frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

02.03.2018 y. Firibgarlik – og‘ir jinoyat

26.02.2018   6990   7 min.
02.03.2018 y. Firibgarlik – og‘ir jinoyat

بسم الله الرحمن الرحيم

FIRIBGARLIK – OG‘IR JINOYAT

Muhtaram birodarlar! Keyingi vaqtlarda jamiyatimizda o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirish, xususan firibgarlik jinoyati tez-tez sodir bo‘lib turmoqda. Ajdodlari dinu diyonat, axloqu odob, or-nomus, halolu poklikka odatlangan o‘zbek xalqining avlodlaridan mazkur jinoyatga qo‘l urayotganlarning uchrashi achinarli holdir. Holbuki, dinimizda birovning molini aldov, firibgarlik, chuv tushirish yo‘li bilan o‘zlashtirishdan qattiq qaytarilgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday bayon etilgan: 

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ

 (سورة البقرة/188)

ya’ni: “Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).

 Firibgarlik jinoyati molni botil yo‘l bilan yeyishning bir ko‘rinishi bo‘lib, bunday yo‘l bilan topilgan mol otashi do‘zaxning bir bo‘lagi hisoblanadi.  Bu haqda Payg‘ambarimiz )s.a.v.( quyidagicha marhamat qiladilar:

عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا زَوْجِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ سَمِعَ خُصُومَةً بِبَابِ حُجْرَتِهِ فَخَرَجَ إِلَيْهِمْ فَقَالَ:"إِنَّمَا أَنَا بَشَرٌ وَإِنَّهُ يَأْتِيْنِي الخَصْمُ فَلَعَلَّ بَعْضُكُمْ أَنْ يَكُونَ أَبْلَغَ مِنْ بَعْضٍ فَأَحْسِبُ أَنَّهُ صَادِقٌ فَأَقْضِي لَهُ بِذَلِكَ فَمَنْ قَضَيْتُ لَهُ بِحَقِّ مُسْلِمٍ فَإِنَّمَا هِيَ قِطْعَةٌ مِنَ النَّارِ فَلْيَأْخُذْهَا أَوْ لِيَتْرُكْهَا"

(رواه الامام البخاري)

ya’ni: Payg‘ambar (s.a.v.)ning ayollari bo‘lmish Ummu Salama (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh s.a.v. hujralarining oldida janjal ovozini eshitib, tashqariga chiqdilar va dedilar: “Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da’vo bilan kelib turasizlar. Balki biringiz boshqangizdan so‘zga chechanroq bo‘lib chiqarsiz va men uni rost gapiryapti, deb shunga qarab hukm chiqaraman. Lekin bilib qo‘yingki, men kimga biror musulmonning haqqini olib bergan bo‘lsam, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin” (Imom Buxoriy rivoyati).

         Muhtaram jamoat! Sir emaski, keyingi vaqtlarda ba’zi kishilar odamlardan qarzga yoki sherikchilikka, deb pul olib, oxir-oqibat uni qaytarmay o‘rtada nizo chiqishi, yaqin kishilar bir-biri bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketishi holatlari kuzatilmoqda. Albatta, zarurat uchun qarz olish yoki sherikchilik bilan shug‘ullanish joiz. Biroq, olgan qarzni paysalga solmay qaytarish, sherikchilikda esa xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda boshlangan ishlar ortga ketib, kasodga uchrashi tayin. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اللَّهُ عَنْهُ وَمَنْ أَخَذَها يُرِيدُ إِتْلَافَهَا أَتْلَفَهُ اللَّهُ"

(رواه الامام البخاري)

ya’ni: Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar (s.a.v.) dedilar: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘zigi talofat yetkazadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ayniqsa, savdo-sotiq vaqtida haridorga firib berish, masalan, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol, deb sotish eng og‘ir gunohdir. Quyidagi hadislar bunga ochiq dalil bo‘ladi:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّ عَلَى صُبْرَةِ طَعَامٍ فَأَدْخَلَ يَدَهُ فِيهَا فَنَالَتْ أَصَابِعُهُ بَلَلًا فَقَالَ: "مَا هَذَا يَا صَاحِبَ الطَّعَامِ" قَالَ أَصَابَتْهُ السَّمَاءُ يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ: "أَفَلَا جَعَلْتَهُ فَوْقَ الطَّعَامِ كَيْ يَرَاهُ النَّاسُ مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي"

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: Rasululloh (s.a.v.) don sotayotgan odamning yonidan o‘tib qolibdilar. Uning doni orasiga qo‘l tiqib ko‘rsalar, namlanib qolgan ekan. “Bu nima?!” deb so‘radilar. Sotuvchi: “Ey Rasululloh! Unga yomg‘ir tegibdi”, dedi. Shunda  Rasululloh (s.a.v.): “Uni ustiga qo‘ymaysanmi, odamlar ko‘rar edi” dedilar va “Kimki aldasa, mendan emas!” dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Hadisdagi “g‘ash” lug‘atda “aldamoq, firib bermoq, soxtalashtirmoq” ma’nolarida keladi. Demak, umumiy ma’noda aldov, firibgarlik, biror narsani soxtalashtirishlik musulmonning ishi emas ekan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لاَ تُصِرُّوا الْإِبِلَ وَالْغَنَمَ فَمَنْ اِبْتَاعَهَا فَهُوَ بِخَيْرِ النَّظَرَيْنِ بَعْدَ أَنْ يَحْلِبَهَا  إِنْ شَاءَ أَمْسَكَهَا وَإِنْ شَاءَ رَدَّهَا وَصَاعًا مِنْ تَمْرٍ"

(متفق عليه)

ya’ni: Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar, Rasululloh (s.a.v.) dedilar: Tuya va sovliqlaringizni (sersut qilib ko‘rsatish maqsadida) ataylab sog‘may qo‘ymangizlar! Kimki (bilmay) shunday hayvonni sotib olgan bo‘lsa, uning ixtiyorida ikki yo‘l bordir, biri - uni o‘zida olib qolmoqlik, ikkinchisi - uni egasiga qaytarib bermoqlikdur. Agar qaytarib beradirgan bo‘lsa (bir-ikki kun soqqani uchun) bir so’ xurmo qo‘shib bersin! (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Demak, sog‘in sigir va qo‘ylarni sotishda hadisda bayon etilganidek, firibgarlik usullarini qo‘llash ham joiz emas. Bizning hanafiy mazhabimizda bordi-yu molni qaytarib beriladigan bo‘lsa, unga xurmo qo‘shib berilmaydi, deyilgan.

Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida musofirning namozi haqida suhbatlashamiz.

Bir kishi uch kecha-kunduzlik masofani niyat qilib safarga chiqsa, musofir hisoblanadi. Qasd qilgan joyiga borgandan keyin o‘ziga qaraydi, agar 15 kun yoki undan ortiq vaqt turish rejasi bo‘lsa, muqim kishi hukmida bo‘ladi. Ammo 15 kundan oz muddatda qaytish rejasi bo‘lsa yoki qachon qaytishi noma’lum bo‘lsa, musofir hukmida qoladi.

 Shariatimizda musofirga tegishli alohida masalalar mavjud bo‘lib, ularning ba’zilari bilan tanishib o‘tamiz:  

  • musofir to‘rt rakatli farz namozlarni ikki rakat “qasr” qilib o‘qiydi. Agar to‘rt rakat qilib o‘qisa, gunohkor bo‘ladi;
  • musofir muqimga to‘rt rakatli namozda iqtido qilsa, to‘rt rakatni to‘liq qilib o‘qiydi, ammo muqim musofirga iqtido qilsa, musofir qasr qilib ikki rakat o‘qiydi, muqim esa turib, qolgan ikki rakatini qo‘shib, to‘rt rakat qilib namozni tugatadi. Musofir kishi imom bo‘lganda, iqtido qilguvchilarga musofirligini bildirishi kerak bo‘ladi.
  • musofir kishi musofirlikdagi qazo bo‘lgan namozlarini qasr qilib, muqimlikdagi qazolarini esa to‘liq to‘rt rakat qilib o‘qiydi;
  • musofir mahsi yoki etikka uch kecha-yu kunduz mas'h tortishi mumkin;
  • musofir kishi Juma namozini imkoniyat topsa o‘qiydi, aks holda, o‘rniga peshin namozini o‘qiydi.

         Alloh taolo barchamizni haromdan hazar qilib, halollik bilan umrguzaronlik qilishimizga muvaffaq aylasin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   9817   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari