Sulaymon ibn Abdulmalik Madinaga borganida: “Bu shaharda sahobani ko‘rgan biror kishi qolganmi?” deb so‘radi. “Ha, bor, u Abu Hozim”, deyishdi. Xalifa uni chaqirib kelishni buyurdi. Abu Hozim huzuriga kelganida dabdurustdan unga:
– Ey Abu Hozim, bu qanday jafo?! – dedi o‘pka-gina ohangida.
Abu Hozim hayron bo‘lib:
– Mendan qanday jafo o‘tdi, ey amirul mo‘minin? – dedi.
Sulaymon ibn Abdumalik:
– Taniqli kishilarning hammasi huzurimga keldi, sen esa kelmading, – dedi.
– Allohga qasamki, meni taniganingga ikki kun bo‘lgan esa, men ham ilgari seni ko‘rmagan bo‘lsam, yana mendan qanday jafo ko‘rding?
Sulaymon Zuhriyga yuzlanib: “Shayx to‘g‘ri aytdi, men esa xato qildim”, dedi va gapni boshqa tomonga burdi:
– Ey Abu Hozim, bizga o‘zi nima bo‘ldi, nega o‘limni bunchalik yomon ko‘ramiz?
– Chunki bu dunyoingizni obod qilib, oxiratingizni xarob qilgansiz, obod joydan chiqib, xarobaga borishni xohlamaysiz-da.
– To‘g‘ri aytding, ey Abu Hozim, qani endi ertaga Allohning huzurida bizga nima bo‘lishini bilsam.
– Qilgan amalingni Allohning Kitobiga ro‘baro‘ qil.
– Uni Allohning Kitobidan qanday topaman?
– Alloh taolo aytadi: “Albatta yaxshilar (mo‘minlar) ne’mat (jannat)dadirlar. Fojirlar (kofirlar) esa do‘zaxdadirlar” (Infitor 13-14-oyat).
Sulaymon yana so‘radi:
– Allohning rahmati qayerda bo‘ladi?
– Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo‘rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A’rof, 56-oyat).
Sulaymon:
– Qani endi ertaga Allohga qanday yuzlanishimni bilsam? – dedi
Abu Hozim aytdi:
– Muhsin kishi go‘yo o‘z oilasidan uzoqda bo‘lib, so‘ng qaytib kelayotgandek mushtoq bo‘ladi, ammo gunohkor go‘yo o‘z xojasidan qochib ketishga intilayotgan kishidek bo‘ladi.
Sulaymonga bu gap ta’sir qilib, ho‘ngrab yubordi, yig‘isi kuchaydi, bir ozdan so‘ng:
– Ey Sulaymon, biz qanday qilib ahvolimizni isloh qilaylik? – dedi.
Abu Hozim maslahat berib dedi:
– Maqtanchoqlikdan voz kechasiz, teng taqsimlaysiz, hukm chiqarishda adolat bilan ish tutasiz.
– Buni qanday amalga oshiramiz?
– Haqdan olasiz va haqli joyga berasiz.
– Ey Abu Hozim, odamlarning eng afzali qaysi?
– Saxovatli va farosatli kishilar.
– Eng adolatli ish qaysi?
– O‘zing umidvor bo‘lib, qo‘rqib turgan kishi huzurida haq so‘zni aytishing.
– Eng tez qabul bo‘ladigan duo qaysi?
– Muhsinning muhsinga qilgan duosi.
– Ey afzal sadaqa qaysi?
– O‘zi faqir bo‘lgan kishining ojiz qolgan kishiga beminnatu beozor qilgan sadaqasi.
– Eng go‘zal inson kim?
– Allohning toatiga yetishgan, unga o‘zi amal qilib boshqalarni ham shunga undagan kishi.
– Odamlarning eng ahmog‘i qaysi?
– Zolim birodarining havoi nafsiga havas qilib, oxiratini dunyosiga almashtirgan kishi.
– Ey Abu Hozim, biz bilan hamroh bo‘lishni xohlaysanmi, bizdan senga nimadir tegardi, sendan ham bizga nimadir tegardi.
– Aslo.
– Nega?
– Men sizlarga arzimagan narsa uchun suyanib qolib, so‘ng Alloh menga hayot va o‘lim vaqtida ojizlik tashvishini tottirishidan qo‘rqaman, so‘ng bunda menga hech kim yordam berolmaydi.
– Ey Abu Hozim nima hojating bo‘lsa menga, ayt.
– Xo‘p, meni jannatga kirgiz, do‘zaxdan qutqarib ol!
– Bu ish qo‘limdan kelmaydi.
– Bundan boshqa hojatim yo‘q.
– Ey Abu Hozim, mening haqqimga Allohga duo qil!
– Allohim, agar Sulaymon Sening do‘stlaringdan bo‘lsa, unga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikka yetishishini oson qil, agar u dushmanlaringdan bo‘lsa, uni peshonasidan tutib, o‘zing yaxshi ko‘radigan va rozi bo‘ladigan yo‘lga burib qo‘y.
– Menga nasihat qil!
– Agar nasihatni oladiganlardan bo‘lsang, senga yetarli nasihat qilib bo‘ldim, agar nasihatni olmaydiganlardan bo‘lsang, ipsiz kamondan o‘q otishga urinishdan nima foyda.
– Ey Abu Hozim, bizning qilayotgan ishlar haqida nima deysan.
– Gapiraveraymi?
– Ha, balki bu bizga qiladigan nasihating bo‘ladi.
– Sening ota-bobong bu ishni mashvarat va kengash qilmasdan qilichning kuchi bilan tortib oldi, bu yo‘lda katta janglar va yurishlar qilishdi, ular nimalar degani va ularga nimalar deyilganini bilsang edi!..
Shunda Sulaymonning sheriklaridan biri turib Abu Hozimga qarata:
– Buncha yomon gaplar aytmasang!
Abu Hozim dedi:
– Ammo yolg‘on ayta olmayman! Alloh taolo olimlardan odamlarga (haqni) aytishga va uni yashirmaslikka ahdlashuv olgan.
Sulaymon dedi:
– Ey Abu Hozim! Nasihatingda davom et!
– Xo‘p, senga qisqacha nasihatim shuki, Alloh taolo seni shu ishga qo‘l urmasliging uchun undan qaytargan bo‘lsa-yu, uzoqlashib ketmasliging uchun seni bir ishga buyurgan bo‘lsa sen uni pokla va ulug‘la.
So‘ng Abu Hozim o‘rnidan turib, orqasiga qayrilganda Sulaymon:
– Ey Abu Hozim mana bu yuzni (pulga ishora qildi) olib qo‘y, senga mendan hadya, – dedi.
Abu Hozim pulni uloqtirib yuborib:
– Men bu pullarni senga ham ravo ko‘rmayman-ku, qanday qilib o‘z nafsimga ravo ko‘ray. Sen mendan hazillashib biror narsa so‘rasang, men uni senga berib yuborishimdan Alloh asrasin deyman.
Muso ibn Imron alayhissalom Madinaga kelganida: “Rabbim Sen menga tushiradigan har bir yaxshilikka muhtojman” (Qasos, 24), dedi. Bunda Muso alayhissalom Rabbisidan so‘radi, odamlardan emas. Bu gapni ikki ayol tushundi, lekin (atrofdagi) cho‘ponlar tushunmadi, u ikkovi otasi Shuayb alayhissalomning oldiga borganda bo‘lgan voqeani aytishdi. Shuayb alayhissalom: “Bu odam och bo‘lsa kerak”, dedi. So‘ng qizlaridan biriga borib uni chaqirib kelishni buyurdi, qiz oldiga borganda yuziga parda tutib: “Otam qo‘ylarimizni sug‘orib berganing uchun sening haqqingni berishi uchun chaqirmoqda”, dedi.
Muso alayhissalomga bu gap yoqmadi va uning ortidan borishni xohlamadi. Chunki u yer xavfli va yirtqich hayvonlar yuradigan joy edi.
Muso alayhissalom u bilan birga ketdi. U to‘ladan kelgan qiz edi. Shamol uning kiyimiga urilib, kiyimi goh ochilib, goh yopilib uning to‘laligini bildirardi. Muso alayhissalom:
– Ey Allohning joriyasi orqamga o‘tib ol, – dedi. Shu’ayb alayhissalomning huzuriga kelganda kechki taom tayyorlangan edi. Shuayb alayhissalom uni ovqatga taklif qildi.
Muso alayhissalom:
– Yemayman,- dedi.
– Och emasmisan?
– Ochman. Lekin men oxirat uchun qilingan amalni yer yuzi to‘la oltinga ham almashmaydigan oiladanman. Men bu taomni mana bu qizlarga sug‘orib berganim evaziga to‘lov bo‘lib qolishidan qo‘rqayapman.
Shuayb:
– Yo‘q, ey yigit. Mehmonga ziyofat berish va taom ulashish – bizning ota-bobolarimiz odati,– dedi
Muso alayhissalom o‘tirib, taomdan oldi, – dedi. Abu Hozim yana gapida davom etib:
– Agar shu yuz dinorni senga aytgan gaplarim evaziga berayotgan bo‘lsang, unda majbur bo‘lib yeyilgan cho‘chqaning qoni va go‘shti bu puldan ko‘ra halolroqdir, – dedi va – mabodo bu musulmonlarning molidan bo‘lsa, bu pulda menga o‘xshagan kishilarning haqqi bor, shunda ham agar men ular bilan teng bo‘lsam. Agar undan bo‘lmasa menga buning keragi yo‘q. Bani Isroilning amirlari ham olimlarining oldiga borishga rag‘bat qilardilar, shuning uchun hidoyatda va taqvoda edilar. Baxtiqaro bo‘lib, yuz o‘girib, Allohning nazaridan qolgach, butlar va shaytonga ishonadigan bo‘lib ketdilar, endi olimlari amirlarining oldiga boradigan bo‘lib ketdilar, ularning mol-dunyosiga sherik bo‘ldilar, ularning fitnalariga aralashib qoldilar, – deb gapini yakunladi.
Ibn Shihob:
– Ey Abu Hozim, meni nazarda tutyapsanmi yoki menga hayfsan bermoqchimisan? dedi
– Seni nazarda tutganim yo‘q, lekin mana shu eshitganing , – dedi Abu Hozim.
Sulaymon:
– Ey ibn Shihob, uni taniysanmi? – deb so‘radi.
Ibn Shihob:
– Ha, o‘ttiz yildan beri qo‘shnim, unga bir og‘iz ham gap gapirmaganman, – dedi.
Abu Hozim:
– Sen Allohni esdan chiqarding, meni ham unutding. Agar Allohni yaxshi ko‘rganingda meni ham yaxshi ko‘rarding , – dedi.
Ibn Shihobning avzoyi o‘zgarib:
– Meni haqorat qilayapsanmi? – deb so‘radi.
Xalifa oraga tushib:
– U seni haqorat qilgani yo‘q, lekin sen o‘zingni haqorat qilding, nima bilmaysanmi, qo‘shnining qo‘shnida xuddi qarindoshnikidek haqqi bor, – deb dashnom berdi.
Abu Hozim ketgach, Sulaymonning sheriklaridan biri: “Ey amirul-mo‘minin, hamma odamlar shu Abu Hozimga o‘xshashini xohlaysizmi?” deb so‘radi. U gapni qisqa qilib: “Yo‘q”, deb qo‘ydi.
Ulug‘bek tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati