Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rizqini keng qilishi va ajalini kechiktirishi kimni quvontirsa, u silai rahm qilsin” (Buxoriy va Termiziy).
Silai rahm deyilganida, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash tushuniladi. Soddaroq ifodalasak, qavm-qarindosh, yoru birodarlar bilan o‘zaro bordi-keldini uzib qo‘ymaslik, doimo qondoshlar, ayniqsa, ular orasidagi betoblari va hojatmandlari holidan xabar olish, qo‘ldan kelganicha ularning og‘irini yengil qilish kabi ulug‘ insoniy fazilatlarga silai rahm deyiladi.
Mo‘tabar aqida kitoblarimizda, jumladan, “Aqoidi Nasafiy”da bunday deyiladi: “Ajal bittadir”.
Shunday ekan, umrni uzaytirishni qanday tushunish kerak?
Ba’zi ulamolar bunday javob berganlar: “Amallarda barakot va tavfiq hosil bo‘lishi umrning bekorga o‘tmasligidir. Bu xuddi uning uzayganiga o‘xshaydi”.
Ayrim ulamolar, silai rahm o‘lganidan keyin yaxshilik bilan yodlanishiga sababdir, bu umrning ma’nan uzayishidir, deyishgan.
Ba’zi hadis olimlariga ko‘ra, ajalning kechikishi deyilganida umrning ortishi emas, balki Alloh silai rahm qiluvchining naslidan xayrli zurriyot chiqarishi tushuniladi. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida “Kim silai rahm qilsa, ajali kechiktiriladi”, deyilganida, u zot bunday marhamat qildilar: “Umr uzaymaydi. Alloh taolo: “Bas, qachon ularga ajallari kelsa, uni biron soatga orqaga ham, oldinga ham sura olmaydilar” (A’rof, 34), deya ogohlantirgan. Ammo kishi silai rahm qilsa, uning ortidan duo qiladigan xayrli zurriyoti bo‘ladi” (Tabaroniy rivoyati).
Bu masalaga Ibn Hajar Asqaloniy bunday sharh keltirgan: “Umrning uzayishi deyilsa, bandani toatga yo‘llash va oxirat uchun foydali amallarni bajarishga ishtiyoq berish, vaqtini bekorga o‘tkazishdan saqlash orqali umrini barakotli qilib qo‘yish tushuniladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlarining umri boshqa ummatlarga nisbatan juda qisqaligini aytib, duo qilganlarida, Qadr kechasi berilgan. Zero, kim ushbu kechaga yetishib, uni toat-ibodat bilan o‘tkazsa, sakson uch yil ibodat qilganning savobini olishi haqida hadislar bor.
Xullas, silai rahm toatning ortishi va gunohlarning kamayishiga sababdir, u orqali banda o‘zidan yaxshi xotira qoldiradi va o‘lganidan so‘ng ham unga savob yozilib turaveradi. Mo‘minga asqatadigan narsalar ichida o‘zidan keyin foydalaniladigan ilm, sadaqai joriya va solih farzanddir”.
“Kutubi sitta” asosida
Sodiq NOSIR
tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.
2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.
3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.
4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.
5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.
6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.
7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.
8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.
9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.
10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.
11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.
12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay egasini ichini yondiradi.
13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.
14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.
15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin — chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.
16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.
17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.
18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.
19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV