Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlari

09.02.2018   14586   3 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlari

Masjidul Haromdan keyingi eng mo‘tabar va tabarruk masjid “Masjidun Nabiy” jomei (Payg‘ambarimizning masjidi) Saudiya Arabistonining Madina shahrida joylashgan. Masjid o‘rnini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n dinorga sotib olganlar va masjid qurilishida sahobalarga bosh bo‘lib, shaxsan o‘zlari ishtirok etganlar. Masjid binosi xom g‘ishtdan, shifti xurmo shoxi, ustunlari esa xurmo yog‘ochidan bino qilingan. Yomg‘ir yog‘sa shiftdan suv o‘tib, sajda qilgan odamning peshonasi loy bo‘lar edi. Jome keyinchalik hazrat Umar va Usmon roziyallohu anhum hamda keyingi xalifa, podshohlar tomonidan bir necha bor ta’mirlanib, kengaytirilgan.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin olti yuz ellik yil mobaynida masjidning hech qanday gumbazi bo‘lmagan. Birinchi bo‘lib 1279 yili sulton Mamluk uni yog‘ochdan qurdirgan. Dastlab u binafsharang, keyinchalik oq va ko‘k ranglarda bo‘lgan. 1837 yil hozirgi yashil ko‘rinishga keltirildi. 

Masjid qurilgan dastlabki yil uning uzunligi 35 metr, maydoni 1050 kv. metrni tashkil etgan bo‘lsa, hijratning yettinchi yiliga kelib masjid tomonlari 50 metr, maydoni esa taxminan 2475 kv.m bo‘lgan to‘rtburchak shaklga keldi. 1951 yil mamlakat rahbari Abdulaziz Oli Saud buyrug‘i bilan masjid kengaytirildi. 1955 yili oxiriga yetgan ta’mirlash ishlaridan keyin masjidning hududi 12271 kv.m.ga yetdi. 1984 yil podshoh Fahd ibn Abdulaziz tomonidan  “Masjidun Nabaviy”ni yanada kengaytirish bo‘yicha birinchi g‘isht qo‘yildi.

Hozirda masjid yuz ming kvadrat kilometrli muhtasham maydonga aylangan bo‘lib, unda 1 milliondan ortiq musulmon namoz o‘qishi mumkin. Masjidning bir yuz besh metrli ikkita, yetmish besh metrli to‘rtta minorasi, 400dan ortiq ustuni, 6800 ta qandili, ziyoratchilarni quyoshning jazirama nurlaridan to‘sib turuvchi ochilib-yopiladigan katta soyabonlari majmuaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Kunduzi quyosh nuridan majmua qum rangida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrlari joylashgan hujra gumbazi esa yashil rangda tovlanadi.

Masjidga o‘zgacha ko‘rk baxsh etayotgan qubbasi hamda devorlariga Qur’on oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlari yozilgan.

Shuningdek, ushbu masjid Arabiston yarimorolida ilk bora elektr quvvati paydo bo‘lgan inshoot hisoblanadi. Usmonlilar hukmronligi davrida 1910 yilda ushbu masjidga chiroq o‘rnatilgan. Hatto turk sultoni saroyida ham elektr tarmog‘i bir necha yildan so‘ng paydo bo‘lgan.

“Masjidun Nabiy”da o‘qilgan namozning savobi ulug‘dir. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ushbu masjiddagi namoz undan boshqalardagi mingta namozdan afzaldir. Masjidul Harom bundan mustasno”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Har yili haj ibodatini ado etish uchun kelgan millionlab hojilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ziyorat qilish maqsadida ushbu masjidga ham tashrif buyurishadi. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:  Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim qabrimni ziyorat qilsa, unga shafoatim vojib bo‘lur”, deganlar (Imom Qozi Iyoz rivoyati).

                              

Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   29494   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV