frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

23.02.2018 y. Oilada ayolning vazifasi

16.02.2018   14845   8 min.
23.02.2018 y. Oilada ayolning vazifasi

بسم الله الرحمن الرحيم

OILADA AYOLNING VAZIFASI 

Muhtaram jamoat! Alloh taolo butun insoniyatni yaratib, ularni ikki xil erkak va ayolga ajratdi. Yer yuzida tartib va intizom qaror topishini esa, aynan mazkur ikki jinsga bevosita bog‘ladi. Odam atoni yaratib, O‘z ishlarida chevar bo‘lgan Rabbimiz, yerda insoniyat uchun nima foydayu nima zarar ekanini bilgan holda unga Momo havoni juft qilib berdi. Alloh taolo erkak va ayolni umumiy ishlarda teng huquqlik qilib yaratgan bo‘lsa-da, ammo har biriga munosib bo‘lgan vazifalarda bir-biridan farqli qilib qo‘ydi. Jumladan, savobli ishlarda erkak va ayolga teng ajr berilishi xususida Qur’oni karimda shunday kelgan:

 

مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَجْرَهُمْ بِأَحْسَنِ

 مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ

 (سورة النحل/97).

ya’ni: “Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).

Alloh taolo ayollarga ona bo‘lishdek, sharafli va o‘ta og‘ir mas’uliyatni aynan ularga xoslab berdi. Shu bilan birga erkaklarni jismonan kuch talab qiluvchi ishlarga, jumladan, kasb qilib ahli oilasiga nafaqa berish hamda boshqaruv ishlarni ularning zimmasiga yuklab, erkaklarni ayollardan bu xusuda afzal qilib yaratgan. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:

 

وَلَهُنَّ مِثْلُ الَّذِي عَلَيْهِنَّ بِالْمَعْرُوفِ وَلِلرِّجَالِ عَلَيْهِنَّ دَرَجَةٌ وَاللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ

  (سورة البقرة/228).

ya’ni: “Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o‘z me’yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir. Ayollarga nisbatan erkaklarda bir daraja (ziyodalik) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir” (Baqara surasi, 228-oyat).

Rasululloh (s.a.v.) bir hadisi sharifda ayollarning vazifalari xususida quyidagicha marhamat qiladilar:

 

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ  0قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِذَا صَلَّتْ الْمَرْأَةُ خَمْسَهَا، وَصَامَتْ شَهْرَهَا، وَحَفِظَتْ فَرْجَهَا، وَأَطَاعَتْ زَوْجَهَا, قِيلَ لَهَا: ادْخُلِي مِنْ أَيِّ أَبْوَابِ الْجَنَّةِ شِئْتِ"

(رواه الإمام الطبراني في "المعجم الأوسط")

ya’ni: Abdurrahmon ibn Avf (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Rasuli akram (s.a.v.): “Qachonki xotin kishi besh (mahal) namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, nomusini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning xohlagan eshigidan kirgin!” – deb aytiladi”, - deganlar (Imom Tabaroniy “Mo‘jamul avsat”da rivoyat qilgan).  

         Muslima ayol eri oldidagi Islom dini ko‘rsatgan vazifalarni ado etmog‘i lozim bo‘ladi. Ular ichida eng muhimlari quyidagilar:

  1. Erining hurmatini joyiga qo‘yib, unga itoat qiladi.
  2. Ayol erining mol-mulkini muhofaza qiladi.
  3. O‘z go‘zalligini faqat o‘z eriga taqdim qiladi va o‘zini nomahram nigohlardan saqlaydi.
  4. Oilaviy sirlar hamda jinsiy munosabatlarni boshqalarga oshkor qilmaydi.
  5. Erini behudaga g‘azablantirmaydi.
  6. Barcha ishlarida eridan ruxsat oladi.

 

عَن أَبِي هُرَيرَةَ رَضِيَ اللهُ تَعَالَى عَنهُ قَالَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَا يَحِلُّ لِامْرَأةٍ أَنْ تَصُومَ وَ زَوجُهَا شَاهِدٌ إِلاَّ بِإِذنِهِ، وَلاَ تَأذَنَ فيِ بَيتِهِ إِلَّا بِإِذنِهِ"

(متفق عليه).

ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: «Ayol kishi uchun eri borida uning iznisiz nafl ro‘za tutishi va uning iznisiz uyiga birovni kiritishi halol emas» (Imom Buxoriy va Imom Muslim).

Boshqa bir hadisi sharifda esa Payg‘ambarimiz (s.a.v.):

 

عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ رضي الله عنها قَالَتْ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "أَيُّمَا امْرَأَةٍ مَاتَتْ، وَزَوْجُهَا عَنْهَا رَاضٍ، دَخَلَتْ الْجَنَّةَ"

(رواه الإمام الترمذي في سننه)

ya’ni: Ummu Salama (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: “Qaysi ayol eri undan rozi bo‘lgan holda vafot topsa, jannatga kiradi” (Imom Termiziy rivoyati).

O‘z navbatida erkaklar ham ayollarga g‘amxo‘rlik qilishlari lozim. Jumladan hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ الله عَنهُ قَالَ، قَالَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "دِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ فِي سَبِيلِ اللَّهِ، وَدِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ فِي رَقَبَةٍ، وَدِينَارٌ تَصَدَّقْتَ بِهِ عَلَى مِسْكِينٍ،  وَدِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ عَلَى أَهْلِكَ،  أَعْظَمُهَا أَجْرًا الَّذِي أَنْفَقْتَهُ عَلَى أَهْلِكَ"

(رواه الإمام مسلم)

ya’ni: Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: “Bir dinor Alloh yo‘lida infoq qilding. Bir dinor qul ozod qilish uchun infoq qilding. Bir dinor miskinga infoq qilding. Bir dinor o‘z ahlingga infoq qilding. Bularning ichida savobi ulug‘rog‘i o‘z ahlingga infoq qilganingdir”, - deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Ularga nafaqa qilish boshqa xayr-ehsonlardan ham ko‘ra afzalroq sanaladi. Erlar ham asossiz ravishda hali uni, hali buni ta’qiqlashga shoshilmasdan ularga shariat nuqtayi nazaridan kelib chiqib, yaxshi muomalada bo‘lishlari talab qilingan.

Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida bemor kishining namozi haqida suhbatlashamiz.

Namoz o‘ta ahamiyatli ibodat bo‘lganligi uchun uni bemorlik sababli ham tark qilib bo‘lmaydi. Shariatimizda bemor kimsalarning namozlari haqida alohida hukmlar mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir:

  • Agar bemorlik tufayli tik turib namoz o‘qish imkoni bo‘lmasa, (masalan, tik tursa bemorligi ziyoda bo‘ladigan bo‘lsa, yoki tik turganda shiddatli og‘riq bo‘lsa, yoki boshi aylansa) o‘tirgan holda ruku (ya’ni, ozgina egiladi) va sajda qilib (ya’ni, sog‘lom kishi sajdasi kabi sajda qilib) namoz o‘qiydi.
  • Agar o‘tirib namoz o‘qiyotgan bemor ruku va sajdaga (ya’ni, sog‘lom kishi sajdasi kabi sajda qilishga) qodir bo‘lmasa, boshi bilan imo-ishora qilib namoz o‘qiydi. Sajdaning imo-ishorasini rukudan pastroq qiladi. Sajda qilish uchun biror narsani yerdan yuqoriga ko‘tarib qo‘ymaydi. Qo‘llar ruku va sajda paytida tizza ustida turadi.
  • Agar o‘tirishga ham qodir bo‘lmasa, qiblaga yuzlangan holda, yonboshlab yoki chalqancha yotib namoz o‘qiydi. Ulamolar chalqancha yotib namoz o‘qishni afzal deganlar. Bunday holatda bosh bilan imo-ishora qilib o‘qiydi. Chalqancha yotganda oyog‘ini qiblaga qaratib, tizzalarining ostiga biror narsa qo‘yib, bir oz ko‘tarib qo‘yiladi. Shunda qiblaga oyog‘ini cho‘zmagan bo‘ladi. Boshining ostiga yostiq qo‘yib, yuzi qiblaga qaratiladi.
  • Agar bosh bilan imo-ishora qilishga ham qodir bo‘lmasa, qodir bo‘lgunga qadar namozni kechiktirib turadi va agar bu holatda bemorlik bir kecha-kunduzdan o‘tib ketsa, sog‘aygandan keyin o‘tgan vaqtdagi namozlarning qazosini o‘qimaydi.
  • Qosh yoki ko‘z bilan imo-ishora qilib namoz o‘qilmaydi.  (“Fatavoi Olamgiriya” kitobi).

Alloh taolo yurtimizdagi barcha fuqarolarni tinch-totuvlikda umrguzaronlik qilishlarini bardavom qilib, mushfiq ayollarimizni baxtimizga sog‘-omon qilsin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   34740   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari