Bugun erta tongdan Haq taolo kalomini eshitishga mushtoq bo‘lgan qashqadaryolik mo‘ysafid otaxonlar, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari Qarshi shahridagi “Baxtli oila” koshonasiga jam bo‘lishdi.
Ayni damlarda ushbu viloyatda musobaqaning viloyat bosqichiga oq fotiha berildi. Koshonaga yig‘ilgan barcha-barcha Qur’on oshiqlari qorilar qiroatidan bahramand bo‘la boshlashdi. Dastlab eng mashhur ziynat qori Hasanxon qori Abdulmajidxon tilovati bilan boshlandi.
Shu o‘rinda bir mutasavvif shoirning to‘rtligini keltiramiz:
Kimki Qur’on o‘quvchidir, azob bo‘lmas,
Yana Qur’on o‘rgatganga hisob bo‘lmas,
Ma’no bilgan zotga parda-hijob bo‘lmas,
Vasli ayon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.
Shunday ekan azizlar, mana shu she’rda bitilgan ilohiy va’dalarga erishmoqchi bo‘lsangiz, qorilar musobaqasini biz bilan birga kuzating.
Bizning muslim.uz portali va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati