Savol: Agar kimdan qancha qarz olganim esimdan chiqib ketgan bo‘lsa qarzimni qanday ado qilsam bo‘ladi?
Javob: Odatda, qarz olib yuradigan odamlaringizdan qarzingiz bor yoki yo‘qligi haqida so‘rab chiqasiz. Aslida qarz olgan kishining unutib yuborishi - uning juda ham loqaydligidir. Qarz bergan kishi unutib qo‘yishini tushunish mumkin. Lekin qarz olgan kishining unutib yuborishi uning diyonatsizligi hisoblanadi. Agar esdan chiqarib qo‘yish xavfi bo‘lsa, yozib yuring.
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا تَدَايَنْتُمْ بِدَيْنٍ إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى فَاكْتُبُوهُ
Ey, imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo‘yingiz*!.
Allohning buyrug‘iga amal qilinmaganidan turli muammolar kelib chiqaveradi. Yuqoridagi holat ham shulardan biridir. Shuning uchun ham musulmon kishi har bir ishni qilishdan oldin, “bunga shariatimiz nima deydi?” degan savolga javob topib, so‘ngra unga muvofiq ish qilmog‘i kerak. Aks holda muammolar ko‘payaveradi. Keyin esa o‘sha muammolarning yechimini topishni so‘rab ahli ilmlarning boshi qotiriladi.
Savol: Agar kishi boshqa bir kishidan o‘rtada turib birodari uchun qarz olib bersa, qarz bergan kishi qarzdordan qarzini so‘ramasa, qarzdor ham qarzni qaytarish tashvishini qilmasa, har xil bahonalar qilsa, o‘rtada turgan kishi nima qilishi kerak?
Javob: “...qarz bergan kishi qarzdordan qarzini so‘ramasa”. Aslida qarz bergan kishi agar qarzni qaytarib olish niyati bo‘lsa, albatta, qarzdordan uch marta vaqti-vaqti bilan so‘rashi shart. Agar so‘ramasdan o‘zidan o‘zi xafa bo‘lib yuraveradigan bo‘lsa, u nohaq bo‘ladi. Zotan, inson unutivchidir, balki qarzdorligini unutib qo‘ygandir, unga uch marta eslatish kerak. Agar shunda ham qarzni bermasa keyin boshqa chora ko‘riladi. Ya’ni xohlasa kechib yuboradi yoki mahkama orqali undirib olsa ham bo‘ladi yoxud o‘rtada kafil turgan kishidan undirib olsa ham bo‘ladi. Keyin kafil bo‘lgan kishi haqiqiy qarzdordan undirib olaveradi.
Is'hoqjon domla Begmatov
O‘MI masjidlari bo‘limi xodimi
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madina bozorida bir a’robiydan ot sotib oldilar. Yonlarida pul yo‘q edi. Savdolashib bo‘lgach, pulni olib kelish uchun shoshib uylariga ketdilar. A’robiyga ortlaridan borishni tayinladilar. A’robiy sekin yurdi. Savdo pishganidan xabari yo‘q kishilar a’robiydan otning narxini so‘ray boshlashdi. Ulardan biri a’robiyga Nabiy alayhissalom bermoqchi bo‘lgan puldan ortiqroq pul taklif qildi. Shunda a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yangi narx bersalar sotishini, aks holda, boshqa kishiga berishini aytdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
- Men sendan otni sotib olgan edim-ku! – dedilar.
A’robiy aytdi:
- Allohga qasamki, men uni sizga sotganim yo‘q! Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
- Men sendan uni sotib oldim! - dedilar yana. Atrofga odam to‘plandi. A’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamga dedi:
- Meni otni sizga sotganimga guvohingiz bormi? Shunda Huzayma ibn Sobit roziyalloxu anhu o‘rtaga otilib chiqdi va:
- Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam otni sendan sotib olganlariga guvohman! dedi. Aslida, Huzayma savdoga guvoh bo‘lmagan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham undan ajablanib so‘radilar:
- Nima bilan guvohlik berasan?
Huzayma dedi:
- Ey Allohning Rasuli! Sizni tasdiqlaganim bilan guvohlik beraman. Samodan xabar keltirganingizni tasdiqlab, yerdagi xabaringizni yolg‘onga chiqaramanmi?!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunda o‘sha mashhur gapini aytdilar:
Huzaymaning guvohligi ikki kishining guvohligiga tengdir!
Abu Bakr roziyallohu anhuning davrida Qur’on jamlandi. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu har bir oyatni kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlaridan eshitganiga ikkita guvoh keltirsagina yozib olar edi. Ahzob surasiga yetganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan, ammo unutgan bir oyatni bilib qoldi. Bu oyatni Huzayma kelib unga eslatdi. U oyat Quyidagi oyat edi:
«Mo‘minlardan Allohga bergan va’dalariga sodiq qolgan kishilar bordir. Bas, ulardan ba’zilari ajalini topdi. Ba’zilari esa kutib turibdi. Ular biror narsani almashtirmadilar» (Ahzob surasi, 23-oyat).
Zayd roziyallohu anhu: «Huzaymaning guvohligi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, ikki kishining guvohligiga o‘tadi», dedi va bu oyatni Mus'hafga kiritib qo‘ydi. Biz bu oyatni qiyomat kunigacha tilovat qilamiz!
Alloh taolo haqlarni himoya qilish uchun shartnomalarni yozib qo‘yishni amr qiladi. Xaridorning haqqini, sotuvchining haqqini, qarz beruvchining haqqini, qarz oluvchining haqqini, ishchining haqqini, ish beruvchining haqqini... Ammo shuni bilishimiz kerakki, gapiga javob bermaydigan kishini hech qanaqasiga eplab bo‘lmaydi. Insonlar dunyo epchilniki deb o‘ylashadi. Yuqoridagi ko‘proq beradigan kishini topgan va savdosini buzgan a’robiy kabi mol jamlash uni qanday yo‘l bilan topishingizdan qat’i nazar daholikni talab qiladi deb xayol qilishadi. Insonlar harom u yoqda tursin, hatto halolning ham kuni kelib ketishini unutishadi. Qolaversa, baraka degan narsa bor. Alloh taolo yolg‘on qasam bilan, xiyonat bilan, va’daga xilof qilish bilan topilgan moldan barakani tortib oladi. Qolaversa, bundan keyin o‘lim, oxirat va hisob-kitob degan narsalar ham bor. Unutmaylik!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi