Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Behayolikdan ajdod xotirasiga ehtirom afzal

14.02.2018   7195   6 min.
Behayolikdan ajdod xotirasiga ehtirom afzal

Jahon  bo‘ylab xalqlar o‘rtasidagi madaniyatlar qorishuvi yuqori cho‘qqiga chiqmoqda. Negaki, insonlarni turli xildagi yengil-yelpi turmush tarziga targ‘ibot qilish daromad topishning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanib ulgurdi.

Birgina misol, har yili 14 fevral kuni dunyo bo‘yicha 1 milliard donadan ortiq «valentinka» sotiladi. Ana shu otkritkalarning 85 foizini hissiyotlarga beriluvchan ayollar va yoshlar sotib olar ekan. Ushbu biznesga ilk bor 1847 yilda Ester Xaulen ismli ayol qo‘l urib, inglizcha namunadagi otkritkalar chop etishni yo‘lga qo‘yadi va tez orada boyib ketadi. «Valentinka» deb ataladigan otkritkalar o‘sha vaqtda Xaulenlar oilasiga yiliga 100 ming dollar atrofida daromad keltirardi. «Forbs» jurnalining yozishicha, dunyoning otkritka chop etuvchi eng yirik kompaniyalaridan biri «Xolmark» 2007 yilda insoniy tuyg‘ularni otkritkalarga joylab sotish orqali 4 milliard 400 million dollar ishlab olgan. 19 asrda AQSHda «valentinka»larning ommalashuvi har qanday bayramning tijorat, pul topish asosiga qurilishiga turtki berdi.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Avliyo Valentin kuni qanday bayram, nima uchun bu bayram bizning yoshlarga daxl qilishi kerak?

Avliyo Valentin – nasroniy cherkovi shahid deb tan olgan avliyoning ismidir. Rivoyatlarga ko‘ra, avliyo Valentinni miloddan avvalgi 296 yilda Rim imperatori Klavdiy II qatl etdirgan. 350 yilda esa uning xotirasiga bag‘ishlab, qatlgoh o‘rnida cherkov qurilgan.

Nasroniy e’tiqodiga ko‘ra, avliyo Valentin tinchligu sevgiga da’vat qilgan va shu sababli qatl qilingan. Shundan buyon ushbu majusiy bayrami Sevishganlar bayrami deb atalgan, avliyo Valentinning o‘zi esa sevishganlarga homiylik qiluvchi avliyo deb hurmatlangan.

Nasroniy cherkovi peshvolari bu an’ana yoshlarning axloqiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb topib, unga qarshi chiqqan. Xususan, Italiyada bu bayram man’ qilib qo‘yilgan, chunki u aynan Italiyada juda keng nishonlangan. Avliyo Valentin kuni Italiyada 18,19 asrlarga kelibgina qayta tiklangan. O‘sha choqdan boshlab g‘arb mamlakatlarida «Valentin kitoblari» – ishqiy she’rlar yozilgan kitobchalar sotila boshlangan. Bunday kitoblarda sevgi izhor qilish haqida maslahatlar ham bo‘lgan. Sevishganlar ishqiy maktublar yozishda shu kitobdan foydalangan.

Bundan bir necha asr oldin sevgi izhorlarini oshiq va ma’shuqalarning o‘zlari bitishi urf bo‘lgan. Bu endigina rivojlanishga yuz tutgan Poligrafiya sanoatida millionlab nusxada turli shakl va har xil izhorlar bitilgan otkritkalar chop etilib, ushbu sohaga istiqbol bag‘ishlagan.

Bu bayramga islomiy munosabatga kelsak, bu haqda al-Azhar Universitetining fiqh professori doktor Said Ibrohim Solih shunday deydi:

Islom – Allohga muhabbat, zuhd va taqvo dini, solih va haq ishlarda hamkorlik dinidir. Biz qodir Allohdan barchamizni O‘zining mutlaq rahmati soyasi ostiga olishini so‘rab iltijolar qilamiz. Alloh taolo Hujurot surasining 10-oyatida: «Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz», degan.

Shu o‘rinda aytish kerakki, sevgi-muhabbat, oila qurish – Alloh in’om etadigan ne’mat. Ammo uni sun’iy tashkil qilish mumkin emas. Agar shunday qilinsa, bu sevgi ham, muhabbat emas, balki nafsoniy hirslarga berilish, unga tobelik bo‘lib qoladi.

Darhaqiqat, Islom mo‘min-musulmonlarni boshqa dinlarni hurmat qilishga targ‘ib qiladi. Ammo «Avliyo Valentin kuni» hech qanday diniy asosga ega bo‘lmagan yangilik, ya’ni bid’atdir. Islom bunday bid’atlarni qoralaydi. Islom aqidasiga ko‘ra, musulmonlar bir-birlarini har doim yaxshi ko‘rmog‘i lozim. Islomda buning uchun yilning biror kunini tayinlab qo‘yish degan narsa yo‘q. Binobarin, musulmonlar «Valentin kuni» kabi bunday «yangiliklar» va irimlarga ergashishlari mumkin emas. Shubhasiz, bu «bayram» dinimizga yot bo‘lgan urf bo‘lib, u kishilarni haqiqiy sevgidan uzoq bo‘lgan, axloqsizlikka, hatto zinoga yaqinlashtiradi.

G‘arb olamida paydo bo‘lgan Avliyo Valentin kuni yoki “sevishganlar kuni” yurtimizga kirib keldi. Buning sababi texnika taraqqiyoti internet maydonidagi axborot almashinuvi dunyo xalqlarini urf-odatlarini bir-birlariga oshno qilib qo‘ydi. Natijada diniy va dunyoviy ilmlardan orqada qolgan yoshlar bu kabi g‘arbona urf odatlarga ergashmoqda.

14 fevral biz uchun shoh va shoir bobomiz Zahriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun sifatida ahamiyatli. Yoshlarni ajdodlarimiz namunasida tarbiyalashda Temurbek naslidan bo‘lgan Bobur Mirzoning hayot va ijod yo‘li katta ibrat maktabi hisoblanadi. U jismonan, ma’nan yetuk shaxs, katta ishlarga qodir davlat arbobi hamda buyuk sarkarda sifatida ehtiromga sazovordir. Ushbu kun har yili  mamlakatimizda keng nishonlanadi.

Alhamdulillah, iste’dodli, zamonaviy bilimga ega yoshlarimiz yaxshi an’anani yo‘lga qo‘ydi. Ya’ni ayni shu kuni O‘zbekiston yoshlari internet orqali Bobur tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan mavzu — #BoburDay, minglab izohlar berish yordamida jahondagi eng muhakama qilinadigan mavzulari, ya’ni "trendleri", qatoriga olib chiqmoqda.

Aslida yot illatlar mafkuraviy bo‘shliqlarni to‘ldiradi, g‘oyaviy jihatdan immuniteti mustahkam yerda razilliklar, yengil-yelpi qarashlar ildiz ota olmaydi. So‘nggi yillarda milliy qadryatlarimiz, o‘zligimizga yanada chuqurroq nazar solyapmiz, sof islom dini g‘oyalarini targ‘ib qilyapmiz. Ana shu kabi ezgu ishlar natijasida yoshlarimiz oq-qorani ajratib, milliy urf-odat va an’analarimizga ommaviy qaytmoqda.

14-fevralning Bobur tug‘ilgan kuni sifatida internet orqali targ‘ib qilinishi nafaqat yurtimiz yoshlari, balki qo‘shni davlatlar, boringki, Bobur bobomizning dong‘i yetgan, uning ijod na’munalaridan xabardor xalqlar yoshlari o‘rtasida ham Avliyo Valentinmas, balki Mirzo Bobur kuni sifatida ommalashsa ajab emas.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

M.Yo‘ldoshev

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otam o‘rgatgan uch amal

11.07.2025   2626   1 min.
Otam o‘rgatgan uch amal

Otam menga o‘rgatgan uchta ishni hech qachon unutmayman. Sizlarga ham ular haqida aytib bergim keldi.

Birinchisi, otam mening qo‘limdan tutib, yozishni o‘rgatardi. Men o‘qish va yozishni otamdan o‘rgandim. Hayotim mobaynida nimaiki yaxshi narsa o‘qisam, yozsam, uning savobidan otamga ham nasiba borib turadi, inshoalloh.

Ikkinchisi, otam tirnoqlarimni olib qo‘yar, menga bu ishning ahamiyati, tirnoq ostidagi mikroblarning zarari, xususan, ovqat paytidagi ziyoni haqida gapirib berardi. Biroz kattaroq bo‘lganimda tirnog‘imni o‘zim olishimni o‘rgatdi. Har tirnoq olganimda shularni eslab, haqiga duo qilib qo‘yaman.

Uchinchisi, otam nonushta qilmay uydan chiqishimga yo‘l qo‘ymasdi. Sog‘lom bo‘lishda ertalabki nonushtaning ahamiyatini keyin bilib oldim. Har nonushta qilganimda ham otamning haqqiga duo qilaman.

Ma’ruzalarimdan birida yig‘ilganlardan: «Farzandlaringizga har kuni qo‘llaydigan uchta ajoyib odatingiz bormi?» deb so‘radim. Bir ota dedi: «Ishga ketishimdan oldin ularni o‘pib qo‘yaman, asr namozini o‘qib bo‘lgach, ularing har biri uchun duo qilaman, uyquga yotishlaridan oldin ularni bag‘rimga bosaman».

Siz ham o‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, otangiz yoki onangiz siz uchun bajaradigan uchta eng yaxshi ishni eslay olasizmi? Yoki o‘zingiz bolangizga uchta yaxshi odatni o‘rgatyapsizmi?.. 

Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning

"FARZAND TARBIYASIDA 700 SABOQ" kitobidan

Ibratli hikoyalar