بسم الله الرحمن الرحيم
O‘Z JONIGA QASD QILISH – GUNOHI KABIRA
Muhtaram jamoat! Alloh taolo odamzotni azizu mukarram qilib yaratgan. Uning sha’nini ulug‘lab, yer yuzidagi barcha narsalarni uning manfaati uchun paydo qilgan. Insonning sha’niga, moliga, joniga nohaq tajovuz qilishni harom qilgan. Qur’oni karimda bunday deyiladi:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا
(سورة الإسراء/70).
ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi, 70-oyat). Islom dini ta’limotlarida, xususan, Qur’oni karim va hadisi shariflarning bir necha o‘rinlarida insonning o‘z joniga qasd qilishidan qat’iy qaytarilgan. Sobit ibn Zahhok (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar:
عَنْ ثَابِتِ بْنِ الضَّحَاكِ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "مَن قَتَلَ نَفسَهُ بِشَيء في الدُّنيَا عُذِّبَ بِهِ يَومَ القِيَامَةِ"
(رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Kim bu dunyoda o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda ham unga o‘sha narsa bilan azob beriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, Alloh taolo aziz qilgan insonning o‘z joniga qasd qilishi, o‘z qonini to‘kishi xuddi boshqalarning joniga qasd qilish kabi eng og‘ir gunoh sanaladi. Qur’oni karimda aytiladiki:
مَنْ قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَا أَحْيَا النَّاسَ جَمِيعًا
(سورة المائدة/32).
ya’ni: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat).
Boshqa oyati karimada Alloh taolo aytadi:
وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ ذَلِكُمْ وَصَّاكُمْ بِهِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ
(سورة الأنعام/151).
ya’ni: “Alloh taqiqlagan jonni nohaq qatl qilmangiz! Aql yuritishingiz uchun (Allohning) hukm qilgani shu(lar)dir” (An’om surasi, 151-oyat).
Muhtaram jamoat! Shu munosabat bilan afsus ila zikr qilib o‘tish lozimki, shu kunlarda ayrim viloyatlarda turli yo‘llar ila o‘z joniga qasd qilish voqealari ro‘y berib turibdi. Ayniqsa, bu hodisa ayollar va yoshlar o‘rtasida ko‘proq ro‘y berayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Islom shariatida o‘zini-o‘zi o‘ldirganlar haqida maxsus fatvolar berilgan.
Dinimizda nafaqat o‘zini qasddan o‘ldirish, balki ehtiyotsizlik tufayli hayotiga zomin bo‘lish ham qattiq qoralanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
عَنْ عَلِيِّ بْنِ شَيْبَانَ رضي الله عنه - قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ بَاتَ فَوْقَ بَيْتٍ لَيْسَ حَوْلَهُ شَيْءٌ يَرُدُّ قَدَمَيْهِ فَوَقَعَ فَمَاتَ فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَةُ وَمَنْ رَكِبَ الْبَحْرَ بَعْدَمَا يَرْتَجُّ فَمَاتَ فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَةُ"
(رواه الإمام الحاكم).
ya’ni: Ali ibn Shaybon r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Kim uyning atrofi o‘ralmagan tomi ustida tunasa va undan tushib ketib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas, kim dengizga mavjlanib turgan vaqtda chiqsa va cho‘kib o‘lsa, unga ham hech kim javobgar emas” (Imom Hokim rivoyati).
Ayni damda, Islom dinida o‘zini o‘zi o‘ldirishga olib keladigan, inson umriga zomin bo‘ladigan ishlarda hech kimga itoat etish lozim emasligi ta’kidlangan. Quyidagi rivoyat shunga dalolat qiladi:
عَنْ عَلِيٍّ رضي الله عنه قَالَ بَعَثَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم سَرِيَّةً وَاسْتَعْمَلَ عَلَيْهِمْ رَجُلاً مِنَ الْأَنْصَارِ قَالَ فَلَمَّا خَرَجُوا قَالَ وَجَدَ عَلَيْهِمْ فِيْ شَيْءٍ فَقَالَ قَالَ لَهُمْ أَلَيْسَ قَدْ أَمَرَكُمْ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم أَنْ تُطِيْعُونِيْ قَالَ قَالُوا بَلَى قَالَ فَقَالَ اِجْمَعُوا حَطَبًا ثُمَّ دَعَا بِنَارٍ فَأَضْرَمَهَا فِيْهِ ثُمَّ قَالَ عَزَمْتُ عَلَيْكُمْ لَتَدْخُلَنَّهَا قَالَ فَهَمَّ الْقَوْمُ أَنْ يَدْخُلُوهَا قَالَ فَقَالَ لَهُمْ شَابٌّ مِنْهُمْ إِنَّمَا فَرَرْتُمْ إِلَى رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم مِنَ النَّارِ فَلاَ تَعْجَلُوا حَتَّى تَلْقَوْا الْنَبِيَّ صلى الله عليه وسلم فَإِنْ أَمَرَكُمْ أَنْ تَدْخُلُوهَا فَادْخُلُوا قَالَ فَرَجَعُوا إِلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم فَأَخْبَرُوهُ فَقَالَ لَهُمْ: "لَوْ دَخَلْتُمُوهَا مَا خَرَجْتُمْ مِنْهَا أَبَدًا إِنَّمَا الطَّاعَةُ فِيْ الْمَعْرُوفِ"
(رواه الإمام احمد).
ya’ni: Ali (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh (s.a.v.) bir joyga qo‘shin yuborib, ularga ansorlardan birini rahbar etib tayinladilar. Yo‘lga chiqishgach, rahbar ularni sinamoqchi bo‘lib: Rasululloh (s.a.v.) sizlarni menga itoat etmog‘ingizga buyurganlar, shunday emas-mi? – dedi. Ular: Huddi shunday, deyishdi. Shunday ekan, o‘tin to‘planglar, dedi va olov keltirib, unga o‘t yoqdi, so‘ngra: mana shu otash ichiga kirishinglarga buyuraman, dedi. Ular otash ichiga kirishga shaylanib turganlarida oralaridan bir yigit: Rasulullohning huzurlariga aynan otashdan qochib kelgan edingiz-ku, bas shoshilmang, avval Payg‘ambar (s.a.v.)ning huzurlariga boring, agar otashga kirishingizga U zot ham buyursalar kirasizlar, dedi. Shundan keyin Payg‘ambar (s.a.v.)ning huzurlariga borib, bo‘lgan voqeaning xabarini berdilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Agar otashga kirganingizda undan abadiy chiqa olmas edingiz. Itoat faqat shariatga muvofiq ishlardadir”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati). Afsuski, bugungi kunda ba’zi adashganlar turli rahnamolarning buyruqlari va fatvolariga tayanib, o‘zlarini portlatib shirin jonlariga qasd qilishni halol sanamoqdalar. Yuqorida keltirilgan hadis, aynan mana shunday toifadagi kishilarning qilayotgan ishlari xato ekaniga yorqin dalil bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida sajdai sahv (ya’ni: unitish sajdasi) haqida suhbatlashamiz.
Sajdai sahv qilish vojib amallardan bo‘lib, namozdagi ma’lum bir tartib-qoida buzulgan paytda bajariladi. Sajdai sahv bilan qilingan xato tuzatilgan hisoblanadi. Sajdai sahv quyidagicha bo‘ladi: Oxirgi qa’dada tashahhud o‘qigandan keyin o‘ng tomonga salom beriladi, so‘ngra ikki marta sajda qilinadi, sajdadan qaytib tashahhud, salavot va duo o‘qiladi, so‘ngra ikki tarafga salom berib namoz tugatiladi.
Sajdai sahvni quyidagi hollarda bajarish vojib bo‘ladi:
Alloh taolo yurtimizni tinch va osoyishta saqlab, hayotimizni O‘zi rozi bo‘ladigan xayrli va savobli amallar bilan o‘tkazmog‘imizni barchalarimizga muvaffaq qilsin! Omin!
Xabaringiz bor, 2025 yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, hojilar, otinoyilar va mahalla faollari ishtirokida Xonqa tumanidagi «Sayid ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Xayrulla domla Abdullayev hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2025” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirokida tumandagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Mahalladagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda tumandagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati