Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Ana endi GMOning foyda-zarari haqida

21.02.2018   9313   11 min.
Ana endi GMOning foyda-zarari haqida

Davomi...

Maktabning biologiya darsligida har bir o‘simlik va hayvonning bir-biridan farqli minglab belgilari bor ekani yozilgan. Ana shu nishonada muayyan gen, DNK molekulalarining kichik parchasi bor. Aynan o‘sha parcha o‘simlik va hayvonning o‘ziga xos xususiyatini namoyon etadi. Nishonani namoyon etuvchi gen yo‘qotilsa, o‘sha zahoti nishonaning o‘zi ham yo‘qoladi. Aksincha, agar o‘simlikka yangi gen qo‘shilsa, unda yangi nishona paydo bo‘ladi. O‘simlikning ana shu tartibda o‘zgartirilganini mutant yoki genetik modifikatsiya bo‘lgan organizm deb atash mumkin.

Zamonaviy fan shu qadar ildamlab ketdiki, hozirgi vaqtda ikki-uch genni olib tashlash yoki qo‘shib yuborish unga sira ham muammo emas. XX asr so‘ngida o‘simlik va hayvonlarni sun’iy ravishda o‘zgartirish (modifikatsiyalash) tajribalari keng yoyilib ketdi. Aytaylik, asl shakli va mazasining sifatini yo‘qotmasdan uzoq vaqt saqlanib turadigan pomidor yaratilishi kimning xayoliga kelibdi deysiz. 1994 yil AQSHdagi savdo rastalarida yashil pomidor paydo bo‘ldi. Bu pomidor aynimasdan-chirimasdan oylar davomida turaverar edi. Do‘konda yam-yashil bo‘lib turgan pomidorni xaridor uyiga olib kelganda u odamning ko‘z o‘ngida qip-qizil tus oldi. Ayon bo‘lishicha, pomidor sovuqqa chidamlilikni qutb qalqonbalig‘idan olgan ekan. Pomidor 12 daraja issiqda uzoq vaqt yashil holatini saqlab tura oladi, issiqlik darajasi oshgani zahoti qizaradi. Kolorado qo‘ng‘izi kartoshkaning ofati edi. Gen injenerlari unga chayonning genini qo‘shgandan keyin qo‘ng‘iz kartoshkaga burilib ham qaramaydigan bo‘ldi. Genetik modifikatsion ferment qo‘shilgan nonning uzoq vaqt suvi qochmaydigan bo‘ldi, tamakining zaharli ximikatlarga chidamliligi ortdi.

Alloh taolo O‘zining muborak Kalomida shaytoni la’inning Odam avlodlarini yo‘ldan ozdirib, ularni ne kuylarga solishini insonlar o‘rgansin, uning aldovlariga uchmasin, deya Iblisning o‘ziga gapirtirib qo‘ygan:

Ularni adashtiraman, xom xayollariga solaman, ularga amr qilsam, chorvalarning quloqlarini kesarlar va ularga amr qilsam, Allohning yaratganini o‘zgartirarlar», dedi. Kimki Allohni qo‘yib shaytonni do‘st tutsa, batahqiq, ochiq-oydin ziyonga uchraydir. (Ya’ni, Alloh shaytonni la’natladi, o‘z rahmatidan quvdi. Shayton esa, quvilayotgan paytda: «Qasamki, bandalaringdan ma’lum nasibani olaman», dedi. Meni shularning sababidan la’natlayapsan, men bulardan ma’lum miqdorni o‘z yo‘limga chiqarib, kufr va isyonga chorlayman, dedi. Ya’ni, bandalaringni to‘g‘ri yo‘ldan–sening yo‘lingdan adashtiraman va ularni xom xayollarga solaman–umrimiz uzun bo‘ladi, maza qilib yuramiz, qayta tirilish ham, hisob-kitob ham, qiyomat ham yo‘q, deb yuraveradigan qilib qo‘yaman, deydi)” (Niso surasi, 119-oyat). 

Tanganing ikki tomoni

 GMOga qarshi bo‘lganlarga “Monsanto” vakillari “Har doim yangiliklarni rad etish inson zotining tabiatida bor”, deydi. Biz ular da’vo qilgandek, ko‘r-ko‘rona e’tiroz bildiruvchilar bo‘lib qolmaslik uchun GMOning ijobiy va salbiy jihatlarini o‘rganib keyin uni tarozi pallasiga solib qaraylik. 

 Genetik modifikatsiyalangan organizmlar ajdodlari kabi o‘sib hosil berish bilan kifoyalanmaydi, an’anaviy navlar turli ob-havo sharoitlarida nobud bo‘lganda ham ular yashayveradi. Ularning aksariga kutilmaganda tushgan sovuqlar, suv toshqinlari yoki qurg‘oqchiliklar ham pisand emas. Ba’zi o‘simliklar tomiri shu qadar yaxshi rivojlanganki, ular namni eng yuqori darajada ushlab turadi. Quyi temperaturaga sezgir bo‘lgan ayrim navlar chidamliligi ortib erta bahordanoq harakatga kela boshlaydi. Shuningdek, bug‘doyning tez yetiladigan navlari ham yaratildi.

 O‘simliklarning geni o‘zgarishidan ularga yetadigan foydalar:

  • zararkunandalarga qarshi bardoshlilik, sovuqqa chidamlilik, hosildorlik va boshqalar;
  • genetik modifikatsiyalangan organizm o‘zini hasharotlar va zararkunandalardan himoya qila oladi;
  • an’anaviy texnologiya asosida ekiladigan o‘simliklardan ko‘ra pestitsidlar kam ishlatiladi;
  • viruslar, bakteriyalar va zamburug‘larga qarshi tura oladigan meva va sabzavotlar paydo bo‘ldi;
  • olimlar uchinchi dunyo aholisi uchun emlik va dorilar bilan boyitilgan pomidor va kartoshka navlari yaratish ustida izlanish olib bormoqda. Bunday mahsulotlarni saqlash uchun maxsus joylarning hojati bo‘lmaydi;
  • ba’zi daraxtlar atrof-muhit ifloslanishiga barham berish uchun ekiladi. 

 Nega ko‘pchilik GMOni sevmaydi

  • Ko‘plab davlatlarda GMO mahsulotlar yetishtirish va iste’mol qilishni tartibga soladigan qonun yo‘q.
  • Iste’molchilar nima sotib olayotgani va uning sog‘ligiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini bilmaydi. Masalan, kartoshkaga kolorado qo‘ng‘iziga qarshi qo‘shilgan boychechak geni o‘simlik lektinini oshirib yuborgani uchun qo‘ng‘izga yoqmaydi. Ammo bunday mahsulotdan insonning immunitet tizimi zarar ko‘radi, ichaklarda, buyrakda, jigarda va bosh miyada og‘riq paydo bo‘ladi.
  • Ekologlar agar genetik o‘zgartirilgan forma yovvoyi tabiatga tarqalib ketsa, ekologik halokat yuz berishidan xavotirda. Masalan, yovvoyi o‘tlarning birvarakayiga changlanishi, zarurkunandalarning pestitsidga genetik moslashuvi yuz bergudek bo‘lsa, ular shu qadar tez ko‘payadiki, uni nazorat qilish mumkin bo‘lmay qoladi.
  • Ekologik xatardan tashqari oziq-ovqat xavfi ham bor. Ba’zi mahsulotlar allergiya chaqirishi mumkin. Baliq geni qo‘shilgan pomidor baliq yeyishi mumkin bo‘lmagan odamda allergiya qo‘zg‘ashi ehtimoli yuqori. Vrachlarning e’tirof etishicha, soya tarkibidagi oqsilga minglab odamlarning allergiyasi bor.

 2005 yil “Monsanto” kompaniyasining 1996 yil transgen soyaning inson sog‘ligiga qanchalik xavfsizligi ustida olib borgan tadqiqot ishini yashirgani fosh bo‘lib qoldi. Bu axborot qo‘lga kiritilgach, GM soya tarkibida oqsil va boshqa to‘yimli moddalar sezilarli darajada kamligi, biroq qovurilgan GM soya tarkibida oqsilning ikki barobar yuksalib, inson organizmining boshqa ozuqalarni hazm qilishiga to‘sqinlik qilishi ma’lum bo‘ldi. Boz ustiga qovurilgan GM soya tarkibida allergiya chaqirishning asosiy manbai bo‘lgan ingibitor tripsin yetti barobar ko‘p ekani aniqlandi. Shuningdek, “Monsanto” hayvonlarni GM jo‘xori bilan boqib ko‘rgan tajribasi xulosasi natijasini Yevropa Ittifoqi talab etganda bu xulosani tijorat siri degan vaj bilan taqdim etishdan bosh tortgan. Keyinchalik Germaniya davlat sudi kompaniyaga o‘sha xulosani e’lon qilishni yuklab hukm chiqardi.

  • 2002 yil AQSH va Shvetsiya olimlari hamkorlikda qaysi davlat o‘z mahsulotlaridan ko‘proq zaharlanayotgani ustidan tadqiqot o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSH aholisi Skandanaviya davlatlari aholisidan ko‘ra besh barobar ko‘p zaharlanar ekan.
  • AQSH aholisining yoppasiga semirish kasaliga chalingani va buning o‘ta xatarli tus olganini prezident Barak Obama ham e’tirof etdi. Ammo bu kasallikning asosiy sababi ko‘p yeyish va kam harakatlik emas, GMO mahsulotlar  ekani aniqlandi.

 GM mahsulot savdo rastalarida

Soya tozalangan yog‘, margarin, pishiriqlar uchun ishlatiladigan moy (jir), mayonez va boshqa salat qaylalari, qaynatilgan kolbasa, makaron va hatto bolalar ovqatlari tarkibida bor. Soyadan pazandalik ishlarida quyuqlashtirish uchun foydalaniladigan emulgator ham olinadi. 

Genetik modifikatsiya qilingan soya mahsulotlaridan keyingisi – jo‘xori. Bozorlarda, ko‘cha yuzida, bekatlarda sotilayotgan popkornlar yuz foiz GMO jo‘xoridan tayyorlanadi. 2000 yilning kuzida o‘nlab amerikaliklar tez yordam mashinalarida kasalxonalarga tashildi. Ma’lum bo‘lishicha, ular baliq geni qo‘shilgan jo‘xori chipsidan zaharlangan ekan. Aksari  vafot etdi.

 Aynan o‘sha yili Markaziy Afrikaning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lgan Zambiyada qattiq qurg‘oqchilik bo‘ldi. Har kuni yuzlab bolalar va kattalar ochlikdan o‘la boshladi. Buning oqibatida qishloqlarning to‘qson foizi yo‘q bo‘lib ketdi. BMT mamlakat aholisiga yordam uchun yuzlab tonna GMO mahsulotlar yordamga yubordi. Ammo mamlakat rahbarlari bu yordamni qabul qilishdan bosh tortdi. Zambiyadan tashqari yana 26 ta Afrika davlatlarida GM mahsulotlar olib kirish taqiqlangan. Agar davlat rahbarlari o‘sha og‘ir sharoitda ko‘proq odamlar hayotini saqlab qolish uchun GMO mahsulotlarni mamlakatiga kiritganida maqsadiga erishgan bo‘lardi. Ammo keyin bu mahsulotlar oqimiga hech qachon chek qo‘ya olmas edi. Chunki xalq GMOni yeyishga o‘rganib qolardi va buning oqibati qurg‘oqchilikdan-da yomonroq bo‘lib, mamlakat aholisi yoppasiga qirilib ketishi mumkin edi.

Tez yetiladigan tovuqlarning asosiy eksportchilari – AQSH va Braziliya. Bu davlatlarda yetishtiriladigan tovuqlar ko‘p yillardan beri GMO soya va GMO jo‘xori bilan boqiladi. Inson tanasiga ana shu tovuq go‘shti orqali begona DNK kirib keladi va vaqti yetib o‘ta salbiy ta’sirini namoyon etadi. O‘zi uning ta’siri sezila boshlaganiga ancha bo‘ldi. Hatto oddiy odamlar ham supermarketlarda, bozorlarda sotilayotgan “gril”lardan rak kasali kelib chiqayotganini gapirib yuribdi.

Aslida biotexnologiya sovuq urush davrida insonlarni o‘ldiruvchi qurol sifatida paydo bo‘lgan edi. Mamlakatlar bir-biriga insonlarning urug‘ini kesishga mo‘ljallangan GMO guruch, soya, jo‘xori va boshqa mahsulotlarni eksport qilar edi... (http://www.gq.ru/taste/social/67226_chem_opasen_gmo.php.)

Turkiyaning Xatay viloyati dehqonchilik ishlari mudiri Bestami Zabun iste’molchilar meva va sabzavotlarning katta va chiroylisini emas, asliyatini talab qilayotganini, endilikda fermerlar talab va takliflarga binoan genetik injeneriya aralashmagan mahsulotlar yetishtirishga e’tibor qarayotganini aytdi. Uning bu gaplarini o‘qib, o‘tgan yili Istanbulda bir oshpaz odam mening o‘zbekligimni eshitib, “O‘zbekistondan besh kilogina jo‘xori urug‘i olishim kerak-da, tomorqamga ekmoqchi edim, yaqinda keladigan odam yo‘qmi?” deb so‘ragani yodimga tushdi.  “Nega? Bu yerda har qadamda jo‘xori-ku” degan edim. U “Bular yaxshi emas, amerikaniki” dedi.

Yevropa davlatlaridagi savdo rastalarida genetik o‘zgarishga uchragan mahsulotlarga o‘tgan asrdayoq maxsus yorliq yopishtirilgan. Xaridor ana shu yorliqqa qarab nima sotib olayotganini bilib oladi.

2008 yil Rossiya federatsiyasida ham tarkibida GMO bor mahsulotlarga maxsus yorliq yopishtirilishi haqida qonun qabul qilindi.

Mahsulotning qimmatrog‘i va ko‘rimsizrog‘i – tabiiysi, yaltirog‘i va arzonrog‘i – GMO. Xaridor ta’biga qarab olaveradi.

 

Damin JUMAQUL

O‘MI Matbuot xizmati

Davomi bor...

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   6780   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar