Masjidul Haromdan keyingi eng mo‘tabar va tabarruk masjid “Masjidun Nabiy” jomei (Payg‘ambarimizning masjidi) Saudiya Arabistonining Madina shahrida joylashgan. Masjid o‘rnini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n dinorga sotib olganlar va masjid qurilishida sahobalarga bosh bo‘lib, shaxsan o‘zlari ishtirok etganlar. Masjid binosi xom g‘ishtdan, shifti xurmo shoxi, ustunlari esa xurmo yog‘ochidan bino qilingan. Yomg‘ir yog‘sa shiftdan suv o‘tib, sajda qilgan odamning peshonasi loy bo‘lar edi. Jome keyinchalik hazrat Umar va Usmon roziyallohu anhum hamda keyingi xalifa, podshohlar tomonidan bir necha bor ta’mirlanib, kengaytirilgan.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin olti yuz ellik yil mobaynida masjidning hech qanday gumbazi bo‘lmagan. Birinchi bo‘lib 1279 yili sulton Mamluk uni yog‘ochdan qurdirgan. Dastlab u binafsharang, keyinchalik oq va ko‘k ranglarda bo‘lgan. 1837 yil hozirgi yashil ko‘rinishga keltirildi.
Masjid qurilgan dastlabki yil uning uzunligi 35 metr, maydoni 1050 kv. metrni tashkil etgan bo‘lsa, hijratning yettinchi yiliga kelib masjid tomonlari 50 metr, maydoni esa taxminan 2475 kv.m bo‘lgan to‘rtburchak shaklga keldi. 1951 yil mamlakat rahbari Abdulaziz Oli Saud buyrug‘i bilan masjid kengaytirildi. 1955 yili oxiriga yetgan ta’mirlash ishlaridan keyin masjidning hududi 12271 kv.m.ga yetdi. 1984 yil podshoh Fahd ibn Abdulaziz tomonidan “Masjidun Nabaviy”ni yanada kengaytirish bo‘yicha birinchi g‘isht qo‘yildi.
Hozirda masjid yuz ming kvadrat kilometrli muhtasham maydonga aylangan bo‘lib, unda 1 milliondan ortiq musulmon namoz o‘qishi mumkin. Masjidning bir yuz besh metrli ikkita, yetmish besh metrli to‘rtta minorasi, 400dan ortiq ustuni, 6800 ta qandili, ziyoratchilarni quyoshning jazirama nurlaridan to‘sib turuvchi ochilib-yopiladigan katta soyabonlari majmuaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Kunduzi quyosh nuridan majmua qum rangida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrlari joylashgan hujra gumbazi esa yashil rangda tovlanadi.
Masjidga o‘zgacha ko‘rk baxsh etayotgan qubbasi hamda devorlariga Qur’on oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlari yozilgan.
Shuningdek, ushbu masjid Arabiston yarimorolida ilk bora elektr quvvati paydo bo‘lgan inshoot hisoblanadi. Usmonlilar hukmronligi davrida 1910 yilda ushbu masjidga chiroq o‘rnatilgan. Hatto turk sultoni saroyida ham elektr tarmog‘i bir necha yildan so‘ng paydo bo‘lgan.
“Masjidun Nabiy”da o‘qilgan namozning savobi ulug‘dir. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ushbu masjiddagi namoz undan boshqalardagi mingta namozdan afzaldir. Masjidul Harom bundan mustasno”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Har yili haj ibodatini ado etish uchun kelgan millionlab hojilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ziyorat qilish maqsadida ushbu masjidga ham tashrif buyurishadi. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim qabrimni ziyorat qilsa, unga shafoatim vojib bo‘lur”, deganlar (Imom Qozi Iyoz rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati