Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Mart, 2026   |   19 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:29
Quyosh
06:47
Peshin
12:39
Asr
16:36
Shom
18:25
Xufton
19:37
Bismillah
08 Mart, 2026, 19 Ramazon, 1447

Qarz olish va qaytarish haqida

02.03.2018   16233   2 min.
Qarz olish va qaytarish haqida

Savol: Agar kimdan qancha qarz olganim esimdan chiqib ketgan bo‘lsa qarzimni qanday ado qilsam bo‘ladi?
Javob: Odatda, qarz olib yuradigan odamlaringizdan qarzingiz bor yoki yo‘qligi haqida so‘rab chiqasiz. Aslida qarz olgan kishining unutib yuborishi - uning juda ham loqaydligidir. Qarz bergan kishi unutib qo‘yishini tushunish mumkin. Lekin qarz olgan kishining unutib yuborishi uning diyonatsizligi hisoblanadi. Agar esdan chiqarib qo‘yish xavfi bo‘lsa, yozib yuring.


يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا تَدَايَنْتُمْ بِدَيْنٍ إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى فَاكْتُبُوهُ


Ey, imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo‘yingiz*!.
Allohning buyrug‘iga amal qilinmaganidan turli muammolar kelib chiqaveradi. Yuqoridagi holat ham shulardan biridir. Shuning uchun ham musulmon kishi har bir ishni qilishdan oldin, “bunga shariatimiz nima deydi?” degan savolga javob topib, so‘ngra unga muvofiq ish qilmog‘i kerak. Aks holda muammolar ko‘payaveradi. Keyin esa o‘sha muammolarning yechimini topishni so‘rab ahli ilmlarning boshi qotiriladi.
Savol: Agar kishi boshqa bir kishidan o‘rtada turib birodari uchun qarz olib bersa, qarz bergan kishi qarzdordan qarzini so‘ramasa, qarzdor ham qarzni qaytarish tashvishini qilmasa, har xil bahonalar qilsa, o‘rtada turgan kishi nima qilishi kerak?
Javob: “...qarz bergan kishi qarzdordan qarzini so‘ramasa”. Aslida qarz bergan kishi agar qarzni qaytarib olish niyati bo‘lsa, albatta, qarzdordan uch marta vaqti-vaqti bilan so‘rashi shart. Agar so‘ramasdan o‘zidan o‘zi xafa bo‘lib yuraveradigan bo‘lsa, u nohaq bo‘ladi. Zotan, inson unutivchidir, balki qarzdorligini unutib qo‘ygandir, unga uch marta eslatish kerak. Agar shunda ham qarzni bermasa keyin boshqa chora ko‘riladi. Ya’ni xohlasa kechib yuboradi yoki mahkama orqali undirib olsa ham bo‘ladi yoxud o‘rtada kafil turgan kishidan undirib olsa ham bo‘ladi. Keyin kafil bo‘lgan kishi haqiqiy qarzdordan undirib olaveradi.


Is'hoqjon domla Begmatov

O‘MI masjidlari bo‘limi xodimi
O‘MI matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar

Moida surasi fazilatlari

06.03.2026   5487   7 min.
Moida surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Moida surasi Qur’oni Karimning beshinchi surasi bo‘lib, u Madinada nozil bo‘lgan, bir yuz yigirma oyatdan iborat. «Moida» so‘zining ma’nosi «dasturxon»dir. Surada Iso alayhissalomdan uning eng yaqin safdoshlari osmondan moida, ya’ni yasatilgan dasturxon tushirib berishni so‘raydilar. Undan ovqatlanish va bashorat olishni maqsad qiladilar. Alloh taolo Iso alayhissalomni qo‘llab-quvvatlash va u zotning payg‘ambar ekanliklarini tasdiqlash uchun havoriylar talab qilgan moidani tushirdi. Surada moida to‘g‘risida to‘rtta oyat kelgani sababli unga shu nom berilgan.

Suraning ikkinchi nomi “Uhuud” (shartnoma, ahdnomalar)dir. Surada insonning Robbi bilan qilgan ahdnomasi, shaxsiy va jamoaviy ahdnoma va shartnomalar, haqida bayon qilinadi. Shuningdek, ularda ahdga vafo qilish, adolatli bo‘lish va ularga amal qilish lozimligi ta’kidlanadi.

Surada “Ey, imon keltirganlar!...” degan nido o‘n olti bor kelgan bo‘lib, har bir nidodan keyin kelgan ma’nolar o‘ziga xos shartnomaga aylangan.

Surada tavhid, shar’iy hukmlar, halol va harom narsalar, jonliqlarni so‘yish masalasi, haj va umra vaqtida ehromda ov qilish hukmi va uning kaffaroti, tahorat, g‘usl, tayammum, nikoh, ahdga vafo qilish, hukmda adolatli bo‘lish, odil guvoh bo‘lish, har bir holatda adolatli bo‘lish, jinoyat va jazo masalasi, xamr va qimor haromligi, o‘g‘rilik hukmlari, qasamning kafforati, vasiyat haqida, ibrat olish uchun payg‘ambarlar qissasi, Qobil va Hobil qissasi va boshqalar bayon etiladi.


Islom shariatida inson hayoti uchun zarur bo‘lgan asosiy maqsad va tamoyillar bo‘lgan jon himoyasi, din himoyasi, inson aqlining himoyasi, nasl va sha’n himoyasi, mol himoyasiga asosiy e’tibor qaratiladi. Mufassir ulamolar suraga “Islom shariatidagi maqsad va tamoyillarning barchasi Moida surasida jamlangan” deb ta’rif berishadi.

Bu sura eng oxirgi nozil bo‘lgan suralardan biri bo‘lib, unda juda ko‘p shar’iy hukmlar bayon qilingani sababli uni o‘rganishga targ‘ib qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashish hajida Moida surasini o‘qidilar va shunday dedilar: “Albatta, Moida surasi eng keyin nozil bo‘lgan suradir. Bas, ushbu surada halol deyilgan narsalarni halol deb bilinglar, harom qilingan narsalarni harom deb bilinglar”.


Shuningdek, ushbu surada Alloh ta’alo shunday marhamat qiladi:

“Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling! Albatta, Alloh iqobi shiddatlidir” (2-oyat).

Ushbu oyat bizning faoliyatimizdagi asosiy maqsad bo‘lishi lozim, oyatda barcha mo‘min va mo‘minalarga hamkorlik ishlarida amal qilishi lozim bo‘lgan asosiy qoida bayon qilinmoqda.

Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni to‘kis qildim va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim” (3-oyat).

Ushbu sura nozil bo‘lishi orqali Islom dini benuqson va barkamol bo‘lgani, Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa to qiyomat kuniga qadar barcha inson va jinlarga payg‘ambar qilib yuborilgani, Alloh taolo insoniyatni amal qilishi uchun faqat bitta dinni – Islomni tushirgani alohida ta’kidlanadi.

“U bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (16-oyat).

Ulamolar inson tinch va osoyishta hayot kechirishni istasa ushbu oyatni muntazam o‘qib yurishini tavsiya qiladilar, chunki chinakam mo‘min inson tinchlik va xotirjamlikni, Alloh taoloning roziligini Qur’oni karimni o‘rganish va unga amal qilish orqali topadi. 

“Ana o‘sha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qo‘ydik: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam huddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”. Ularga rasullarimiz (ilohiy) hujjatlarni keltirganlar. So‘ngra ularning ko‘pchiligi o‘shandan keyin (ham) Yerda isrof qiluvchilardir” (32-oyat).

Ushbu oyatda bir beayb insonni o‘ldirgan odam butun boshli insoniyatni o‘ldirgandek jinoyat qilgan hisoblanadi. Bitta jonni hayotini saqlab qolish esa butun insoniyatni saqlab qolgan bilan tengdir.

“Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi” (87-oyat).

Ushbu oyatda Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarish mumkin emasligi, harom narsalarni halol deyishlik esa kufr ekanligi, banda haddidan oshishi esa katta gunohlardan biri ekanligi bayon qilinmoqda.


“Ey imon keltirganlar, xamr, qimor, butlar hamda qur’a cho‘plari shayton ishidan bo‘lgan iflosliklardir, najot topish uchun bulardan chetlaninglar! Shayton xamr va qimor orqali orangizga dushmanlik va adovat solish, sizlarni Allohning zikri va namozdan to‘sishni istaydi. Shunda ham tiyilmaysizlarmi?” (90-91-oyatlar).

Xamr va qimorning oila, jamiyat va butun insoniyatga keltiradigan zararlari juda ham ko‘p bo‘lib, odamlar o‘rtasida o‘zaro adovat va nafratni ko‘payishiga, bir-birlarini yomon ko‘rib qolishiga sabab bo‘ladi. Qayerda ichkilik bo‘lsa, o‘sha joyda ko‘ngilsizlik, tartibsizlik kelib chiqadi. Ichkilik oilalarning buzilishiga, yaqin insonlarni bir-biriga dushman bo‘lib qolishiga, jamiyatda adovat va hasadni ko‘payishiga olib keladi. Qimor ham insonlarni tubanlikka, birovni haqqiga rioya qilmaslikka, zulmkorlik, qotillikka undaydi. Alloh taalo ushbu amallar iflos, qabix, eng razil amal ekanini ta’kidlab, insonlarni bunday jirkanch amallardan qaytarmoqda.

Ushbu sura fazilati haqida hadislarda quyidagilar bayon etilgan:


Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Kim yettita uzun suralarni yodlasa, u olimdir” (Imom Ahmad va imom Hokim rivoyati).

Mujohid rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Erkaklaringizga Moida surasini o‘rgatinglar! Ayollaringizga Nur surasini o‘rgatinglar!” dedilar” (Said ibn Mansur, Ibn Munzir va Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Surada juda ko‘p shar’iy hukmlar bayon qilingani sababli uni o‘rganishga keng targ‘ib qilinadi. Surani o‘qish, tafsirini o‘rganish, ularga hayotimizda amal qilish orqali suraning ulug‘ fazilatlariga ega bo‘lishni Alloh taolo barchamizga nasib qilsin.

 

“Tafsiri Hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”, “Qur’oni azim muxtasar tafsiri”,
“Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi”
va boshqa manabalar asosida
Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi.