Davomi...
Maktabning biologiya darsligida har bir o‘simlik va hayvonning bir-biridan farqli minglab belgilari bor ekani yozilgan. Ana shu nishonada muayyan gen, DNK molekulalarining kichik parchasi bor. Aynan o‘sha parcha o‘simlik va hayvonning o‘ziga xos xususiyatini namoyon etadi. Nishonani namoyon etuvchi gen yo‘qotilsa, o‘sha zahoti nishonaning o‘zi ham yo‘qoladi. Aksincha, agar o‘simlikka yangi gen qo‘shilsa, unda yangi nishona paydo bo‘ladi. O‘simlikning ana shu tartibda o‘zgartirilganini mutant yoki genetik modifikatsiya bo‘lgan organizm deb atash mumkin.
Zamonaviy fan shu qadar ildamlab ketdiki, hozirgi vaqtda ikki-uch genni olib tashlash yoki qo‘shib yuborish unga sira ham muammo emas. XX asr so‘ngida o‘simlik va hayvonlarni sun’iy ravishda o‘zgartirish (modifikatsiyalash) tajribalari keng yoyilib ketdi. Aytaylik, asl shakli va mazasining sifatini yo‘qotmasdan uzoq vaqt saqlanib turadigan pomidor yaratilishi kimning xayoliga kelibdi deysiz. 1994 yil AQSHdagi savdo rastalarida yashil pomidor paydo bo‘ldi. Bu pomidor aynimasdan-chirimasdan oylar davomida turaverar edi. Do‘konda yam-yashil bo‘lib turgan pomidorni xaridor uyiga olib kelganda u odamning ko‘z o‘ngida qip-qizil tus oldi. Ayon bo‘lishicha, pomidor sovuqqa chidamlilikni qutb qalqonbalig‘idan olgan ekan. Pomidor 12 daraja issiqda uzoq vaqt yashil holatini saqlab tura oladi, issiqlik darajasi oshgani zahoti qizaradi. Kolorado qo‘ng‘izi kartoshkaning ofati edi. Gen injenerlari unga chayonning genini qo‘shgandan keyin qo‘ng‘iz kartoshkaga burilib ham qaramaydigan bo‘ldi. Genetik modifikatsion ferment qo‘shilgan nonning uzoq vaqt suvi qochmaydigan bo‘ldi, tamakining zaharli ximikatlarga chidamliligi ortdi.
Alloh taolo O‘zining muborak Kalomida shaytoni la’inning Odam avlodlarini yo‘ldan ozdirib, ularni ne kuylarga solishini insonlar o‘rgansin, uning aldovlariga uchmasin, deya Iblisning o‘ziga gapirtirib qo‘ygan:
“Ularni adashtiraman, xom xayollariga solaman, ularga amr qilsam, chorvalarning quloqlarini kesarlar va ularga amr qilsam, Allohning yaratganini o‘zgartirarlar», dedi. Kimki Allohni qo‘yib shaytonni do‘st tutsa, batahqiq, ochiq-oydin ziyonga uchraydir. (Ya’ni, Alloh shaytonni la’natladi, o‘z rahmatidan quvdi. Shayton esa, quvilayotgan paytda: «Qasamki, bandalaringdan ma’lum nasibani olaman», dedi. Meni shularning sababidan la’natlayapsan, men bulardan ma’lum miqdorni o‘z yo‘limga chiqarib, kufr va isyonga chorlayman, dedi. Ya’ni, bandalaringni to‘g‘ri yo‘ldan–sening yo‘lingdan adashtiraman va ularni xom xayollarga solaman–umrimiz uzun bo‘ladi, maza qilib yuramiz, qayta tirilish ham, hisob-kitob ham, qiyomat ham yo‘q, deb yuraveradigan qilib qo‘yaman, deydi)” (Niso surasi, 119-oyat).
Tanganing ikki tomoni
GMOga qarshi bo‘lganlarga “Monsanto” vakillari “Har doim yangiliklarni rad etish inson zotining tabiatida bor”, deydi. Biz ular da’vo qilgandek, ko‘r-ko‘rona e’tiroz bildiruvchilar bo‘lib qolmaslik uchun GMOning ijobiy va salbiy jihatlarini o‘rganib keyin uni tarozi pallasiga solib qaraylik.
Genetik modifikatsiyalangan organizmlar ajdodlari kabi o‘sib hosil berish bilan kifoyalanmaydi, an’anaviy navlar turli ob-havo sharoitlarida nobud bo‘lganda ham ular yashayveradi. Ularning aksariga kutilmaganda tushgan sovuqlar, suv toshqinlari yoki qurg‘oqchiliklar ham pisand emas. Ba’zi o‘simliklar tomiri shu qadar yaxshi rivojlanganki, ular namni eng yuqori darajada ushlab turadi. Quyi temperaturaga sezgir bo‘lgan ayrim navlar chidamliligi ortib erta bahordanoq harakatga kela boshlaydi. Shuningdek, bug‘doyning tez yetiladigan navlari ham yaratildi.
O‘simliklarning geni o‘zgarishidan ularga yetadigan foydalar:
Nega ko‘pchilik GMOni sevmaydi?
2005 yil “Monsanto” kompaniyasining 1996 yil transgen soyaning inson sog‘ligiga qanchalik xavfsizligi ustida olib borgan tadqiqot ishini yashirgani fosh bo‘lib qoldi. Bu axborot qo‘lga kiritilgach, GM soya tarkibida oqsil va boshqa to‘yimli moddalar sezilarli darajada kamligi, biroq qovurilgan GM soya tarkibida oqsilning ikki barobar yuksalib, inson organizmining boshqa ozuqalarni hazm qilishiga to‘sqinlik qilishi ma’lum bo‘ldi. Boz ustiga qovurilgan GM soya tarkibida allergiya chaqirishning asosiy manbai bo‘lgan ingibitor tripsin yetti barobar ko‘p ekani aniqlandi. Shuningdek, “Monsanto” hayvonlarni GM jo‘xori bilan boqib ko‘rgan tajribasi xulosasi natijasini Yevropa Ittifoqi talab etganda bu xulosani tijorat siri degan vaj bilan taqdim etishdan bosh tortgan. Keyinchalik Germaniya davlat sudi kompaniyaga o‘sha xulosani e’lon qilishni yuklab hukm chiqardi.
GM mahsulot savdo rastalarida
Soya tozalangan yog‘, margarin, pishiriqlar uchun ishlatiladigan moy (jir), mayonez va boshqa salat qaylalari, qaynatilgan kolbasa, makaron va hatto bolalar ovqatlari tarkibida bor. Soyadan pazandalik ishlarida quyuqlashtirish uchun foydalaniladigan emulgator ham olinadi.
Genetik modifikatsiya qilingan soya mahsulotlaridan keyingisi – jo‘xori. Bozorlarda, ko‘cha yuzida, bekatlarda sotilayotgan popkornlar yuz foiz GMO jo‘xoridan tayyorlanadi. 2000 yilning kuzida o‘nlab amerikaliklar tez yordam mashinalarida kasalxonalarga tashildi. Ma’lum bo‘lishicha, ular baliq geni qo‘shilgan jo‘xori chipsidan zaharlangan ekan. Aksari vafot etdi.
Aynan o‘sha yili Markaziy Afrikaning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lgan Zambiyada qattiq qurg‘oqchilik bo‘ldi. Har kuni yuzlab bolalar va kattalar ochlikdan o‘la boshladi. Buning oqibatida qishloqlarning to‘qson foizi yo‘q bo‘lib ketdi. BMT mamlakat aholisiga yordam uchun yuzlab tonna GMO mahsulotlar yordamga yubordi. Ammo mamlakat rahbarlari bu yordamni qabul qilishdan bosh tortdi. Zambiyadan tashqari yana 26 ta Afrika davlatlarida GM mahsulotlar olib kirish taqiqlangan. Agar davlat rahbarlari o‘sha og‘ir sharoitda ko‘proq odamlar hayotini saqlab qolish uchun GMO mahsulotlarni mamlakatiga kiritganida maqsadiga erishgan bo‘lardi. Ammo keyin bu mahsulotlar oqimiga hech qachon chek qo‘ya olmas edi. Chunki xalq GMOni yeyishga o‘rganib qolardi va buning oqibati qurg‘oqchilikdan-da yomonroq bo‘lib, mamlakat aholisi yoppasiga qirilib ketishi mumkin edi.
Tez yetiladigan tovuqlarning asosiy eksportchilari – AQSH va Braziliya. Bu davlatlarda yetishtiriladigan tovuqlar ko‘p yillardan beri GMO soya va GMO jo‘xori bilan boqiladi. Inson tanasiga ana shu tovuq go‘shti orqali begona DNK kirib keladi va vaqti yetib o‘ta salbiy ta’sirini namoyon etadi. O‘zi uning ta’siri sezila boshlaganiga ancha bo‘ldi. Hatto oddiy odamlar ham supermarketlarda, bozorlarda sotilayotgan “gril”lardan rak kasali kelib chiqayotganini gapirib yuribdi.
Aslida biotexnologiya sovuq urush davrida insonlarni o‘ldiruvchi qurol sifatida paydo bo‘lgan edi. Mamlakatlar bir-biriga insonlarning urug‘ini kesishga mo‘ljallangan GMO guruch, soya, jo‘xori va boshqa mahsulotlarni eksport qilar edi... (http://www.gq.ru/taste/social/67226_chem_opasen_gmo.php.)
Turkiyaning Xatay viloyati dehqonchilik ishlari mudiri Bestami Zabun iste’molchilar meva va sabzavotlarning katta va chiroylisini emas, asliyatini talab qilayotganini, endilikda fermerlar talab va takliflarga binoan genetik injeneriya aralashmagan mahsulotlar yetishtirishga e’tibor qarayotganini aytdi. Uning bu gaplarini o‘qib, o‘tgan yili Istanbulda bir oshpaz odam mening o‘zbekligimni eshitib, “O‘zbekistondan besh kilogina jo‘xori urug‘i olishim kerak-da, tomorqamga ekmoqchi edim, yaqinda keladigan odam yo‘qmi?” deb so‘ragani yodimga tushdi. “Nega? Bu yerda har qadamda jo‘xori-ku” degan edim. U “Bular yaxshi emas, amerikaniki” dedi.
Yevropa davlatlaridagi savdo rastalarida genetik o‘zgarishga uchragan mahsulotlarga o‘tgan asrdayoq maxsus yorliq yopishtirilgan. Xaridor ana shu yorliqqa qarab nima sotib olayotganini bilib oladi.
2008 yil Rossiya federatsiyasida ham tarkibida GMO bor mahsulotlarga maxsus yorliq yopishtirilishi haqida qonun qabul qilindi.
Mahsulotning qimmatrog‘i va ko‘rimsizrog‘i – tabiiysi, yaltirog‘i va arzonrog‘i – GMO. Xaridor ta’biga qarab olaveradi.
Damin JUMAQUL
O‘MI Matbuot xizmati
Davomi bor...
Iordaniya fatvo tashkiloti (Doiratul-ifto al-urduniyya) tomonidan savdo-sotiqda mahsulot qadog‘iga noto‘g‘ri ma’lumotlarni yozish va aslida yo‘q bo‘lgan xususiyatlarni da’vo qilishning hukmiga oid savolga oydinlik kiritildi. Unda ta’kidlanishicha, mazkur fatvo tashkilotiga quyidagicha savol kelib tushgan:
Savol: Biz bir mahsulot ishlab chiqarib sotamiz. Uning qadog‘iga kaloriya miqdorini “200 kkal atrofida” deb yozib qo‘ygan edik. Aslida esa uning kaloriyasi bundan ko‘proq. Biz shu holatida undan juda ko‘p miqdorda sotib yubordik. Shuni ham ta’kidlash kerakki, agar qadoqqa kaloriya miqdorini asl holicha ko‘proq qilib yozganimizda ham mahsulotning narxi o‘zgarmasdi. Shu qilgan ishimizning hukmi qanday bo‘ladi va endi nima qilishimiz kerak?
Ushbu savolga Iordaniya fatvo hay’ati ulamolari shunday javob berishgan:
“Javob: Allohga hamdlar bo‘lsin, Payg‘ambarimizga salovat va salomlar bo‘lsin!
Islom dinida savdo-sotiq va o‘zaro muomalalarda yolg‘on gapirish va aldash qat’iyan harom qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi:
وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ
«Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga ishonilgan omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir» (Mo‘minun surasi, 8-oyat).
Boshqa oyatda esa:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ
«Ey, iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar», deyilgan (Tavba surasi, 119-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ غَشَّنَا فَلَيْسَ مِنَّا (رواه مسلم)
«Kim bizni aldasa, bizdan emas» (Imom Muslim rivoyati).
Tovarga unda aslida yo‘q bo‘lgan sifatlarni nisbat berish (masalan, qadoqqa noto‘g‘ri ma’lumot yozish) yolg‘on va firibgarlik hisoblanadi. Arzimas dunyoviy manfaatlarni deb yolg‘on gapirish va aldashning haromligi hech kimga sir emas. Iordaniya Fatvo kengashining 101-sonli qarorida shunday deyiladi:
“Musulmon kishi xoh tojir bo‘lsin, xoh savdo vakili yoki boshqa vazifada bo‘lsin, barcha so‘zlarida rostgo‘y bo‘lishi, o‘zi reklama qilayotgan va sotayotgan har qanday mahsulot haqidagi haqiqatni doim ochiq bayon qilishi shart. Qanday holat bo‘lmasin, yolg‘on gapirish va odamlarni chalg‘itish haromdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlaridek: «Rostgo‘ylikni lozim tutinglar, chunki rostgo‘ylik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapiraversa va rostgo‘ylikni istashda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida «siddiqlardan» deb yoziladi. Sizlar yolg‘ondan hazir bo‘linglar, chunki yolg‘on fujurga boshlaydi. Fujur esa do‘zaxga boshlaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa va yolg‘onchilikni istashda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida «kazzoblardan» deb yoziladi» (Muttafaqun alayh). Va yana shunday deganlar: «Kim bizni aldasa, bizdan emas» (Imom Muslim rivoyati). Va yana: «Musulmon musulmonning birodaridir. Musulmon kishi o‘z birodariga biror aybli narsani sotsa, albatta, uni bayon qilishi shartdir» (Imom Ibn Moja rivoyati)”.
Savdo-sotiqda bilib-bilmay yolg‘on va firibgarlikka yo‘l qo‘ygan kishi zudlik bilan Alloh taologa chin dildan tavba qilishi vojibdir. Buning uchun darhol mazkur noto‘g‘ri ishni to‘xtatib, mahsulot qadog‘idagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni to‘g‘rilash, xaridorlarni bu holatdan xabardor qilish, bunday ishga qaytmaslikka qat’iy qaror qilish va qilgan ishiga pushaymon bo‘lib, Allohdan ko‘p mag‘firat so‘rash hamda yaxshi amallarni ko‘paytirish lozim bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, modomiki mahsulotning narxi undagi noto‘g‘ri ma’lumot sababli oshmagan ekan (ya’ni kaloriyasi boshqacha yozilganda ham narx bir xil bo‘lsa), foydaning qaysidir qismini ajratib tashlash talab etilmaydi. Chunki o‘rtada qaytarilishi kerak bo‘lgan farq yo‘q. Biroq, topilgan daromadni poklash va ko‘ngilni xotirjam qilish maqsadida yaxshilik yo‘llariga sadaqa qilib yuborish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib aytganda, sotilayotgan mahsulotda aslida yo‘q bo‘lgan sifatlarni bor deb da’vo qilish haromdir. Bu Islomda taqiqlangan yolg‘on va aldov sanaladi. Bunday ishga qo‘l urgan kimsa darhol chin tavbaga shoshilishi lozim, daromadni poklash uchun esa sadaqa qilishi maqsadga muvofi bo‘ladi. Vallohu a’lam”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi