Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Sunnatning tarqalishida elchilik aloqalarining ahamiyati

27.02.2018   9759   12 min.
Sunnatning tarqalishida elchilik aloqalarining ahamiyati

Rasululloh (s.a.v.) muttasil uch yil Makka ahlini maxfiy da’vat qildilar. Islomga xayrixoh kishilar soni biroz ko‘paygandan keyin Rasululloh (s.a.v.) ochiq-oydin da’vatga buyurildilar. Makkaliklarning dushmanligi qattiqlashgan va Madina ahli islomni qabul qilib, Rasululloh (s.a.v.)ni himoya qilish va yordam berishga va’da berganidan keyin, Alloh taolo hijratga amr qildi. Rasululloh (s.a.v.) as'hoblari bilan Madinaga borganlaridan so‘ng, u shahar vahiy nozil bo‘ladigan markaz va islomning poytaxtiga aylandi. O‘sha yerdan islom dushmanlariga qarshi g‘azotlarga bordilar, o‘sha yerda ko‘plab muborak sunnatlarni joriy qildilar. Ammo mushriklar bilan tez-tez sodir bo‘lib turgan janglar Rasululloh (s.a.v.)ning da’vatlari Jazira arablariga yetib borishga, shunigdek ko‘pchilik qabilalarni islomni qabul qilishiga to‘sqinlik qilardi. Hijratning oltinchi (6) yilida Rasululloh (s.a.v.) bilan Makka mushriklari orasida tuzilgan Hudaybiya sulhidan so‘ng odamlar bir-birlarining tajovuzlaridan amonda bo‘ldilar, bir-birlari bilan hamsuhbat bo‘ldilar, “bu yangi din” ning ahamiyati haqida suhbatlashdilar va suhbatlardan ta’sirlangan ko‘plab arablar islom dinini qabul qildilar. Rasululloh (s.a.v.) bu fursatni g‘animat bilib, atrof mamlakatlarning podshohlariga maktublar yo‘lladilar, Yaman, Bahrayn, Yamoma, Hazramavt, Ummon va boshqa arab shaharlaridagi islomni qabul qilgan qabilalarga muallimlik qilish uchun elchilar yubordilar. Bu elchilar, birinchidan borgan qabila ahliga Allohning rahmati sifatida Qur’on va Sunnatni ta’lim bergan bo‘lsalar, ikkinchidan Arab jazirasidagi musulmonlar orasida Rosululloh (s.a.v.) hadislarini tarqalishiga sabab bo‘ldilar. Rasululloh (s.a.v.) elchilikning dinni tarqalishidagi ahamiyatini yaxshi bilganlari uchun, bu vazifaga O‘zlari ishongan, taqvosi, odobi, ilmi yuqori saviyada bo‘lgan, Alloh va Rasulining diniga chiroyli mav’izalar bilan da’vat qiladigan sahobalarni tanlab, u yerdagi vaziyatni tushuntirib, da’vat olib borish uslubini o‘rgatib yuborar edilar. Yamanga Mu’oz ibn Jabalni yuborayotib shunday dedilar: “Sen ahli kitob bo‘lgan qavmga ketyapsan. Ularga borib Alloh taolo musulmonlarga besh vaqt namoz o‘qishni farz qilganini ayt. Ular senga itoat qilsalar, Alloh taolo Ramazon ro‘zasini tutishni ham farz qilganini ayt. Ular senga yana itoat qilsalar, Alloh taolo, yo‘lga qodir bo‘lgan musulmonlarga Baytullohni haj qilish ham farz qilinganini ayt. Bunga ham rozi bo‘lsalar, Alloh taolo mollaringizdan sadaqa(zakot) farz qilingan, boylaringizdan olib kambag‘allaringizga beriladi, deb ayt”.

Tabiiyki, Rasululloh (s.a.v.)dan topshiriqni olgan sahoba borgan joyida U zot aytgan gaplarning aynini takrorlar, vazifasini bajarishga kirishar, shu tariqa Rasululloh (s.a.v.)ning hadislari yangi qavm orasida keng tarqalishiga sabab bo‘lardi.

Hijratning 8-9 yillarida Rasululloh (s.a.v.) Makka fathi, Hunayn va Tabuk g‘azotlaridan g‘alaba bilan qaytishlari atrofdagi mamlakatlarni vahimaga soldi. Arab jazirasidagi ba’zi qabilalarning islomga qiziqishi ortdi. Makkalik Quraysh qabilasi-ki islom bayrog‘i ostiga o‘tdimi, musulmonlar bilan o‘ynashib bo‘lmaslikni tushundilar. Natijada bu ulug‘ Payg‘ambar (s.a.v.) bilan muloqot qilish, ziyorat qilish, islom ne’matidan bahramand bo‘lish ishtiyoqida qabilalar guruh-guruh bo‘lib ham, yakka-yakka holda ham Madina sari ravona bo‘ldilar. Bu haqda Alloh taolo xabar bergan edi:

1.“(Ey Muhammad), Qachon Allohning yordami va g‘alaba kelsa; 2. Va odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko‘rsangiz; 3. Darhol Parvardigoringizga hamd aytish bilan (U Zotni har qanday “sherik”lardan) poklang va U Zotdan mag‘firat so‘rang! Zero, U tavbalarni qabul qilguvchi bo‘lgan Zotdir .

Madinaga kelayotgan musulmonlarning soni kundan-kunga ko‘paygan kabi, atrofdagi islomni qabul qilgan, kufrni va kufr ahlini tark etgan mamlakatlar podshohlaridan kelayotgan elchilarning soni ham ortib borardi. Rasululloh (s.a.v.) kelgan odamlarga ehtirom ko‘rsatardilar, hidoyat va diyonatni o‘rgatardilar, ularga Allohga itoat qiluvchilarga beriladigan ajr-savoblar bashoratini berardilar. Ularning Madinaga kelish sabablari Rasululloh (s.a.v.) beradigan ato (hadya) uchun emas, balki, islom arkonlari, ahkomlari, usuli, furu’ini o‘rganish, ya’ni din ta’limi uchun edi. Rasululloh (s.a.v.) ularga hamma narsa haqida gapirib berardilar, savollariga javob berardilar, xutba o‘qirdilar, hidoyatga chaqirardilar, umrlarining oxirigacha taqvo, itoat qilishni tavsiya etardilar. Madinaga hijrat qilib kelganlar soni haddan ortiq ko‘p bo‘lgani uchun, tarixda hijratning 9-yili elchilar yili, deb nomlandi.

Rasululloh (s.a.v.)ga kelgan elchilarning behisobligiga qaramay, sahobalar bu elchilarning qaysi qabiladan kelganlari, ularga Rasululloh (s.a.v.) qanday mav’iza qilganlariyu, nima haqda gapirganlari, ular qanday savol berganlariyu, Rasululloh (s.a.v.) qanday javob berganlarini yodda saqlab qolgan edilar. Bunga bir necha misol keltiramiz:

  1. Bani Sa’d ibn Bakr qabilasidan Zammom ibn Sa’laba hijratning 9-yilida elchi bo‘lib keldi. U Madinaga kelganda, Rasululloh (s.a.v.) sahobalar orasida o‘tirgan edilar. Zammom: “Qaysi biringiz Abdulmuttolibning o‘g‘lisiz?!-deb so‘radi. Sahobalar Rasululloh (s.a.v.)ni ko‘rsatishdi. Rasululloh (s.a.v.)ga qarab: “Ey Muhammad, elching bizga xabar qilishicha, seni Alloh yuborgan emish, to‘g‘rimi?”-deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v.): “Rost aytibdi”,-dedilar.

-Sendan oldingiyu, sendan keyingilarning Parvardigori haqqi-a?

-Alloh haqqi rost.

-Alloh haqqi, senga bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz o‘qishni Alloh buyurdimi?

-Alloh haqqi rost.

-Alloh haqqi, boylarimizning molidan olib, kambag‘allarga berishni ham senga Alloh buyurdimi?

-Alloh haqqi rost.

-Alloh haqqi, o‘n ikki oydan Ramazon oyi ro‘zasini tutishni Alloh buyurdimi?

-Alloh haqqi, rost.

-Alloh haqqi, yo‘lga qodir bo‘lgan odam Baytullohni haj qilishini Alloh buyurdimi?

-Alloh haqqi, rost.

Zammom: “Men Allohga imon keltirdim, sizni tasdiq etdim. Men Zammom ibn Sa’labaman”,- dedi va qavmiga qaytib borib, ularni islomga kiritdi.

 

  1. Abdulqays qabilasidan elchilar kelishdi va Rasululloh (s.a.v.)ga shunday deyishdi: “Biz Sizning ziyoratingizga faqat urush harom qilingan oylardagina kela olamiz. Chunki, oramizni Muzor qabilasi to‘sib turadi. Shuning uchun bizga shunday muhim amallarni buyuring-ki, qolgan qavmimizga o‘rgataylik va jannatga kiraylik”. Keyin ichimlik to‘g‘risida ham so‘rashdi. Rasululloh (s.a.v.) ularni to‘rt narsaga buyurdilar: 

1). Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad (s.a.v.) Allohning elchisi, deb imon keltirish; 

2). Namoz o‘qish; 

3). Ramazon ro‘zasini tutish; 

4). O‘ljadan beshdan birini berish. 

Va to‘rt narsadan qaytardilar: 

1). Ko‘za; 

2). Qovoq; 

3). Yog‘ochdan ichi o‘yib ishlangan idish; 

4). Meshdan (ya’ni mazkur idishlarda saqlab, achitib ichiladigan mast qiluvchi ichimliklar iste’molidan) va dedilar: “Shularni yodda saqlanglar va orqangizda qolganlar(qavmingiz)ga yetkazinglar!” (Imom Buxoriy, Imon kitobi) 

  1. Tujib qabilasining elchilari o‘n uch kishidan iborat bo‘lib, o‘zlari bilan birga butun qabila ahlining mollaridan chiqarilgan zakotni haydab kelishdi va Rasululloh (s.a.v.)ga: “Ey Allohning Rasuli, biz molimizdan ajratgan Allohning haqqini Sizga olib keldik”,-deyishdi. Rasululloh (s.a.v.) ularni xursand holda kutib oldilar, ehtirom ko‘rsatdilar va ularga dedilar: “Bularni o‘z qavmingizga olib boringlar va kambag‘allaringizga taqsim qilib beringlar!” Elchilar: “Ey Allohning Rasuli, kambag‘allarimizga taqsimlab berib, ortganini sizga olib keldik”,-deyishdi. Abu Bakr Siddiq (rz.a.): “Ey Allohning Rasuli, birorta arab qabilasidan kelgan elchilar bularchalik itoat va saxovat ko‘rsatmagan”,- dedilar. Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Albatta, hidoyat Allohning qo‘lida. Kimga yaxshilikni iroda qilsa, qalbini imonga ochib qo‘yadi”. 

Elchilar Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida Qur’on va Sunnatdan so‘rashdi. Rasululloh (s.a.v.) ularga rag‘bat qilib, ko‘p masalalrni bayon etib berdilar. Elchilar Rasululloh (s.a.v.) bilan vidolashib, o‘z qavmlari tomon jo‘namoqchi bo‘ldilar. Rasululloh (s.a.v.): “Sizlardan birortangiz qolmadimi?”-deb so‘radilar. Elchilar, ularning yuklarini qo‘riqlab turish uchun qolgan yosh yigitni aytishdi. Rasululloh (s.a.v.) yigitni chaqirib keltirishni buyurdilar. Yigit yetib kelgandan so‘ng Rasululloh (s.a.v.)ga dedi: “Ey Allohning Rasuli, men sizning huzuringizga hozirgina kelib ketgan elchilardanman. Men ularning hojatlarini chiqardim. Siz mening hojatimni chiqarsangiz”. Rasululloh (s.a.v.): “Nima hojating bor?”-deb so‘radilar.”Allohdan so‘rasangiz, U meni mag‘firat qilsa, menga rahm-shafqat qilsa, mening qalbimni xotirjam qilsa!”-deb iltijo qildi yigit. Rasululloh (s.a.v.): “Allohim, u yigitni mag‘firat qilgin, unga rahm-shafqat qilgin, unga xotirjamlik ato etgin”,-deb duo qildilar va boshqalarga buyurgan islom amallaridan unga ham buyurdilar. Elchilarning hammasi Haj mavsimida Minoda Rasululloh (s.a.v.)ni kutib oldilar, ammo duo olgan yigit ko‘rinmadi. Rasululloh (s.a.v.) u haqda so‘radilar. Elchilar: “Ey Allohning Rasuli, dunyoda unga o‘xshashni, Alloh bergan rizqqa undan ko‘ra sabrliroqni ko‘rmadik. Odamlar butun dunyoni taqsimlab olsalar ham, u qayrilib qaramaydi”,-deyishdi. Rasululloh (s.a.v.): “Allohga hamd bo‘lsin, men umid qilamanki, hammasidan (nafsi) o‘lishini”,-dedilar. Bir kishi so‘radi: “Ey Allohning Rasuli, bir odam (ning nafsi) hammasidan o‘lishi mumkinmi?” Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Odamning orzulari va tashvishlari dunyo vodiylariga sochilgan bo‘ladi. Ajal uni shu vodiylardan birida ushlashi mumkin. Qaysi vodiyda ushlanmasin u halok bo‘ladi”. 

Shunday qilib, atrof qabilalardan, mamlakatlardan Rasululloh (s.a.v.)ning ziyoratlariga kelgan elchilar ham, U Zot taraflaridan atrofga yuborilgan elchilar ham Rasululloh (s.a.v.) sunnatlarini tarqalishida muhim ahamiyat kasb etganlar. 

Hijratning 10-yilida Rasululloh (s.a.v.) boshchiliklarida qilingan “Vado’ hajji” Sunnatni butun olam ahliga tarqalishida muhim voqe’a bo‘ldi. Rasululloh (s.a.v.) Arafotda Arab jazirasining turli burchaklaridan kelgan 120 ming hoji huzurida olamshumul, mashhur xutbalarini o‘qidilar. Eskidan qolgan butun yomonliklarni, qon da’volarini, sudxo‘rlikni, qimorni, fahshni, har turli haqsizliklarni bekor qildilar. Musulmonlar o‘rtasida mol, jon, nomus xavfsizligini ta’minladilar. Allohning amr va nahiylarini yana bir bor eslatdilar. Erkaklarning o‘z xotinlari va xotinlarning o‘z erkaklari ustidagi haqlarini tushuntirdilar. Barcha musulmonlarning birodar ekanligini ta’kidlab: «Sizlarga ikki narsani qoldiryapman, agar unga mahkam yopishsalaringiz, haq yo‘ldan hech qachon adashmaysizlar. Biri Allohning Kalomi, ikkinchisi mening sunnatimdir»,-degan muborak hadisni aytdilar. 

 Vidolashuv so‘nggida o‘sha sahoba hojilarga: «Sizdan meni so‘raydilar, nima deysizlar?»- dedilar. Sahobalar: «Allohning amrlarini bizga bildirdingiz. Vazifangizni bajardingiz, deymiz»,- dedilar. Rasululloh (s.a.v) uch marta: «Allohim shohid bo‘l»,-dedilar. Shu vaqtda Allohning ushbu oyati karimasi nozil bo‘ldi: 

«Bugun sizlarga dininggizni komil qildim, ne’matimni benuqson, to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim» . 

“Sunnat, hadis va muhaddislar” kitobi asosida tayyorlandi 

O‘MI Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   2616   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari