Qalbni poklashda biz uchun asosiy manba Qur’oni karimdir. Qur’on qalbimizga aniq tashxis qo‘yadi, qalbni illatlardan xalos etadi, asl fitratiga mos holda yashashga undaydi. Qur’on eshitgan odamning dili orom oladi. Qur’on tilovati orqali dildagi shubha-gumonlar ariydi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qur’on o‘qish va eshitish turli yomon o‘y-xayollarni miyadan chiqarib tashlaydi, xotira pasayishining oldini oladi, insonni mushohada yuritishga o‘rgatadi, fikrini tiniqlashtiradi, aql-zakovatni o‘stiradi. Bu mo‘jizaviy Kalom e’tiqodimizni to‘g‘rilaydi, qalbimizni nurga to‘ldiradi, dilimizni ravshan qiladi, tasavvurimizni boyitadi, dunyoqarashimizni kengaytiradi.
Mana shunday Qur’oni karimning beqiyos sifatlarini yuragidan his etgan mo‘min-musulmonlarimiz shu kunlarda qorilar musobaqasi qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda hozir bo‘lishga intilishmoqda. Hech bo‘lmasa saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali Allohning kalomi qiroatidan bahramand bo‘lishmoqda.
Bugun Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida davom etayotgan qorilar musobaqasiga ham qalblarini ilohiy fayzga limmo-lim qilishni istagan kishilarimiz erta tongdan jamul-jam bo‘lib, jon quloqlari bilan xushxon hofizi Kalomullohning tilovatlarini tinglashmoqda. Siz ham farishtalar jam bo‘ladigan Qur’on majlisiga qo‘shiling.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.