Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rizqini keng qilishi va ajalini kechiktirishi kimni quvontirsa, u silai rahm qilsin” (Buxoriy va Termiziy).
Silai rahm deyilganida, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash tushuniladi. Soddaroq ifodalasak, qavm-qarindosh, yoru birodarlar bilan o‘zaro bordi-keldini uzib qo‘ymaslik, doimo qondoshlar, ayniqsa, ular orasidagi betoblari va hojatmandlari holidan xabar olish, qo‘ldan kelganicha ularning og‘irini yengil qilish kabi ulug‘ insoniy fazilatlarga silai rahm deyiladi.
Mo‘tabar aqida kitoblarimizda, jumladan, “Aqoidi Nasafiy”da bunday deyiladi: “Ajal bittadir”.
Shunday ekan, umrni uzaytirishni qanday tushunish kerak?
Ba’zi ulamolar bunday javob berganlar: “Amallarda barakot va tavfiq hosil bo‘lishi umrning bekorga o‘tmasligidir. Bu xuddi uning uzayganiga o‘xshaydi”.
Ayrim ulamolar, silai rahm o‘lganidan keyin yaxshilik bilan yodlanishiga sababdir, bu umrning ma’nan uzayishidir, deyishgan.
Ba’zi hadis olimlariga ko‘ra, ajalning kechikishi deyilganida umrning ortishi emas, balki Alloh silai rahm qiluvchining naslidan xayrli zurriyot chiqarishi tushuniladi. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida “Kim silai rahm qilsa, ajali kechiktiriladi”, deyilganida, u zot bunday marhamat qildilar: “Umr uzaymaydi. Alloh taolo: “Bas, qachon ularga ajallari kelsa, uni biron soatga orqaga ham, oldinga ham sura olmaydilar” (A’rof, 34), deya ogohlantirgan. Ammo kishi silai rahm qilsa, uning ortidan duo qiladigan xayrli zurriyoti bo‘ladi” (Tabaroniy rivoyati).
Bu masalaga Ibn Hajar Asqaloniy bunday sharh keltirgan: “Umrning uzayishi deyilsa, bandani toatga yo‘llash va oxirat uchun foydali amallarni bajarishga ishtiyoq berish, vaqtini bekorga o‘tkazishdan saqlash orqali umrini barakotli qilib qo‘yish tushuniladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlarining umri boshqa ummatlarga nisbatan juda qisqaligini aytib, duo qilganlarida, Qadr kechasi berilgan. Zero, kim ushbu kechaga yetishib, uni toat-ibodat bilan o‘tkazsa, sakson uch yil ibodat qilganning savobini olishi haqida hadislar bor.
Xullas, silai rahm toatning ortishi va gunohlarning kamayishiga sababdir, u orqali banda o‘zidan yaxshi xotira qoldiradi va o‘lganidan so‘ng ham unga savob yozilib turaveradi. Mo‘minga asqatadigan narsalar ichida o‘zidan keyin foydalaniladigan ilm, sadaqai joriya va solih farzanddir”.
“Kutubi sitta” asosida
Sodiq NOSIR
tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi besh kishilik taom hozirlab, beshinchisi etib Rasulullohni ham chaqirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bilan bir kishini ham olib keldilar. Uning eshigi oldiga yaqinlashganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uy egasiga: «Bu kishi menga ergashib keldi. Agar xohlasang, bunga izn ber, kirsin. Agar xohlamasang, qaytib ketadi», deganlarida, uy egasi: «Yo Rasululloh, uning kirishiga izn beraman», deb aytdi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan