y. Jannat-onalar oyog‘i ostida

02.03.2018   11307   9 min.
09.03.2018 y. Jannat-onalar oyog‘i ostida

 بسم الله الرحمن الرحيم

JANNAT- ONALAR OYOG‘I OSTIDA

Muhtaram jamoat! Onalarimizni boshga ko‘tarishga, ularga hamisha shafqatli, xokisor bo‘lishga, xizmatlarini qilishga buyurilganmiz. Farzandini to‘qqiz oy qornida avaylab ko‘tarib yurish, homiladorlikning qiynoq-azoblariga bardosh berish, tug‘ish chog‘ida bir o‘lib-bir tirilish, tuqqanidan so‘ng ikki-uch yilgacha bag‘ridan bo‘shatmay, qo‘lidan qo‘ymay ardoqlab parvarishlash, bolasi uchun bir tunni bir necha bo‘lakka bo‘lib oromdan kechish, hatto ulg‘ayib, uyli-joyli bo‘lib ketganida ham mehrini, shafqatini, marhamatini ayamaslik faqat onalargagina xos ilohiy fazilatdir. Alloh taolo ona zotini ulug‘lab, uning mehnatini qadrlash uchun odam farzandining e’tiborini unga qaratib,  Ahqof surasida shunday marhamat qiladi:

وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ إِحْسَانًا حَمَلَتْهُ أُمُّهُ كُرْهًا وَوَضَعَتْهُ كُرْهًا وَحَمْلُهُ وَفِصَالُهُ ثَلَاثُونَ شَهْرًا

(سورة ﺍﻷحقاف/15آية)

ya’ni: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko‘tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorlik va uni (sutdan) ajratish (muddati) o‘ttiz oydir…”.

Ona zotini farzandiga o‘ta mehribonligi haqida Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagicha keladi:

 

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ: جَاءَتْنِى مِسْكِينَةٌ تَحْمِلُ اِبْنْتَيْنِ لَهَا، فَأَطْعَمْتُهَا ثَلاَثَ تَمَرَاتٍ، فَأَعْطَتْ كُلَّ وَاحِدَةٍ مِنْهُمَا تَمْرَةً وَرَفَعَتْ إِلَى فِيهَا تَمْرةً لتَأَكُلَهَا، فَاسْتَطْعَمَتْهَا اِبْنَتَاهَا، فَشَقَّتْ التَّمْرَةَ الَّتِي كَانَتْ تُريدُ أَنْ تَأْكُلَهَا بَيْنَهُمَا، فَأَعْجَبَنِىْ شَأْنُهَا، فَذَكَرْتُ الَّذِيْ صَنَعَتْ لِرَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "إنَّ اللَّهَ قَدْ أَوْجَبَ لَهَا بِهَا الْجنَّةَ، أَوْ أَعْتَقَهَا بِهَا مِنَ النَّارِ"

(رواه الإمام مسلم)

ya’ni: “Huzurimga bir miskina ayol ikki qizini ko‘tarib keldi. Shunda unga uchta xurmo berdim. U har bir qizga bittadan xurmo berdi. Bir dona xurmoni yemoqchi bo‘lib, og‘ziga tutdi. Ikki qiz uni ham berishini so‘rashdi. U o‘zi yemoqchi bo‘lgan xurmoni ikkiga bo‘lib, ikkoviga berdi. Uning holi meni ajablantirdi. Uning qilganini Rasululloh (s.a.v)ga aytdim. Shunda Rasululloh (s.a.v) Buning uchun Alloh unga jannatni vojib qildi yoki uni do‘zaxdan ozod qildi, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Demak, farzandlarini dunyoga keltirish, keyin boqib katta qilishda bemisl matonat va fidoiylik ko‘rsatuvchi onalarimizning hurmatini joyiga qo‘yish, ular oldida hamisha o‘zini xoksor tutish, ularga yoqimli gaplarni so‘zlash, ularning haqqiga duolar qilib turish farzandning eng muhim burchlaridandir.

Muoviya ibn Johima (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda quyidagicha keladi:

 

عَنْ مُعَاوِيَةَ بْنِ جَاهِمَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّهُ جَاءَ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ أَرَدْتُ أَنْ أَغْزُوَ، وَقَدْ جِئْتُ أَسْتَشِيْرُكَ؟ فَقَالَ:"هَلْ لَكَ أُمٌّ"؟ قَالَ: نَعَمْ، قَالَ:"فَالْزَمْهَا فَإِنَّ الْجَنَّةَ تَحْتَ رِجْلَيْهَا"

(رواه الإمام النسائي والإمام الحاكم)

 

ya’ni: Mu’oviya ibn Johima (r.a)dan rivoyat qilinadi, u zot Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning huzurlariga kelib, ey Rasululloh, men g‘azotga bormoqchi edim, maslahatingizni olishlik uchun keldim, dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Onangiz bormi?”, dedilar. U kishi: “Ha”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Onangizni xizmatlarini g‘animat biling, chunki jannat uning oyog‘i ostidadir”, dedilar (Imom Nasaiy va Hokim rivoyati).

Hadisi sharifni sharhlagan ulamolarimiz shunday deydilar: “Sen jannatdagi nasibangga faqat onang orqaligina yetishasan. Shunday ekan, uning roziligini olishga harakat qilgin”.

Ibni Hajar Asqaloniy  (r.a) o‘zlarini “Al-isoba” nomli kitoblarida shunday deydilar: ”Onalarni hurmat va ehtirom qilish, ularga g‘amxo‘r va mehribon bo‘lish, ularni oldilaridagi farzandlik burchini ado qilish biz ummatlarga Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan merosdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning go‘daklik paytlarida onalari olamdan o‘tganliklari uchun Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga onaning xizmatini qilish nasib etmagan, biroq U zotni emizgan Halima onamiz Payg‘ambarimizni huzurlariga kelganlarida o‘rnilaridan turib, kiyib turgan ridolarini Halima onamizga to‘shab, ustiga o‘tqizar edilar”.

 

حِيْنَ سِيْقَ إِلَيْهِ السَّبْيُ مِنْ هَوَازِنَ كَانَتْ الشَيْمَاءُ بِنْتُ حَلِيْمَةَ فِيْهِمْ فَلَمَّا اِنْتَهَتْ إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنِّي لَأُخْتُكَ مِنَ الرَّضَاعَةِ وَعَرَّفَتْهُ بِعَلاَمَةٍ عَرَّفَهَا صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَبَسَطَ لَهَا رِدَاءَهُ، وَدَمَعَتْ عَيْنَاهُ وَقَالَ لَهَا: هَهُنَا، فَأَجْلَسَهَا عَلَى رِدَائِهِ وَخَيَّرَهَا بَيْنَ أَنْ تُقِيْمَ مَعَهُ مُكْرَمَةً مُحَبَّبَةً أَوْ أَنْ تَرْجِعَ إِلَى قَوْمِهَا، فَأَسْلَمَتْ وَرَجَعَتْ إِلَى قَوْمِهَا، وَأَعْطَاهَا رَسُولُ اللهِ نَعَماً وَشَاةً وَثَلَاثَةَ أَعْبُدٍ وَجَارِيَةٍ

 (كتاب الإصابة لابن الحجر الاسقلاني)

Rasululloh (s.a.v)ning huzurlariga Havozin asirlari olib kelinganda, ularning orasida Payg‘ambarimizni emizgan Halima onamizning Shaymo ismli qizlari ham bor edi. Shunda Shaymo Payg‘ambar (s.a.v)ga U zotga tanish bo‘lgan bir belgi orqali o‘zini tanishtirib, “Ey Allohning Rasuli men sizni emikdosh singlingizman”, dedi. Shunda, beixtiyor Rasululloh (s.a.v)ning ko‘zlaridan sevinch yoshlari balqib chiqdi, ridolarini to‘shab: “Mana bu yerga o‘tiring”, dedilar va unga xohlasa U zotning huzurlarida izzat-ikrom ko‘rib yashash, xohlasa o‘z qavmiga qaytish ixtiyorini berdilar. Shaymo Payg‘ambarimiz (s.a.v)dan bunday hurmat va ehtiromni ko‘rib musulmon bo‘ldi va tashakkur aytib o‘z qavmiga qaytishini bildirdi. U zot alayhissalom unga bir nechta tuya va qo‘ylar hamda uchta qul va cho‘ri hadya qilib, kuzatdilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) emikdosh singillariga bunday izzat-ehtirom qilishlarini sababi onalari Halima onamizning hurmatlaridan edi (“Al-isoba” kitobi). 

Imom Bazzor rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

 

أَنَّ رَجُلًا كَانَ بِالطَّوَافِ حَامِلًا أُمَّهُ يَطُوفُ بِهَا فَسَأَلَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ هَلْ أَدَّيْتُ حَقَّهَا؟ قَالَ: "لَا وَلَا بِزَفْرَةٍ وَاحِدَةٍ!"

(رواه الإمام  البزار)

ya’ni: Bir kishi onasini yelkasida ko‘tarib Baytullohni tavof qildirar edi. Tavofni tugatgach: “Onamning mendagi haqqini ado etdimmi?” deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v): “Yo‘q, syen to‘lg‘oq azobidagi bir marta oh urishining haqqini ham ado etolmading”,  dedilar.

 

عَنْ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ رَجُلاً أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنِّي أَصَبْتُ ذَنْبًا عَظِيمًا فَهَلْ لِي تَوْبَةٌ؟ قَالَ: هَلْ لَكَ مِنْ أُمٍّ؟ قَالَ: لاَ، قَالَ: هَلْ لَكَ مِنْ خَالَةٍ؟ قَالَ: نَعَمْ، قَالَ: "فَبِرَّهَا"

(رواه الإمام  الترمذي)

 

ya’ni: Bir kishi qayg‘uga botib, Rasululloh (s.a.v) huzurlariga bordi va: “Ey Rasululloh! Men katta gunoh qilib qo‘ydim, mening tavbam qabul bo‘larmikin?" dedi. Rasululloh (s.a.v): "Onang bormi?" dedilar. U "Yo‘q", dedi. Rasululloh (s.a.v) "Xolangchi?", deb so‘radilar. "Ha," deb javob berdi. Rasululloh (s.a.v):  "Unday bo‘lsa, xolangga yaxshilik qil",  deb marhamat qildilar (Imom Termiziy rivoyati). 

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida farzandlarning ota-onalari oldidagi vazifalari haqida suhbatlashamiz.

Ota-onaning farzand zimmasida ko‘plab haqlari bo‘lib, ularning ba’zisi ota-onaning hayotlik vaqtlariga bog‘liq bo‘lsa, qolgani esa vafotlaridan keyingi davrga taalluqlidir.

Ota-onasi hayot bo‘lgan davrda farzand bajarishi lozim bo‘lgan ba’zi  amallar:

  • ota-onasiga itoat qilish, ya’ni: gunoh bo‘lmaydigan ishlarning barchasida ota-onaga labbay deb, buyurgan ishlarini malollanmasdan, go‘zal tarzda bajarish;
  • ota-onaga doimo yaxshilik va ehsonda bo‘lish, ya’ni: farzand o‘z sharoitidan kelib chiqib, ota-onasiga yegulik, kiyim-kechak va boshqa zaruriyatlarini ta’minlashi;
  • ota-onaga kamtarlik va kamsuqumlik bilan muomala qilish, ya’ni: oldilarida hurmat bilan o‘tirish, baland ovozda gapirmaslik, umuman “uf” kalimasini ularga nisbatan ishlatmaslik, ular huzurida behuda ko‘p gapirmaslik, odob bilan so‘zlarini tinglash, ismlari bilan chaqirmaslik, yurishda yoki bir joyga kirib chiqishda ruxsatlarisiz ulardan oldin harakat qilmaslik;
  • ota-onalarning ruxsatlarisiz safarga chiqmaslik, ya’ni: qanday safar bo‘lishidan qat’iy nazar, farzandlar doimo ota-onalarining roziliklari, duo va oq fotihalari bilan safarga chiqishlari lozim;

Ota-onasi vafotidan so‘ng farzand bajarishi lozim bo‘lgan ba’zi amallar:

  • ota-onaning haqqiga duo va istig‘forlarni doim aytish;
  • ota-onaning do‘stlari bilan aloqani uzmay, ularga yaxshilik qilish orqali hurmatlarini joyiga qo‘yish;
  • ota-onalarning vasiyyatlarini bajarish;
  • ota-ona sababli qarindosh bo‘lganlar bilan silai rahm qilish.

Alloh taolo hayot bo‘lgan ota-onalarimizning umrlarini uzoq qilsin, o‘tganlarini esa, O‘z rahmatiga g‘arq aylasin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   19311   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari