Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

Yomg‘ir suvidan qanday qilib shifo topish mumkin?

21.02.2018   9088   5 min.
Yomg‘ir suvidan qanday qilib shifo topish mumkin?

Qur’oni karim va hadisi sharifda yomg‘ir suvi insonlarga va yer yuzidgai jamiki tirik mavjudotga shifobaxsh ne’mat ekani ta’kidlangan.

Qur’oni karimda Alloh taolo aytadi:

 وَهُوَ الَّذِي أَرْسَلَ الرِّيَاحَ بُشْرًا بَيْنَ يَدَيْ رَحْمَتِهِ وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً طَهُورًا.

U O‘z rahmati oldidan shamollarni xushxabar qilib yuborgan Zotdir. Va osmondan pok suv tushirdik” (Furqon surasining 48-oyati).

Yomg‘ir suvida cho‘milish sehr va ko‘zikkan odamga shifo bo‘ladi. Yomg‘ir suvining shaytonni haydashi Qur’oni karimning quyidagi oyatida bayon qilingan:

إِذْ يُغَشِّيكُمُ النُّعَاسَ أَمَنَةً مِّنْهُ وَيُنَزِّلُ عَلَيْكُم مِّنَ السَّمَاءِ مَاءً لِّيُطَهِّرَكُم بِهِ وَيُذْهِبَ عَنكُمْ رِجْزَ الشَّيْطَانِ وَلِيَرْبِطَ عَلَى قُلُوبِكُمْ وَيُثَبِّتَ بِهِ الْأَقْدَامَ.

Uning tarafidan xotirjamlik uchun sizlarni mudroq bostirgani, ustingizga osmondan suv (yomg‘ir) tushirib, u bilan sizlarni poklash, shaytonning vasvasasini sizlardan daf etish, dillaringizga (o‘zaro) aloqa paydo qilish va u bilan qadamlaringizni sobit (mustahkam) qilishni iroda etganini eslangiz! (Anfol surasining 11-oyati).

Shubhasiz, sehr va ko‘z tegishi shaytonning iflos ishlaridan biridir. Yomg‘ir suvi ana shu nopoklikdan bemor bo‘lib qolgan kishining shifo topishiga yordam beradi. Qur’oni karimda aytiladi:

 خَلَقَ السَّمَاوَاتِ بِغَيْرِ عَمَدٍ تَرَوْنَهَا وَأَلْقَى فِي الْأَرْضِ رَوَاسِيَ أَن تَمِيدَ بِكُمْ وَبَثَّ فِيهَا مِن كُلِّ دَابَّةٍ وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ

U, siz ko‘rib turganingizdek, osmonlarni ustunsiz yaratgan, sizlarni tebratmasligi uchun yer yuziga og‘ir tog‘larni tashlagan va (yer)da har turli jonivorlarni taratib qo‘ygan zotdir. Va osmondan suv tushirib, u bilan unda (yer yuzi) turli go‘zal va foydali juftlarni o‘stirib qo‘ydik. (Oyatda «o‘simliklarni o‘stirib qo‘ydik», deyilmasdan, «karamli (go‘zal va foydali) juftlarni o‘stirib qo‘ydik», deb aytilmoqda. Bu yerda, avvalo, o‘simliklardagi go‘zallik va foydaga ishora qilinyapti, qolaversa, ular juft bo‘lishi ham bildirib qo‘yilyapti. Allohning kitobida o‘n besh asr ilgari zikr etilgan bu haqiqatga ilm yaqindagina yetdi. Har bir o‘simlikda erkak va urg‘ochi xo‘jayralar bo‘lib, ular bir-biri bilan chatishgandagina meva hosil bo‘lishi endi tushunib yetildi. O‘simliklarni bunday qilib yaratishga faqat Alloh qodirdir)” (Luqmon surasining 10-oyati).

Muhammad sollallohu alayhi vsallamning sunnatlariga muvofiq yomg‘ir yoqqan vaqtda bajariladigan qator amallar bor:

  1. Yomg‘ir yog‘ayotganda quyidagi duoni o‘qish foydali:

اللَّهُمَّ صَيِّبًا نَافِعًا.

Yo Alloh, bu yomg‘irni bizga foydali qil.

Imom Buxoriy rahmatullohu alayh rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har safar yomg‘ir yoqqan vaqtda ushbu duoni o‘qiganlarini aytganlar.

  1. Yomg‘ir suviga cho‘milish foydali:

Anas  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida ekanimizda yomg‘ir yog‘ib bizni shalobbo qilib yubordi. u zot hatto yomg‘ir suvi yaxshiroq tegsin deya yelkalarini ochdilar. Nega bundan qilganlarining sababini so‘raganimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday javob berdilar: “Negaki, u (yomg‘ir) Alloh taologa yuzlanib qilingan iltijoga javob bo‘ladigan joyga yaqindir”  (Imom Muslim rivoyati).

Mufassir olim Abu Abbos al-Qurtubiy: “Alloh taolodan Rasuliga tushgan narsalardan yomg‘irni u inoyat va shifo o‘laroq qabul etdi, Buyuk Yaratuvchi yomg‘irni poklovchi, rahm-shafqat va inoyat manbai hamda uni barcha g‘am-qayg‘ularni bartaraf etishga sababchi qildi. Bundan ayon bo‘ladiki, biz yomg‘irni hurmat qilishimiz va unga ehtiyotkorona tarzda munosabatda bo‘lmog‘imiz kerakligi ayon bo‘ladi.   

Yomg‘ir yog‘ib turgan vaqt bu – Rabbimiz tushirgan inoyat vaqti va Alloh taologa qaysi makonda ko‘pchilik e’tiqod qilsa va ko‘p ibodat qilinsa, o‘sha yurtga muloyim yomg‘irlar yog‘adi. Hadisi sharifda: “Alloh taolo ikki holatda qilingan duoni qaytarmaydi: yomg‘ir yog‘ishidan oldin chaqmoq chaqqan vaqtda va namozga azon chaqirilgan choqda”, deya marhamat qilingan (Al-Hakim, At-Tabaroniy).

  1. Yomg‘ir kuchayib boraversa quyidagi duo o‘qiladi:

اللهم حوالينا ولا علينا، اللهم على الآكام والضراب وبطون الأودية ومنابت الشجر.

«Yo Alloh, yomg‘irni atrofimizga yog‘dir va ziyonimizga yog‘dirma. Tepaliklarga, tog‘larga, baland yerlarga va yaylovlarga yog‘dir”.

  1. Yomg‘ir tingan vaqtda Payg‘ambar alayhissalomning ushbu duosini o‘qish tavsiya qilinadi:

مطرنا بفضل الله ورحمته.

Biz Alloh taoloning fazlu marhamati ila yomg‘ir bilan mukofotlandik” (Imom Buxoriy rivoyati). 

Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston hojilarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

05.06.2025   8693   4 min.
O‘zbekiston hojilarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Bismillahir Rohmanir Rohim

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

 

Alloh taologa behisob shukrki, Sizning bevosita tashabbuslaringiz va sa’y-harakatlaringiz bilan haj amallarini yuqori saviyada tashkil etishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.

Bunday e’tibor va ehtiromni biz hojilar chin yurakdan his etib, yaratilgan barcha qulayliklar uchun Sizga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.

Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.

Biz, o‘zbekistonlik hojilar shunday fayzli kunlar uchun shukronalar aytib, Haq taolodan jonajon yurtimizga qut-baraka, aziz xalqimizga farovonlik va farzandlarimizga barkamollik so‘rab ezgu duolar qilmoqdamiz.

Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.

Alloh taoloning bayti joylashgan muqaddas zaminda – Mino, Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdamiz.

Sizni vaqt ajratib, muborak haj ziyorati uchun yaratilgan sharoitlar va salomatligimiz haqida so‘raganingiz hamda har kuni holimizdan xabardor bo‘lib turganingiz ibodat bilan yurgan biz hojilarni cheksiz darajada mamnun etdi.

Bunday e’tibor va ehtiromni Saudiya Arabistonining mutasaddilari ham yuqori baholab, Siz Janobi Oliylariga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.

Muborak maskanlarda har bir ziyoratchi Sizning g‘amxo‘rligingizni yurakdan his qilib, ko‘zlarida yosh bilan duolar qilayotganini alohida aytib o‘tmoqchiman.

Sizga aytadigan yana bir xabarimiz, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtimizning diniy soha vakillari hamda ziyoratchilari tomonidan mavsum davomida Qur’oni karim 10 ming marotaba xatm qilinib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.

Hurmatli Prezident, Siz yaratib bergan imkoniyatlardan ruhlanib, o‘zbekistonlik hojilar yurtga qaytganimizdan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Sizga ko‘makchi bo‘lmoqchimiz.

Siz boshchiligingizda yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimizning ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, kerak bo‘lsa dunyoni egallashi kabi masalalar eng ustuvor vazifaga aylandi.

Shunday ekan, biz hojilar yurtimizga qaytgach, quyidagi ishlarni amalga oshirmoqchimiz:

– ona-Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarga targ‘ib etish;

– kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilmni qadrlash va ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish;

– to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yoriylikka amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish;

– kiyinishda va muomalada oddiylik va kamtarinlikka amal qilish, dabdababozlik, isrofgarchilik, maishatbozlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishni targ‘ib qilish;

– yoshlarni muvaffaqiyatlarga faqat o‘qib-o‘rganib, ilm bilan erishish mumkinligini o‘rgatish;

– ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylarga doimo ehtirom ko‘rsatish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ko‘mak berish;

– mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;

– hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish;

– xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish.

Barcha hojilarimiz yurtimizga qaytgandan so‘ng ushbu tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga va’da beramiz.

Zero, jonajon Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz shonu shuhrati Siz aytganingizdek yoshlarimiz qo‘lidadir. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz.

Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:

“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,

Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.

 

 

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!

 

Biz, 15 ming hoji duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, olib borayotgan barcha ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rab iltijolar qilyapmiz.

Alloh taolo butun dunyo mo‘min-musulmonlariga Qurbon hayitini muborak aylasin, tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!

Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

 

Hurmat va kamoli ehtirom ila,

 

O‘zbekiston hojilari,

Makka shahri Arafot vodiysi,

2025 yil 5 iyun

Maqolalar