Qiroat va tajvid ilmida shuhrat qozongan bu zotning to‘liq ismi Hofiz muhammad Shamsiddin ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Yusuf Jazariy Damashqiy bo‘lib, laqabi Abul Xayrdir.
Olim hijriy 751 (mil. 1350) yili ramazon oyining yigirma beshinchi kuni Damashq shahrida tug‘ilgan.
Hikoya qilinishicha, u kishining otasi qirq yil bola ko‘rmaydi. Ancha keksayib qolgach, 750 hijriy yili muborak haj safariga boradi. Ka’bani tavof qilib, Zamzam suvidan ichib, Alloh taolodan solih, olim farzand ato etishini so‘raydi. Bir yil o‘tmasdanoq o‘g‘il ko‘radi.
Muhammad Jazariy o‘n uch yoshida qur’oni karimni to‘la yod olib, o‘n to‘rt yoshida imomlik qila boshlaydi. O‘n yetti yoshga yetganida esa, Shayx Abul Maoliy ibn Labbon nazorati ostida qiroatlarni jamlab kitob qiladi. Yoshligidanoq zamonasining yetuk ulamolaridan qiroat bilan birga tafsir, hadis, fiqh, usulul fiqh, aqoid, balog‘at, sarf va nahv kabi ilmlardan saboq oladi. Bir necha marta Misrga safar qilib, qiroat imomlaridan saboq oladi, o‘zining qiroatini ham sinovdan o‘tkazadi.
Hijriy 774 yili shayxulislom Abu Fido Ismoil Ibn Kasir, 779 yili Shayx Ziyouddin, 785 yili shayxulislom Bulqiyniy Muhammad Jazariyga fatvo chiqarishga izn berishgan.
Muhammad Jazariy umaviy sultonlar barpo etgan jomeda qorilarga rais bo‘ladi va ko‘pchilikka qiroat ilmini o‘rgatadi. Damashqda “Dorul Qur’onil karim” nomli madrasa bino qiladi.
Hijriy 793 yildan boshlab shom (Suriya)da bir necha yil qozilik qiladi.
Alloma ilm olish va tarqatish niyatida ko‘p yurtlarga safar qiladi. Bir yili, haj ibodatini ado etgach, Hijozga borganida ba’zi kishilar Imom Jazariyga: “Bursa shahrida Qur’oni karimni o‘rganmoqchi bo‘lgan tolibi ilmlar bor, ular sizdan tahsil olishni orzu qilishadi. Lekin yoningizga kelib, ilm o‘rganish uchun yetarli mablag‘lari yo‘q”, deyishadi. Shunda ul zot: “Unday bo‘lsa, ularning oldiga men boraman”, deydi-da, hijriy 798 yili Jiddadan kemaga chiqib, Qohiraga yo‘l oladi. Qohiradan Iskandariyaga, undan O‘rta Yer dengizi orqali Antokiyaga yetib keladi va shu yerlik bir kishining uyida mehmon bo‘ladi. Imom Jazariydan Qur’on ilmlarini o‘rganishni orzu qilgan bursalik ilm tolibi olim Hijozda ekani xabarini olgach, shu tomon otlanib, Bursadan Antokiyaga keladi. Talaba xufton namoziga azon aytilgach, masjidga kiradi. Namoz tugab, odamlar tarqay boshlaydi. Shunda antokiyalik bir kishi uning musofir ekanini sezib, turar joyi bor-yo‘qligini so‘raydi. Talabadan boradigan yeri yo‘qligini eshitgach, uyiga olib borib mehmon qiladi. Kechki ovqat paytida: “Bugun yurtimizga Islomning buyuk ulamolaridan Muhammad ibn Jazariy keldi”, deydi mezbon. Bu gapni eshitgan ilm tolibi o‘rnidan sakrab turadi: “Allohga qasam, u zotni ko‘rmagunimcha uxlamayman!” Mezbon: “Bu kecha dam ol, ertaga ko‘rasan”, desa ham, baribir, ko‘nmay turib oladi. Shunda ikkovlari Imom Jazariy mehmon bo‘lib tushgan uyni so‘rab-surishtirib yo‘lga chiqishadi. Ilm tolibi olim bilan ko‘rishgach, yig‘lab yuboradi, sevinchidan terisiga sig‘maydi. Olim bo‘lgan voqeani eshitgach, mehri tovlanadi. Talaba Qur’oni karimni to‘laligicha yod olgach Antokiyada qoladi. Undan so‘ng Bursaga boradi va Boyazid ibn Usmon (Boyazid Yildirim) bilan uchrashadi. Boyazid ko‘rsatgan hurmat va ehtiromga javoban olim u yerda bir necha yil istiqomat qilib, mahalliy aholiga qiroat va hadis ilmidan ta’lim beradi. O‘sha yerda ikki jildli “An-nashr fi al-qiroatil ashr” nomli asar yozadi.
Hijriy 805 yili bobokalonimiz Amir Temur u zotni Rumdan Turkistonga boshlab keladi. Olimga Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahridan turar-joy hozirlab beriladi. Kesh va samarqandlik ilm toliblari u zotdan tahsil oladi. Amir Temur bu buyuk imomga doimo hurmat-ehtirom ko‘rsatib, ulug‘lagan.
Jazariy Amir Temur vafotidan so‘ng, hijriy 807 yili Movarounnahrni tark etib, hirotga ketadi. U yerda ham qiroatdan dars beradi. So‘ng bu ishni Yazdin va Isfahonda davom ettiradi. Hijriy 808 yili ramazon oyida Sheroz shahriga yetib keladi. Yurt sultoni Pir Muhammad olimni huzurida olib qolish maqsadida unga qozilik vazifasini topshiradi. Shu sababli Jazariy u yerda ham bir oz muddat turadi, so‘ng haj ibodatini ado etish niyatida Basra orqali yo‘lga chiqadi. Ikki dovon oshib, Unayza shahriga yetgach, Bani Lom sahroyilari u zotni tutib, bor narsalarini tortib olishadi. Unayzaga qaytib, u yerda qiroatga doir “Ad-Durra” nomli nazmiy asarini yozadi. Haj ibodatini ado etgach, bir muddat Makkada yashaydi. Madina, Qohira va Yamanga bir necha marta safar qiladi.
Imom Jazariy tafsir, hadis, fiqh, tarix va arab tili grammatikasi kabi turli fanlarga doir yetmishdan ortiq ilmiy asar tasnif etgan. Ular orasida “usulul qiroat”, “Al-bidoya fi ulumir rivoya”, “At-takrim fi al-umrat minat tan’im”, “muxtasaru tarix al-Islom”, “Minhojul vusul ila ilmal usul”, “Matnul Jazariyya” kabi asarlari ancha mashhur.
Qiroat ilmi olimi Muhammad Jazariy umrining oxirini Sherozda o‘tkazdi. U zot hijriy 833 yili rabiul avval oyining beshinchi kuni, juma tongida 82 yoshda dunyodan o‘tadi va o‘zi qurdirgan madrasa hovlisiga dafn etiladi. Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lib, rahmatiga olsin va yotgan joylarini yorug‘ qilsin!
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.
Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.
Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.
Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.
Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.
Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA